O‘zbekiston muhim biologik xilma-xillik hududlarini tiklash va barqaror landshaftlarni rivojlantirish bo‘yicha innovatsion loyihani ishga tushirmoqda
26-November, 2025
2025-yil, 25 noyabr - Samarqand, O‘zbekiston. O‘zbekistonning qimmatli ekotizimlarni tiklash va ekologik barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatlari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (XTMI) bilan hamkorlikda Global ekologik fond (GEF) mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan GEF-8 “O‘zbekistonda yuqori qiymatli landshaftlarni saqlash va qayta tiklashni kompleks boshqarish(EcoLand)” loyihasini ishga tushirmoqda.
Mazkur loyihaning strategik yo’nalishi, asosiy komponentlari va kutilayotgan natijalarini ta’kidlash maqsadida ochilish marosimiga davlat idoralari vakillari, xalqaro tashkilotlar, tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassislar, fuqarolik jamiyati vakillari hamda OAV ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o'rinbosari Jusipbek Kazbekov, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) bosh direktori Gretel Agilar kirish so‘zlari bilan ochib berdi. Ular o‘z nutqlarida ekotizimlarni tiklash va landshaftlarni barqaror boshqarishni ilgari surishda milliy mas’uliyat va xalqaro hamkorlikning naqadar muhim ekanini ta’kidladilar.
Loyiha haqida
“EcoLand” loyihasining umumiy byudjeti 6,1 mln AQSH dollarini tashkil etib, u BMTTD tomonidan boshqariladi. Mazkur loyiha O‘zbekistonda uchta asosiy qimmatli landshaft klasterida ekotizimlarni tiklash va muhofaza qilish bo‘yicha innovatsion, kompleks yondashuvlarni keng ko‘lamda joriy etishga, shu orqali tub o‘zgarishlarni boshlab berishga qaratilgan.
Loyiha O‘zbekistonning eng qimmatli va xilma-xil tabiiy landshaftlarini aks ettiruvchi olti viloyat va o‘nta pilot tumanda amalga oshiriladi:
Toshkent viloyati: Parkent tumani, Ohangaron tumani
Surxondaryo viloyati: Boysun tumani, Sherobod tumani
Qashqadaryo viloyati: Dehqonobod tumani
Navoiy viloyati: Xatirchi tumani, Nurota tumani
Samarqand viloyati: Qo‘shrabot tumani, Payariq tumani
Jizzax viloyati: Forish tumani
Mazkur pilot hududlar yuqori darajadagi biologik xilma-xilligi, ekologik sezgirligi va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokiga asoslangan barqaror boshqaruv salohiyati inobatga olingan holda tanlab olingan.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov O‘zbekiston ekologik islohotlarga sodiq ekanligini ta’kidladi.“O‘zbekiston o‘zining qimmatli landshaftlarini tiklash va bioxilma-xillikni kelajak avlodlar uchun asrashga sodiqdir. Ushbu loyiha ekologik islohotlarimizning muhim bosqichi hisoblanadi”, — u.
BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii mamlakatning ekologik barqarorlik borasidagi o‘rni oshib borayotganini alohida qayd etdi: “O‘zbekiston boy bioxilma-xilligi va noyob ekotizimlarini himoya qilish hamda tiklash yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamoqda. BMTTD mamlakatning global bioxilma-xillik maqsadlariga sodiqligini qo‘llab-quvvatlayotganidan faxrlanadi. Davlat, fuqarolik jamiyati va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlari transformatsion natijalar berib, yosh avlod uchun yanada yashil kelajakni yaratadi”.
IUCN Bosh direktori Gretel Agilar esa tabiatni tiklash jarayonida ilm-fan va mahalliy hamjamiyatlar ishtiroki muhimligini qayd etdi. “IUCN O‘zbekistonning tabiatni qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarini kengaytirish, ilmiy bilimlarni integratsiya qilish va tabiatni muhofaza qilish jarayonidan ham atrof-muhit, ham mahalliy hamjamiyatlar manfaatdor bo‘lishini ta’minlashni qo‘llab-quvvatlayotganidan mamnun”.
GEF-8 Global ekotizimlarni tiklash bo‘yicha integratsiyalashgan dasturi doirasida loyiha ekotizimlarning degradatsiyasi va biologik xilma-xillikning yo‘qolishiga olib kelayotgan asosiy omillarni to‘rt o‘zaro bog‘liq komponent orqali bartaraf etadi. Bu komponentlar barqaror yer resurslarini boshqarish, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishini yumshatish va mahalliy hamjamiyatlarning inklyuziv ishtirokini o‘z ichiga oladi.
Ayollar, yoshlar va ehtiyojmand guruhlarning mazmunli ishtirokini ta’minlovchi ishtirokchi yondashuv asosida loyiha 1,3 million gektar maydonda yer resurslarini boshqarishni takomillashtiradi, ekotizimlarning barqarorligini oshiradi va tabiatni muhofaza qilishdan olinadigan foydalarga tengroq imkoniyat yaratadi.
Maqsadli ekotizimlar qishloq hududlaridagi mozaik landshaftlar – yuqori konservatsion qiymatga ega o‘rmonlar, quruq dasht yaylovlari va kichik fermer xo‘jaliklari hududlarini o‘z ichiga oladi. Loyiha manfaatdor tomonlarning keng doirasini jalb etgan holda integratsiyalashgan boshqaruv mexanizmlarini joriy etadi va tiklash ishlarini keng ko‘lamda barqaror davom ettirish uchun ozayib borayotgan biologik xilma-xillikni moliyalashtirish mexanizmlari kabi innovatsion moliyaviy vositalarni sinovdan o‘tkazadi.
Tadbirning asosiy jihatlari
Tadbir doirasida Ekologiya vazirligi va BMTTD o‘rtasida GEF mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilayotgan “O‘zbekistonda yuqori qiymatli landshaftlarni saqlash va qayta tiklashni kompleks boshqarish (EcoLand)” loyihasini hamkorlikda amalga oshirish bo‘yicha Hamkorlik bayonotini imzolash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.
Vazirlik taqdimotida O‘zbekistonning keng qamrovli ekologik islohotlar kun tartibi yuzasidan umumiy ma’lumot berildi, ekologik boshqaruvni kuchaytirish, degradatsiyaga uchragan landshaftlarni tiklash va biologik xilma-xillikning keskinlashgan nuqtalarini himoya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar ta’kidlandi. Shuningdek, yer va suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha erishilgan natijalar namoyish etildi va global ekologik maqsadlarga tezroq erishish uchun xalqaro hamkorlikni yanada kengaytirishga chaqirildi.
BMTTD taqdimoti EcoLand loyihasinining qanday amalga oshirilayotganini ko‘rsatib, ekotizimlarni tiklash va barqaror moliyalashtirishga doir innovatsion yondashuvlarni yoritdi. Ishtirokchilar muhim biologik xilma-xillik hududlarini tiklash, tabiiy resurslarga asoslangan turizmni rivojlantirish, mahalliy hamjamiyatlar boshchiligidagi va gender jihatlar hisobga olingan tashabbuslarni joriy etish kabi aniq amaliy chora-tadbirlar bilan tanishdilar. Taqdimot shuningdek, bioxilma-xillikni ijobiy qayd qilish tizimlari va uzoq muddatli barqarorlik hamda baholab bo’ladigan ekologik natijalarni ta’minlashga qaratilgan “yashil” investitsiya vositalaridan foydalanish ahamiyatini ta’kidladi.
OAV uchun bog‘lanish ma’lumotlari:
Otabek Eshmatov, GEF-8 loyihasining Jamoatchilik bilan aloqalar va bilimlarni boshqarish bo‘yicha mutaxassisi, BMTTDning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Otabek.eshmatov@undp.org