Muallif: Ikhtiyor Abdurakhmanov
"Katta yo‘llar"ga yo‘l ochgan loyiha: Saodat Shermatovaning hikoyasi
5-March, 2025

Saodat Shermatova ish vaqtida
O‘zbekiston yo‘llarida ayol avtobus haydovchilarining paydo bo‘lishi shunchaki yangilik emas, balki jamiyatdagi katta o‘zgarishlardan dalolatdir. Bir paytlar ayollar uchun avtobus haydash cheklangan, ularga faqat kichik sig‘imli transport vositalarini boshqarishgagina ruxsat etilgan edi. Lekin har qanday cheklovlarga qaramay, orzularidan qaytmagan, matonat bilan harakat qilgan insonlar bor.
Qahramonimiz Saodat Shermatova shunday insonlar qatoridan. U bolaligidan avtomobillarga mehr qo‘ygan, tezlik, yo‘llar, rulni boshqarish unga kutilmagan hayajon baxsh etadi. Bu qiziqishi uni avtobus haydovchisi bo‘lish sari boshladi.
Avtobus haydash — nafaqat rulni boshqarish, balki yo‘lovchilarning taqdiriga ham javobgarlik degani. Saodat bu ishni tong sahardan mas’uliyat bilan boshlaydi. To‘g‘ri, boshida unga oson bo‘lmagan. Haydovchi ayolni ko‘rgan yo‘lovchilarning ko‘pchiligi hayratga tushar, ba’zilar esa shubha bilan qarashardi. Ammo vaqt o‘tib, ularning qarashlari iliqlashdi.
Shahar ko‘chalaridan o‘zi boshqarayotgan elektrobusda suzib borar ekan, Saodat hayotini o‘zgartirgan lahzalarni esga oladi. Bir kuni unga "Toshshahartransxizmat"dan qo‘ng‘iroq qilishdi. Bu taklif uning hayotida burilish yasadi. Avtobus boshqarish bo‘yicha maxsus o‘quv kurslaridan o‘tib, imtihon topshirdi. Bir necha oy ichida u nafaqat avtobus haydash texnikasini, balki yo‘lovchilar bilan qanday muomala qilish kerakligini, avariya holatlarida qanday yo‘l tutishni ham o‘rgandi.
Shu tariqa, Saodat ilk bor yo‘lovchilar bilan yo‘lga chiqdi.
— “Avtobus boshqarish menga orzu edi. Hozir odamlarga xizmat qilayotganimdan baxtliman. Ba’zi yo‘lovchilar oldimga kelib, menga rahmat aytib ketishadi. Ba’zilari qoyil qoladi va qo‘llari bilan “Super” deb ketishadi”,— deydi qahramonimiz faxr bilan.

Saodat Shermatova ish vaqtida
O‘zbekiston hukumati BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda hamda Global Ekologik Fond moliyaviy ko‘magida "Toshkent — kam uglerodli transportga investitsiyalar jalb etish" loyihasini yo‘lga qo‘ydi. Asosiy maqsadlardan biri shahar transportini modernizatsiya qilish, ekologik toza avtobuslarni joriy etish va, eng muhimi, gender inklyuziv strategiyani ishlab chiqish edi.
O‘rganish natijasida ma’lum bo‘ldiki, yirik avtobus saroylarida ishlovchi ayollar soni juda kam, haydovchi yoki texnik lavozimlar esa deyarli faqat erkaklar tomonidan egallangan. Buning asosiy sababi — 2018-yilda qabul qilingan qonun bo‘lib, unga ko‘ra ayollar faqat kichik sig‘imli transport vositalarini boshqarishi mumkin edi. Bu esa gender tenglik tamoyillariga zid kelardi. Shu sababli loyiha doirasida qonunga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha ishlar boshlandi.
Saodat bu jarayonning bir qismi bo‘ldi. Uning orzusi, mehnati, jasorati, o‘xshash taqdirga ega bo‘lgan ayollarning hikoyalari nihoyat ovoz topdi. Hukumat bu masalani qayta ko‘rib chiqib, 2024-yil 12-fevralda muhim qaror qabul qildi. Endilikda ayollar yirik avtobuslarni, hatto yuk mashinalarini ham haydash huquqiga ega bo‘ldi.
Saodat avtobus haydashni nafaqat sevardi, balki u bilan yashardi. Ba’zan bir kun yo‘lda bo‘lmasa, avtobus boshqarishni sog‘inib qolardi. Uning haydovchilikka bo‘lgan ishtiyoqi faqat o‘zi uchun emas edi.
— “Agar bir kun kelib, biror ayol menga kelib, "Men ham avtobus haydashni xohlayman!" desa, albatta, men unga yordam beraman. Men bu maqsadimga nafaqat o’zim uchun, balki boshqa ayollar uchun ham harakat qildim. Endi boshqa ayollarda ham huddi shunday imkoniyat bor!”,— deydi Saodat.
Haqiqatan ham, Saodatning orzusi boshqalarga ham ilhom bag‘ishladi. Endi haydovchilik maktablariga kirayotgan ayollar soni ortdi. Ular jamiyatning "faqat erkaklar qiladigan ish" degan tushunchalarini yo‘q qilmoqdalar.
Yo‘llar, harakat, rul, tezlik — bular shunchaki tashqi manzaralar emas. Ular inson hayotining ajralmas qismidir. Ayollar ham bu yo‘llarda o‘z izlarini qoldirishga haqli.
Saodat orzularining chegarasi yo‘qligini anglab yetdi. Avtobus haydash orzusi amalga oshdi, endi esa yuragining tub-tubida boshqa bir orzu uyg‘onmoqda edi — bir kun kelib katta yo‘nalishli shaharlararo avtobuslarni yoki ehtimol, hatto poyezdni boshqarish!
Hayot yo‘llari cheksiz, orzular esa intilish bo‘lsa, albatta, amalga oshadi.
O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining Global Ekologik Fondning moliyaviy komagidagi “Toshkent-kam uglerodli transportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri elektrobuslar parkini joriy etish hamda yashil shahar transport yo‘laklarini yaratishda institutsional bazani takomillashtirishga ko‘maklashish va elektromobillik bo‘yicha gender-inklyuziv strategiyani qabul qilishdan iborat. Shuningdek, loyihada elektrobuslarni ekspluatatsiyasida ayollarning ishtirokini ta’minlash hamda ayollarni elektrobus haydovchisi sifatida ishga qabul qilish uchun sharoit yaratib berish ko‘zda tutilgan.