Mas’uliyat, birdamlik va natija: “Novshahar” mahallasining yangi taraqqiyot bosqichi

27-November, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Surxondaryo viloyatining Angor tumanidagi “Novshahar” mahallasi bundan bir necha yil avval boshqacha edi. Ko‘chalarda chang, ayrim hududlarda ichimlik suvi cheklangan, elektr ta’minoti barqaror emas. Aholi bu muammolarga ko‘nikkan, ammo ko‘nikish yechim emas edi.

Shu pallada mahalla raisi Erkin Gapparov bir tamoyilga tayanib ish boshladi “Muammo bor bo‘lsa, uni hal qilish kerak”. U mahallaning rivoji uchun shunchaki reja emas, aniq mexanizm va kun tartibini yaratdi.

Photograph of a man presenting, pointing to a projected slide beside blue banners.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

“Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihamiz doirasida tashkil qilingan o‘quv dasturlarimiz Erkin Gapparov uchun yangi bosqich boshlanishiga zamin yaratdi. Treninglar davomida ishtirokchilarga jamoani safarbar etish, muammolarni tahlil qilish va ustuvor yo‘nalishlarni belgilash bilan birga, Mahallani Rivojlantirish Rejasini tuzish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatdik. Ushbu reja mahallaning real ehtiyojlari va aholining ovoziga tayangan holda, muammolarga tizimli yechim topish imkonini beradi.

Erkin Gapparov o‘rgangan bilimlarning ahamiyatini shunday ta’kidlaydi: 

“Mahallani Rivojlantirish Rejasi yordamida har bir qaror endi mahalla aholisi ehtiyojlariga asoslanadi. Bu menga muammolarni tizimli yondashuv bilan hal qilish va jamoa bilan birgalikda mahallani barqaror rivojlantirish imkonini berdi”. 

Uyma-uy suhbatlar, so‘rovnomalar, umumiy yig‘ilishlar orqali mahalla uchun 1 yillik amaliy rejalar ishlab chiqildi. Bu jarayon faqat ma’lumot yig‘ish emas, balki aholining haqiqiy fikrini eshitish va uni rejaning markaziga qo‘yish imkonini berdi. Har bir xonadonga kirilganda oilalarning kundalik hayoti, duch kelayotgan qiyinchiliklari va o‘zgarishdan kutayotgan umidlari o‘rganildi. 

Erkin Gapparov dastlab loyiha doirasida tashkil etilgan Tashabbuskor guruh a’zolaridan biri sifatida faoliyat boshlagan. U o‘z jamoasi bilan aholi bilan muloqot olib borib, mahalladagi dolzarb muammolarga birgalikda yechim izlashni yo‘lga qo‘ydi. Biz tashkil etgan treninglar uning faoliyatida burilish nuqtasi bo‘ldi. Shu tajriba orqali u jamoani safarbar etish, tizimli rejalashtirish va natijaga yo‘naltirilgan yondashuvni o‘rgandi.

“Treninglarda olgan bilimlarim menga odamlar bilan samarali ishlash, ularning fikrini eshitish va harakatni bir yo‘nalishda boshqarish imkonini berdi,” — deydi u.

Aynan shu tajribalar va aholining ishonchi tufayli Erkin Gapparov “Novshahar” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi etib saylandi. Bugun u Mahallani Rivojlantirish Rejasi asosida aniq va tizimli o‘zgarishlarni amalga oshirib, jamoaning ishonchini oqlamoqda.

“BMTTD ko‘magisiz bu natijalarga erishish qiyin bo‘lardi. Tashabbuskor guruh, treninglar va bilim almashinuvi biz barchamizga yo‘l ko‘rsatdi. Eng muhimi, bu jarayon odamlarni birlashtirdi”, — dedi Erkin Gapparov.

Photograph of a construction site with a yellow excavator digging a trench and workers nearby.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Bugungi kunda “Novshahar”da sezilarli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Asosiy ko‘chalar asfaltlanib, qishda loy, yozda chang muammosi bartaraf etildi. Piyodalar yo‘laklari barpo etilib, bolalar va aholining xavfsiz harakati ta’minlandi. Eski yog‘och ustunlar o‘rniga temir va beton tayanchlar o‘rnatilib, elektr ta’minoti yanada barqarorlashdi. Mahalladagi bolalar bog‘chasi ta’mirlanib, qo‘shimcha guruhlar ochildi va natijada navbatlar qisqardi. Bu ishlar oddiy ta’mir emas, mahallaning ertangi kuni uchun mustahkam infratuzilma yaratish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Hozirgi vaqtda Erkin Gapparov jamoasi bilan birga mahallaning navbatdagi muhim vazifalarini boshlab bo‘lgan. Rejalarga ko‘ra, loyiha doirasida11 kilometr yangi elektr tarmog‘i tortiladi, 3 ta artizan qudug‘i qazilib, 10,5 kilometr ichimlik suvi liniyasi yotqiziladi. Shuningdek, Taraqqiyot va Maxtumquli ko‘chalarini bog‘lovchi ko‘prik rekonstruksiya qilinadi. Bu orqali hududdagi harakat yanada qulay va xavfsiz bo‘ladi.

Ushbu dastur bajarilishi kerak bo‘lgan ishlar ro‘yxati emas, balki mahallaning kelajagi uchun aniq reja. Muhokamalar boshlangan, texnik jarayonlar davom etmoqda, eng asosiysi jamoa o‘z kuchi va natijaga ishonmoqda.

“Novshahar” bugun shunchaki yangilanayotgan hudud emas, bu yerda hamjihatlik, mas’uliyat va jamoaviy qarorlar madaniyati shakllanmoqda. Fuqarolar o‘z mahallasini rivojlantirish jarayonining faol ishtirokchisiga aylanib, har bir o‘zgarishning markazida turibdi.

“Mahalla bu faqat yashaydigan joy emas, u bizning uyimizdan ham katta uyimizdir. Agar u tartibli, farovon va uyg‘un bo‘lsa, demak biz to‘g‘ri yo‘ldamiz”, - suhbatini yakunladi Erkin Gapparov.

***

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan Islom taraqqiyot bankining moliyaviya ko‘magida amalga oshirilayotgan “Qishloq joylarni kompleks rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.