Sevimli mashg‘ulot biznesga aylanganida: Namanganlik Qanoatning hikoyasi

An’anaviy hunarmandchilik BMT Tarqqiyot Dasturi ko‘magi bilan qanday qilib oilaviy biznesga aylandi

18-November, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Bolalikdan kelgan ilhom

Qanoat Nuritdinova Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidan. U yoshligidanoq hunarmandchilik an’analari: zardo‘zlik, kashtachilik va to‘qimachilik bilan o‘ralgan edi. Bu hunarlarni u onasidan o‘rgandi va uzoq vaqt davomida hunarmandchilik oilaviy turmushning bir qismi va milliy madaniyatni asrash usuli bo‘lib keldi.

Biroq, viloyatlardagi ko‘plab ayollar kabi, Qanoat ham sevimli mashg‘ulotini qanday qilib daromad manbaiga va barqaror biznesga aylantirish mumkin, degan savolga duch keldi. U O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan "Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish - V bosqich" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etilgan dasturda qatnashib, bu savolga javob topdi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Trening ishtirokchisidan tadbirkorga

Loyiha doirasida BMTTD ayollar va yoshlarning tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan bir qator treninglar tashkil etdi. Qanoat uchun bu burilish nuqtasi bo‘ldi.

"Bu mashg‘ulotlar mening dunyoqarashimni o‘zgartirdi. Hunarim shunchaki sevimli mashg‘ulot emas, balki biznesni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish va boshqa ayollarni ilhomlantirish imkoniyati ekanligini tushunib yetdim," - deb eslaydi Qanoat.

U o‘z mahsulotlariga nafaqat mahalliy yarmarkalarda, balki mintaqadan tashqarida ham talab bo‘lishi mumkinligini ko‘rdi, ayniqsa an’anaviy texnikalarni sifat va xavfsizlikka zamonaviy yondashuvlar bilan uyg‘unlashtirilsa.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

An’analar orqali innovatsiyalar

Bolalar uchun rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar va to‘qimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish Qanoat biznesining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Uning uchun mahsulotning xavfsiz, ekologik toza va zamonaviy bozor talablariga javob berishi nihoyatda muhim edi.

Ko‘rgazmalarda ishtirok etish biznesni rivojlantirishda hal qiluvchi rol o‘ynadi. Ulardan birida Qanoat mutaxassislar bilan bolalar o‘yinchoqlarini ishlab chiqarishda ekologik toza va xavfsiz materiallarni qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qildi. Ushbu tavsiyalar unga ishlab chiqarish jarayoniga yangicha qarash va mahsulot sifatini oshirishga yordam berdi, bu esa xaridorlarning qiziqishini oshirdi va uning brendiga bo‘lgan ishonchni mustahkamladi.

Qo‘lda yasalgan o‘yinchoqlar, yostiqlar, bezak qo‘g‘irchoqlar va boshqa buyumlar nafaqat uy-ro‘zg‘or ashyolari, balki madaniy meros tashuvchilariga ham aylandi. Har bir buyumda bugungi kunda kundalik hayotdan asta-sekin yo‘qolib borayotgan an’anaviy kashtachilik elementlari saqlanib qolgan.

Man in a black shirt stands beside a white embroidery machine on patterned wallpaper.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Oilaviy biznes - kuch manbai

Korxonaning muvaffaqiyati oilaning qo‘llab-quvvatlashisiz mumkin emas. Bugungi kunda Qanoatning biznesi - bu haqiqiy oilaviy korxona bo‘lib, unda har bir a’zo o‘z hissasini qo‘shadi. Qanoatning onasi katta pedagogik tajribaga ega bo‘lib, bolalarning ehtiyojlarini aniqlashga yordam beradi, bu ayniqsa rivojlantiruvchi o‘yinchoqlar yaratishda muhimdir. Otasi ijodiy dizayn jarayonini qo‘llab-quvvatlab, yangi mahsulotlarni tasvirlash va eskizlarini tayyorlashda ishtirok etadi. Chet tillarini biladigan o‘g‘li yangi uskunalarni o‘zlashtirishga va zamonaviy tendensiyalarni kuzatib borishga ko‘maklashadi.

Shunday qilib, hunarmandchilik avlodlarni birlashtiruvchi va kelajak uchun yangi istiqbollarni ochadigan oilaviy korxonaga aylandi. Qanoat uchun bu shunchaki biznes emas - bu mintaqaning boshqa qizlariga milliy an’analar zamonaviy muvaffaqiyatning asosi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatish usulidir.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Qiyinchiliklar va kelgusidagi rejalar

Ko‘plab kichik korxonalar singari, Qanoatning biznesi ham bir qator qiyinchiliklarga duch kelmoqda. Qo‘lda yasalgan bitta buyumni tayyorlash besh kungacha vaqt olishi mumkin, bu esa ishlab chiqarish ko‘lamini cheklaydi.

Biroq, loyiha doirasida amalga oshirilayotgan Mentorlik dasturida ishtirok etish oldinga tashlangan muhim qadam bo‘ldi. Qanoat grant tanlovida g‘olib bo‘ldi va zamonaviy uskunalar - tikuv va kashtado‘zlik mashinalari, shuningdek, ishlab chiqarish jarayonini optimallashtirish uchun qo‘shimcha vositalar oldi.

Ushbu yordam mahsulotlarni tayyorlash vaqtini sezilarli darajada qisqartirish, unumdorlikni oshirish va shu bilan birga qo‘l mehnatining noyobligi va sifatini saqlab qolish imkonini beradi.

Keyingi bosqichda Qanoat Namangan mahsulotlari nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro bozorda ham mavjud bo‘lishi uchun sotuv bozorlarini kengaytirish va o‘z mahsulotlarini onlayn platformalar orqali ilgari surishni maqsad qilgan.

BMT Taraqqiyot Dasturining roli

O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi va BMT Taraqqiyot dasturining Finlyandiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan "Markaziy Osiyoda savdoni rivojlantirishga ko‘maklashish - V bosqich" qo‘shma loyihasi Qanoat biznesining rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi, unga sevimli mashg‘ulotidan barqaror oilaviy korxonaga o‘tish yo‘lini bosib o‘tishga yordam berdi. Treninglarda ishtirok etish tadbirkorlik ko‘nikmalari va biznes tafakkurini shakllantirish, shuningdek, ekspertlar, dizaynerlar va potensial investorlar bilan aloqalarni o‘rnatish imkonini berdi.

Mentorlik dasturi doirasida grant olish alohida ahamiyatga ega bo‘ldi: zamonaviy uskunalar - tikuv va kashtado‘zlik mashinalari ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va qo‘l mehnati vaqtini optimallashtirish uchun asosiy vositaga aylandi. Yangi kasbiy aloqalar va mutaxassislarning qo‘llab-quvvatlashi Qanoatga biznes kelajagiga ishonch bag‘ishladi, mahsulot sifatini yaxshilashga va uni zamonaviy standartlarga yanada moslashtirshga yordam berdi.

 

Qanoat Nuritdinovaning hikoyasi o‘zgarish, ilhom va kuch tarixidir. U an’anaviy hunarmandchilik nafaqat madaniy merosning bir qismi, balki innovatsiyalar va iqtisodiy o‘sishning ham harakatlantiruvchi kuchi bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi.

An’analarga muhabbatni, sifatga e’tiborni va rivojlanishga intilishni uyg‘unlashtirgan holda, Qanoat sevimli mashg‘ulotini barqaror va ijtimoiy ahamiyatga ega biznesga aylantirdi. BMTTDning qo‘llab-quvvatlashi unga bu yo‘lni bosib o‘tishda yordam berdi va yangi maqsadlarga ilhomlantirdi - milliy an’analarni asrash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish va hududlarning barqaror taraqqiyotiga hissa qo‘shish.