BMTTD va Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi Orolbo‘yi hududida iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi bo‘yicha muvofiqlashtirish seminarini o‘tkazdi
26-June, 2025
Toshkent, O‘zbekiston – 2025-yil 5-iyun – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) O‘zbekistonda Iqtisodiy Tadqiqotlar va Islohotlar Markazi (CERR) bilan hamkorlikda bugun Toshkentda iqlimga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligi, qiymat zanjiri va qishloq aholisi turmush darajasi bo‘yicha Orolbo‘yi hududidagi strategik yondashuvlarni muhokama qilish va tasdiqlash maqsadida seminar o‘tkazdi.
Mazkur seminar BMT Taraqqiyot Dasturi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan birgalikda amalga oshirilayotgan “Yer resurslaridan foydalanish va qishloq xo‘jaligi sohasida iqlim ambitsiyasini milliy belgilangan hissalar (NDC) va milliy moslashuv rejalariga (NAP) asoslanib kengaytirish” (SCALA) dasturi doirasida tashkil etildi. Tashabbus Germaniyaning Federal Atrof-muhit, iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslarni muhofaza qilish va yadroviy xavfsizlik vazirligi (BMUKN) tomonidan Xalqaro Iqlim Tashabbusi (IKI) orqali moliyalashtirilmoqda.
Seminarda ilmiy dalillarga asoslangan tahlillar va strategik tavsiyalar taqdim etildi. Bu tavsiyalar O‘zbekistonda, xususan iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligidan eng ko‘p aziyat chekayotgan Orolbo‘yi hududida, iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga xizmat qiladi. Tadqiqot 10 ta tuman bo‘yicha o‘tkazilgan keng qamrovli dala so‘rovlari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, fermerlarning fikrlari, ishlab chiqarishdagi muammolar va iqlimga mos qishloq xo‘jaligi amaliyotlarini joriy etish imkoniyatlarini aks ettirgan.
Tadbirda 20 dan ortiq ishtirokchilar, jumladan, davlat organlari, mahalliy hokimiyat vakillari, xalqaro rivojlanish hamkorlari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tijorat banklari va fermerlar uyushmalari vakillari qatnashdi. Muhokamalar barqaror suv resurslarini boshqarish, tuproq sho‘rlanishi, ekin turlari xilma-xilligi, qiymat zanjiri rivoji va iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi tizimlarini qo‘llab-quvvatlash kabi asosiy masalalar atrofida kechdi. Shuningdek, xususiy sektor ishtirokini kuchaytirish yo‘llari ham ko‘rib chiqildi.
“Bugungi tadbir Orolbo‘yi hududida iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini ilgari surishda inklyuziv muloqot va ma’lumotlarga asoslangan rejalashtirish naqadar muhimligini ko‘rsatadi,”— dedi BMT Taraqqiyot Dasturi vakili.
Seminarda iqlimga moslashuvchan istiqbolli ekinlar – masalan, kunjut, mosh, qizilmiya ildizi va uzum – xususiy sektor uchun sarmoya yo‘nalishlari sifatida taqdim etildi. Shuningdek, qishloq aholisi turmush tarzini yaxshilash, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ekologik barqarorlikni oshirishga qaratilgan siyosiy variantlar muhokama qilindi.
Bildirilgan xulosalar va tavsiyalar qishloq xo‘jaligi rivojlanish siyosatni ishlab chiqish va investitsiya ustuvorliklarini belgilashda asos bo‘lib xizmat qiladi hamda O‘zbekistonning Barqaror Rivojlanish Maqsadlari va xalqaro iqlim majburiyatlari bilan uyg‘unlashadi.
SCALA dasturi doirasida O‘zbekiston iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligini rivojlantirish borasida davlat va xususiy sektorlar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan Maxsus xususiy sektor ishtirokini rag‘batlantirish mexanizmi orqali maqsadli ko‘mak oldi. Ushbu tashabbus kunjut va mosh kabi istiqbolli ekinlarni aniqlashga yordam berdi hamda Orolbo‘yi hududida moslashuv choralarini moliyalashtirish uchun xususiy sektorni jalb etish strategiyalarini ishlab chiqishga xizmat qildi.
SCALA dasturining O‘zbekistondagi faoliyati haqida batafsil ma’lumot olish uchun quyidagi havolaga o‘ting: https://www.adaptation-undp.org/projects/scala-uzbekistan