Muallif: Ma’mur Qudratov
An’anaviy hunardan zamonaviy texnologiyalarga: Farima Muradining ilhomlantiruvchi hikoyasi
11-March, 2025

Dastlab faoliyatini tikuvchilikdan boshlab, hozirgi kunda o‘z kasbini IT bilan rivojlantirayotgan Farima Muradining hikoyasi
Bugungi kunda IT hayotimizning ajralmas bir qismiga aylanib ulgurdi. Undan to‘g‘ri va oqilona foydalanayotgan tadbirkor va kasb egalari o‘z mahsulotlarini sotishda ulkan imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ayniqsa, an’anaviy kasblarni raqamli muhit bilan uyg‘unlashtirish orqali yanada samarali natijalarga erishish mumkin. Hikoyamiz qahramoni Farima Muradining faoliyati esa, kasb-hunar va zamonaviy texnologiyalar uyg‘unligi orqali muvaffaqiyatga erishishning yaqqol misolidir.
Qiziqishdan boshlangan professionallik
Afg‘onistonning Mozori-Sharif shahrida tug‘ilgan Farima bolalikdan tikuvchilikka qiziqadi. U birinchi marta tikishni boshlaganida 15 yoshda edi. Afg‘onistonda yashagan vaqtida bir yildan ortiq tikuvchilik kurslariga qatnab, bu an’anaviy hunarni o‘zlashtirishga harakat qilgan.
U Surxondaryoning Termiz shahriga ko‘chib o‘tgach ham bu hunar chuqurroq o‘rganishda davom etdi. Termizga ko‘chib kelganidan yarim yil o‘tib, BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan tashkil etilgan va Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan "Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish va kasbiy tayyorlash bo‘yicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish" loyihasi yordamida 3 oylik tikuvchilik kurslarida tahsil oldi.

Ta’lim jarayoni va amaliyot
Loyiha doirasida tashkil etilgan kurslarda ta’lim olib, Farima ilgari bilmagan ko‘plab yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirdi.
“Birgina misol, men oldin o‘qigan joyimda standart bo‘yicha hech nima o‘rgatishmagan. Bu yerda esa o‘lcham olish, standartlarga muvofiq tikish kabi asosiy qoidalarni o‘zlashtirdim. Bu menga professional tikuvchi bo‘lish yo‘lida zarur ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam bermoqda”.
Farima dastlab o‘qish davomida uyda buyurtma olib tikishni boshlagan. Lekin tikuv mashinasi bo‘lmaganligi sababli Afg‘on fuqarolarini o‘qitish markaziga materialni olib kelib, ustozlari yordamida buyurtmalarni bitirib, o‘z mijozlariga topshirgan.
O‘quv markazini muvaffaqiyatli tamomlagandan so‘ng, Farima o‘z ustida ishlashda davom etdi. U yanada professional tajriba orttirish niyatida 15 nafar qiz mehnat qiladigan mahalliy tikuv sexiga ishga kirdi.
“Tikuv sexida tikuvchilik standartlarini eng ko‘p biladigani men edim. Shu sababli menga ish yuki ham juda katta edi. Ish haqi esa qilayotgan mehnatimga mutlaqo mos kelmasdi. Shuning uchun u yerdan ketishga majbur bo‘ldim”, - eslaydi Farima.
Farima o‘zining 5 kishilik jamoasi bilan kichik tikuv sexini ochishga qaror qildi va biznesini yo‘lga qo‘yish uchun mini grantlar tanlovida qatnashdi. Ular birgalikda 1000 AQSh dollari miqdoridagi grantni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritishdi. Faoliyatni boshlashda asosiy muammo mablag‘ va zarur jihozlarni topish edi. Xom ashyo va texnik vositalarni xarid qilish oson bo‘lmadi, lekin ular bor imkoniyatlarini ishga solib, tikuv sexi faoliyatini yo‘lga qo‘yishdi.
Farimaning dastlabki qiyinchiliklari mablag‘ bilan bog‘liq bo‘ldi. Xom ashyolarning barchasi naqd pulga olinadigan va chetdan keltiriladigan narsalar edi.

“Pulning bir qismini ijaraga, bir qismini tikuv mashinasiga, bir qismini kerakli jihozlarga sarfladik. Ishni yo‘lga qo‘ydik va natijalarimizni BMT namoyish etdik. Ochig‘i mehmonlar kam mablag‘ bilan ishni yaxshi yo‘lga qo‘yganimizni ko‘rib hayron qolishdi.” - deydi Farima.
Ichki bozordan eksportgacha
Farima hozir ham Termiz shahrida o‘tkazilayotgan seminar va tadbirlarda faol ishtirok etadi. Ayniqsa “Tadbirkor ayol” mavzusidagi seminarlar unga katta motivatsiya va biznes yuritish bo‘yicha foydali bilimlar berdi.
“Ishimiz ko‘p bo‘lishiga qaramasdan albatta seminarlarga borardik. Chunki har bir seminarda biznes vakillari ishtirok etishardi. Kimdir chiqib o‘zi haqida, qilayotgan ishlari, mahsulotlarini eksport qilishlari haqida gapirib berganida menda ham xuddi shunaqa eksport qilish istagi paydo bo‘lardi va men bu ishga qo‘l urishga qaror qildim”.
Seminarlarda biznes yuritadigan ayollar o‘z tajribalari, qilgan xatolari va biznesdagi yutuqlari haqida, qanday qilib kam sarmoya bilan daromadni oshirganlari, eksportni qay tarzda yo‘lga qo‘yganlari haqida o‘z hikoyalari bilan bo‘lishardi. Bu esa Farimada eksport qilish g‘oyasini paydo qildi.
Eksportni dastlab Afg‘onistondan boshladi. U yerda aholi asosan WhatsApp orqali muloqot qilishgani sababli, biznesning ilk bosqichida ushbu tarmoqda kanal ochib, mahsulotlarini targ‘ib qila boshladi. Reklama maqsadida o‘zi ishlab chiqargan sumkani sovg‘a sifatida taqdim etish kabi aksiyalar o‘tkazdi. Hozirgi kunda esa Farima mahsulotlarini Afg‘onistonning 4 ta viloyatiga, shuningdek, Germaniya va Angliyaga eksport qilmoqda.
“Eksport uchun O‘zbek milliy matolarini tanlayman. Ular chet elliklarda katta qiziqish uyg‘otadi. Afg‘on milliy liboslariga ham o‘zbek matolaridan qo‘shib, yangicha dizayn yaratganman”, - deydi u faxr bilan.

Tikuvchilikdan IT sohasi tomon yo‘l…
Farima biznesini yo‘lga qo‘ygach, IT sohasi bilan bog‘liq ehtiyojlar ortib bordi. Dastlab oddiy logotip dizayni uchun ham boshqalarga murojaat qilishga to‘g‘ri kelardi. Bu esa ortiqcha xarajat va vaqt yo‘qotishiga sabab bo‘ladi.
Shu sabab u IT bo‘yicha bilim olishga qaror qildi va o‘qish imkoniyatidan foydalandi. Endi u biznes jarayonlarini mustaqil boshqarib, xarajat va daromadlarni nazorat qiladi, mijozlar bilan ishlashda raqamli vositalardan foydalanadi.
Kelajakda esa IT orqali eksport imkoniyatlarini kengaytirish va onlayn savdo tizimini yo‘lga qo‘yish niyatida. Farima uchun texnologiyalar nafaqat yordamchi vosita, balki biznesini rivojlantirishdagi muhim omilga aylandi.
Farimaning kelajakdagi maqsadlari bisyor. Xususan, u o‘z brendini rivojlantirib, uni xalqaro darajaga olib chiqishni rejalashtirmoqda.
“Dastlab mijozlar mahsulotlarni donalab buyurtma berishardi, hozir liboslarimda o‘zbek va afg‘on liboslarini uslubini uyg‘unlashtirganman. Shu sabab ham endi bir mijoz 10 tagacha liboslarni buyurtma qilishadi. Kelajakda dunyoga mashhur “Chanel” kabi o‘z shaxsiy brendimni yaratib, fabrikamni ochish va faoliyatimni jahon miqyosida yo‘lga qo‘yish niyatim bor”.