Alisher Fayzullayev: Neft gaz mutaxassisining robototexnikagacha bo‘lgan yo‘li

Author: Iroda Muminova

29-January, 2024
Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

“Yoshligimdan uyimizdagi barcha texnikalarni qanday ishlashiga, ularni ichida qanday sozlamalar borligiga juda qiziqar edim va ularni ochib ko‘rib ichidagi chiplarini qanday ishlashini bilishni xohlar edim”, deydi Alisher yoshligini eslab.

Alisher Fayzullayev 1994-yil Nukus shahrida dunyoga kelgan. Yoshligidan texnikaga qiziqishini ko‘rib otasi uni fizika va matematika kurslariga bergan. Ammo elektronikaga qiziqishiga qaramay, bakalavriatni neft va gaz sohasida, magistraturani esa iqtisodiyot sohasida tugatgan. Chunki uning aytishicha, ushbu sohalar jamiyatda aktual va daromadga chiqish ancha tez bo‘ladi deb o‘ylagan. Ammo, uning yoshlikdagi elektronikaga bo‘lgan qiziqishi hech ham so‘nmadi va u ushbu sohani chuqurroq o‘rgana boshladi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

O‘qishni tugatgandan so‘ng u Moskvadagi nufuzli kompaniyalardan birida ishlashni boshladi. O‘sha paytdagi karantin tufayli uyga qaytib, masofadan turib ishlay boshladi. Juda yaxshi va mashxur kompaniyada ishlashiga qaramay, huddi hayotida qandaydir bo‘shliq bordek tuyular edi. Bo‘sh vaqtlarida robototexnikani o‘rgana boshladi. “Robototexnikaga qiziqishim kundan-kunga oshdi va bunga ishonish qiyin bo‘lsa-da, men ishimni tashlab, kasbimni o‘zgartirishga qaror qildim. Albatta, bu qarorga kelishim oson bo‘lmadi, lekin meni bolalikdagi qiziqishlarim ustun keldi va bu soha aynan men uchun ekanligini angladim”, deydi hikoyamiz qahramoni.

Alisher elektronikaga oid g‘oyalari va ishlari bilan turli tanlovlarda ishtirok etishni boshladi. IT Parkning telegram kanalida Xakaton haqida bilib olib, tanlovda ishtirok etishga qaror qildi. Uning aytishicha chet el filmlarida aqlli uy qurilmalarini ko‘rib, nega biz bunday qulayliklardan foydalanmaymiz degan savol paydo bo‘lgan. “Men apparat va dasturiy ta’minotni o‘rganganimda, biz bunday qilib ko‘pgina narsalarni yaratsak bo‘lishini tushunib yetdim; shu jumladan, “Aqlli uy” ni ham. Internetda aqlli uy qurilmalarining mahalliy ishlab chiqaruvchilarini topa olmadim va men bu borada birinchilardan bo‘laman deya ishga kirishdim”, deydi Alisher.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

IT Parkning direktori Farhod Ibragimov uning "Aqlli uy" loyihasiga katta qiziqish bildirdi va ushbu g‘oyaga 27 million so‘m mablag‘ ajratdi. Tanlovlarda ishtirok etar ekan, bir vaqtning o‘zida ham dasturlash, ham robototexnikani o‘rganib bordi. Bundan tashqari, maktablarda robototexnika bo‘yicha o‘quvchilarga dars berib yurgan kunlarining birida Alisher BMT Taraqqiyot Dasturi doirasida amalga oshirilayotgan startap tanlovlari haqida eshitib qoldi va “Aqlli uy” loyihasi bilan ishtirok etib, 5,000 dollar miqdorida grand yutib olishga muvaffaq bo‘ldi.

Yana bir loyihasi - kanallardagi suv sathini masofadan o‘lchash qurilmasini ishlab chiqdi va ushbu qurilmalar uchun Suv xo‘jaligi Vazirligi bilan umumiy qiymati 720 million so‘mlik shartnoma tuzdi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda
“Asta sekin har xil loyihalarga buyurtmalar ko‘paya boshladi va menga yaxshi jamoa kerakligini bilib, mutaxassislar izlay boshladim, lekin topa olmadim”
Alisher Fayzullayev

FElektronika sohasida bilimga ega tengdoshlari yo‘qligini his qilgach, o‘zi o‘quv markazi ochib, bilimlarini yoshlar bilan baham ko‘rishga qaror qildi va u o‘zining “SimSim” nomli IT o‘quv markaziga asos soldi. Hozirda o‘quv markazda robototexnika, koding va dasturlash bo‘yicha darslar berib kelmoqda.

Ayni paytda Alisherning to‘rtta loyihasi mavjud, ulardan biri “3D Nukus” loyihasi bo‘lib,  3D shaklida turli xil buyumlarni, uy maketlarini chop etib qo‘shimcha daromadga ega bo‘lib kelmoqda.

“Yana bir kerakli va hozirgi kunda dolzarb loyihamiz bor, bu masofadan turib gaz chiqishini aniqlab ogohlantiruvchi signal beruvchi sensorli qurilmani yaratish va shuni ustida ishlab kelmoqdamiz”, deydi Alisher faxr bilan.

Alisherga kelgusi ishlarida ulkan zafarlar tilab qolamiz va yoshlarga qulayliklar yaratish, ularni qo‘llab quvvatlab, biznes ochishlari uchun imkoniyat berish yo‘lida BMT Taraqqiyot Dasturi o‘z hissasini qo‘shayotgan bo‘lsa biz juda xursandmiz.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Qahramonimiz ishtirok etgan startap loyihasi BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan O‘zbekiston, Norvegiya, Yevropa Ittifoqi, Finlyandiya, Janubiy Koreya, Germaniya hukumatlari hamda «Alwaleed Philanthropies” xayriya tashkiloti ko‘magida moliyalashtiriladigan BMT Taraqqiyot dasturi, UNICEF va FAO hamkorligidagi "Orolbo‘yi mintaqasida yashil va innovatsion rivojlanish orqali yoshlarning porloq kelajakka erishish yo‘lida imkoniyatlarini kengaytirish" qo‘shma dasturi doirasida tashkil etilgan.