To‘siqlardan biznes sari: O‘zbekistonning ayol tadbirkorlarga bildirgan dadil ishonchi
24-December, 2025
Umida Karimova tikuvchilik ishini tashlab, Toshkent viloyatida o‘z biznesini boshlaganida, uning qanchalik yuksalishini kamdan-kam odam tasavvur qila olgan edi. Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturiga (WESP) qo‘shilganidan so’ng, uning birgina tikuv mashinasi ovozi tez orada o‘ttiztaga yetdi. Bugun u bilan yonma-yon ishlayotgan ayollar jamoasi shakllangan va Umida kelajakda bu jamoani yuzlab ayollarni qamrab oladigan darajaga yetkazishni orzu qiladi.
Umida O‘zbekiston iqtisodiyotini o‘zgartirayotgan, o’sib borayotgan kuchning bir qismi – u ayol tadbirkorlar safida. Bugun mamlakat bo‘ylab 2 milliondan ortiq ayol o‘z biznesini yuritmoqda, bu esa 2020-yilga nisbatan yetti barobar ko’p demakdir. Ularning faoliyati ish o‘rinlari yaratmoqda, innovatsiyalarni rag‘batlantirmoqda hamda yanada kuchliroq va inklyuziv hamjamiyatlar barpo etmoqda.
Bu raqamlar ortida qat’iyat, islohot va o’z g’oyasiga ega har bir ayol uni ro‘yobga chiqarishi uchun butun mamlakat boo’ylab qilingan sa’y-harakatlar hikoyasi yotibdi.
Biznesdagi ayollar uchun o‘zgarayotgan muhit
O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligining tez sur’atlar bilan o‘sishi ham shaxsiy ambitsiyalar, ham rivojlanayotgan institutsional qo‘llab-quvvatlashniaks ettiradi. Farg‘ona vodiysidan bo’lgan Dildora Olimova singari uy sharoitidagi mashg‘ulotlarini muvaffaqiyatli agrobiznesga aylantirgan ko’plab ayollar butun mamlakat bo‘ylab xonadonlar va ustaxonalarda sodir bo’layotgan sokin inqilobni namoyon etmoqdalar.
Shunday bo’lsada, yo‘l hali oson emas. Rasmiy biznes egalari va rahbarlari orasida ayollar hali ham kamligicha qolmoqda. Moliyalashtirish va mulkdan foydalanishning cheklanganligi, shuningdek, parvarish va oilaviy mas’uliyatlarning teng taqsimlanmaganligi kundalik voqelikni shakllantirishda davom etmoqda. Yaqinda BMT Taraqquyot Dasturi tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, ayol tadbirkorlarning deyarli yarmi oilaviy majburiyatlar bilan kasbiy maqsadlarni uyg‘unlashtirishda qiynaladi - bu esa ko‘pincha hatto moliyaviy yoki huquqiy cheklovlardan ham ustun keladi.
Aynan shu yerda Hamroh, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda O’zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida amalga oshirilayotgan Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) –muhim rol o‘ynaydi.
WESP: Tadbirkor ayollar uchun milliy harakat
2024-yilda tashkil etilgan Hamroh tashkiloti ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga va ularga imkoniyatlar yaratishga qaratilgan O’zbekistonningyetakchi milliy institut bo’lib hisoblanadi.
O’z nomiga mos ravishda (hamroh, yo’ldosh) Hamroh ayollarga tadbirkorlik yo‘lining har bir bosqichida hamrohlik qilishni maqsad qilgan. Hamroh ularga, ayniqsa qishloq joylarda,mentorlik, treninglar va imtiyozli moliyaviy resurslarga kirishni ta’minlash orqali tizimli to‘siqlarni yengib o‘tishga yordam beradi. Shuningdek, mahalliy va xalqaro yetakchi mutaxassislardan bepul, yuqori darajadagi biznes maslahatlarini taklif etiladi.
Milliy islohotlar natijasida yuzaga kelgan imkoniyatlarni e’tirof etgan holda, Hamroh Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) bilan hamkorlik qilib, Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturini (WESP) ishga tushirish orqali o’z ta'sirini kengaytirdi.
Taraqqiyot yo‘lida hamkorlik: BMTTDning global tajribasi
BMTTDning ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tajribasi dunyoning turli mintaqalarini qamrab oladi. Vetnamdan Afrikagacha bo‘lgan tajriba shuni ko‘rsatadiki: ayollar moliyaviy mustaqillikka erishsa, butun jamiyat rivojlanadi. Global miqyosda BMTTD 2030 yilga borib Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM) butun dunyo bo’ylab kompaniyalar va investorlarni yo‘naltirgan holda, 1 trillion AQSh dollarigacha xususiy kapitalni safarbar etishiniva inklyiziv, yashil iqtisodiyotni rivojlantirishini taxmin qilmoqda. 2016–2023 yillar oralig’ida BMTTD 170 mamlakatda xususiy sektor rivojlanishi va tarkibiy o‘zgarishlarni qo’llab-quvvatlovchi 801 ta loyihani amalga oshirdi, ularning umumiy byudjeti 3,4 mlrd AQSh dollarini tashkil etdi. Endi esa, xuddi shu sur’at O‘zbekistonni ham qayta shakllantirmoqda.
Ushbu xalqaro tajriba endi O’zbekiston ehtiyojlariga moslashtirilmoqda. BMTTD “Savdoga ko‘maklashish” tashabbusi (Aid for Trade, 2018–2024) kabi boshqa dasturlar orqali Markaziy Osiyoda 2,500 dan ortiq ayol tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatladi, bu esa 1000 ta yangi ish o‘rinlari yaratishga va unumdorlikni 20 foizga oshirishga yordam berdi. Namanganlik Ruzigul Anorqulova singari bu ayollarning aksariyati an’anaviy oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlashni eksportga tayyor mahsulotlarga aylantirib, mintaqaviy va Yevropa xaridorlari bilan yangi shartnomalar tuzdilar.
“Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish inklyuziv o‘sish va barqaror rivojlanishning markazida turadi”, - dedi, BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii. “Hamroh bilan qo‘shma modelimiz Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlarida ham joriy etilishi mumkin”.
WESP dasturi: Salohiyatni kuchga aylantirish
Butun O‘zbekiston bo‘ylab sokin, ammo kuchli o‘zgarish yuz bermoqda. WESP orqali ayollar o‘z g‘oyalarini muvaffaqiyatli bizneslarga aylantirmoqdalar.
WESP dasturini ajratib turadigan narsa uning yaxlit yondashuvidir: ayollar nafaqat treninglarda ishtirok etishadi, balki mentorlar, tarmoqlar va moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo’ladilar, bu esa - barqaror muvaffaqiyat uchun to‘liq vositalar majmuasidir.
Trenerlarni tayyorlash (ToT) tashabbusining o’ziyoq mamlakatning har bir hududida ayollarga o’z bilimlarini yetkazayotgan mahalliy mutaxassislarning yangi avlodini shakllantormoqda. WESP tomonidan o’qitilgan ushbu trenerlar endi boshqalarga yakkama-yakka yo’l-yo’riq ko’rsatib, ularga biznes-rejalarini aniqlashtirishda, moliyaviy mablag’larni boshqarishda va ishonch bilan o’sishda yordam bermoqdalar.
Networking (aloqalar o’rnatish) - bu yana bir o’zgarishdir. Sentyabr oyida Coca-Cola Uzbekistan ko'magida WESP tadbirkorlari guruhi WorldFood Istanbul 2025 ko'rgazmasida o’z mahsulotlarini namoyish etdilar. Ko'pchilik uchun bu xalqaro distribyutorlar bilan aloqa o’rnatish va eksport imkoniyatlarini o’rganish bo’yicha birinchi tajriba bo'ldi - bu esa mahalliy intilishlar global miqyosga chiqishi mumkinligining yaqqol isbotidir.
Shuningdek, WESP doirasidagi ayol tadbirkorlar delegatsiyasi 8-9 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan kreativ iqtisodiyot bo’yicha “Rossiya Xalqaro Ijodiy Mavsumlari” xalqaro konferensiyasida O‘zbekistonni munosib namoyon etdi. Konferensiyada WESP ishtirokchilari konferensiya sessiyalari davomida o’z mahsulotlarini taqdim etdilar, eksport imkoniyatlarini o’rganib chiqdilar va yangi hamkorlik aloqalarini o'rnatdilar.
Moliyalashtirish masalasi ko‘pincha eng murakkab to‘siq bo‘lib kelgan. Ko’pgina ayollar hali ham mulkni meros qilib ololmaydigan yoki kreditga osongina erisha olmaydigan holatda Hamrohning ushbu resurslardan strategik foydalanishda yordam beradigan bepul ekspert maslahatlari bolan mustahkamlangan maxsus moliyaviy yechimlari mustaqillikka eshiklarni ochdi.Yuzlab ayollar uchun bu qo’llab-quvvatlash orzu va haqiqiy biznes o‘rtasidagi ko‘prik bo’lib xizmat qildi.
Markaziy Osiyo uchun yangi moliyalashtirish modeli
Hamroh tomonidan joriy etilgan moliyalashtirish mexanizmi - Markaziy Osiyoda birinchi bo’lib - yirik tijorat banklari orqali ayollarga imtiyozli foizlar va uzaytirilgan imtiyozli davr bilan kreditlar taqdim etadi. Bu allaqachon hunarmandchilik va tikuvchilikdan tortib ekologik toza qadoqlash va xizmatlar sohasigacha bo‘lgan ko‘plab bizneslarni rasmiylashtirish imkonini berdi.
Hamrohning moliyaviy mexanizmi bilan uyg‘unlashgan holda, WESP ayollarni umr bo‘yi asqotadigan ko‘nikmalar va biznes salohiyati bilan ta’minlaydi - natijada har bir kredit barqaror o‘sishga qaratilgan investitsiyaga aylanadi.
Hamroh modeli orqali ayol tadbirkorlarga:
- Har biri kamida besh nafar ayolga ustozlik qilgan 1000 nafar ayol mentorlar uchun 50 mln so‘mgacha grantlarajratiladi;
- Kuchli kredit tarixiga ega ayollar uchun 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar taqdim etiladi.
“Kredit menga zamonaviy jihozlarni sotib olishga yordam berdi, ammo treninglar undan ham qadrli bo‘ldi”, deya qo'shimcha qildi Namangan viloyatidan mevali bog’ egasi Aziza Mirzanazarova. “Endi men hisob-kitoblarni boshqarishim, mijozlar jalb qilishim, va hatto boshqalarga ham buni o‘rgatishim mumkin”.
Kelajakka nazar: Ayollar yuksalganda, millatlar taraqqiy etadi
Qoraqalpog‘istonda Gulnar Akilbekova o’z biznesini atigi uch kilogramm un va bir hovuch umid bilan qo‘shnilari uchun an’anaviy non yopishdan boshlagan edi. WESP ko‘magida u novvoyxonasini kengaytirdi va endi boshqalarga ham shunday qilishda ustozlik qilmoqda.
“Hech qachon intilishdan to‘xtamang”, deydi u. “Qiyinchiliklar sayohatning bir qismidir - diqqatingizni jamlang va oldinga intiling”.
Gulnar Akilbekovaning hikoyasi butun mamlakat bo‘ylab imkoniyatlarni kutmaydigan, balki ularni o’zlari yaratadigan minglab ayollarning hikoyasini aks ettiradi. Shunga o‘xshash muvaffaqiyat hikoyalari mintaqa bo‘ylab ham kuzatilmoqda. Markaziy Osiyoda tadbirkorlikka yo‘naltirilgan tashabbuslar bozorlarga kirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlovchi choralar bilan uyg‘unlashganda eng katta samara berayotgani isbotlandi: Tojikistonda “Get Ahead” dasturi 100 nafar ayolni biznesni rejalashtirish, marketing va narx belgilash bo‘yicha o’qitdi, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda esa transchegaraviy savdo bo‘yicha treninglar ayollarga GLOBAL G.A.P. sertifikatsiyasi orqali xalqaro sifat standartlariga moslashishga yordam berdi.
Davomli investitsiyalar, hamkorlik va qo‘llab-quvvatlash bilan O‘zbekistonning ayol tadbirkorlarga qo‘ygan ishonchi nafaqat alohida hayotlarni, balki butun millatning iqtisodiy kelajagini o‘zgartirmoqda. Ayollar yuksalganda, ular o’zlari bilan birga millatni ham yuksaltiradilar - va O‘zbekiston buni amalda isbotlamoqda.