Yaponiya COVID-19 pandemiyasiga qarshi O‘zbekistondagi javob choralarini qo‘llab-quvvatlash uchun 1.9 mln AQSh dollari ajratmoqda

29-May, 2020

Photo: UNDP Uzbekistan

Yaponiya Hukumati tomonidan taqdim etilayotgan yangi moliyalashtirish O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan BMTTD faoliyatini kengaytirishga yordam beradi. Moliyalashtirish katalizator sifatida xizmat qiladi va O‘zbekistonda COVID-19 oqibatlarini yumshatish borasidagi ko‘p tarmoqli va inson manfaatlariga qaratilgan javob choralarini kuchaytiradi, shuningdek yanada barqaror va inklyuziv rivojlanish uchun sharoitlar yaratishga hissa qo‘shadi.

BMTning COVID-19 pandemiyasiga qarshi javob choralari doirasida BMTTD mamlakatlarga pandemiyaga tayyorgarlik, javob choralarini ko‘rish va undan so‘ng tiklanish bo‘yicha yordam bermoqda va bunda alohida e'tibor aholining eng zaif qatlamlariga qaratilmoqda. Qo‘shimcha 1.9 mln AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar COVID-19 kasalligiga qarshi tezkor javob choralarini ko‘rish bo‘yicha BMTTDning joriy dasturiga qo’shimcha bo’lib, uning ko‘lamini kengaytirishga yordam beradi. Ushbu dastur umumiy qiymati 3 mln AQSh dollari miqdoridagi asosiy moliyalashtirish mablag‘lari hisobiga boshlangan.

O‘zbekistonda BMTTDning javob choralari ijtimoiy-iqtisodiy ta’sirini eng yuqori darajada his etuvchi va alohida e'tiborni talab qiluvchi aholi guruhlariga asosiy e'tiborni qaratadi: xotin-qizlar, yoshlar, norasmiy sektordagi ishsizlar, qaytib kelgan mehnat muxojirlari, mavjud mikro, kichik va o‘rta korxonalar, yangi tadbirkorlik sub'ektlari (startaplar).

Hukumatning COVID-19 sababli asosan masofadan turib ishlagan holda (masalan, masofaviy tarzda tizimga kirish orqali) xizmatlarni ko‘rsatish borasidagi salohiyatini mustahkamlash maqsadida BMTTD raqamli texnologiyalar imkoniyatlaridan foydalanmoqda va O‘zbekistonga ihotalash (izolyasiya) sharoitlarida davlat organlari faoliyatining uzluksiz faoliyatini ta'minlashga yordam bermoqda, shu jumladan mahallalarni raqamlashtirish yo‘nalishida. BMTTD Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining faoliyatini to‘liq raqamlashtirish, COVID-19 inqiroziga qarshi javob choralarining samaradorligini oshirish va ijtimoiy himoya sohasini qayta tiklashga qaratilgan islohotning maqsadlariga erishish uchun dastlabki shart sifatida vazirlikning 9600 bo‘linmalarini elektron hujjat yuritish tizimiga tajribaviy o‘tkazish bo‘yicha Hukumatning sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Vazirilik zaruriy texnika vositalari va dasturiy ta'minotga, shuningdek axbortni boshqarish tizimini tajribaviy joriy etishga eng ko‘p muhtoj bo‘lgan 100ta mahallalarni aniqlab oldi. Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari bilan bir qatorda yangi tashkil etilgan vazirlik xodimlarining imkoniyatlarini kengaytirish uchun ularni o‘qitish ishlari olib boriladi.

Innovasiyaviy biznes startaplarni qo‘llab-quvvatlash – Kichik korxonalar COVID-19 kasalligi tarqalishining salbiy ta'sirini juda og‘ir his etdilar. Yaponiya Hukumati tomonidan taqdim etilayotgan moliyalashtirish mablag‘laridan, shuningdek, BMTTDning O‘zbekistondagi har yillik startaplar ko‘rik-tanlovini o‘tkazish uchun ham foydalaniladi. Mazkur ko‘rik-tanlov doirasida yoshlar ijobiy ijtimoiy ta'sir ko‘rsatish salohiyatiga ega biznes-g‘oyalarni targ‘ib qilishga rag‘batlantiriladilar. 40 nafar yosh yigit va qizlar «Start-up Challenges» tashabbusi doirasidagi ko‘rik-tanlov asosida saralab olingan ijtimoiy innovasiyalar sohasidagi o‘z g‘oyalarini amalga oshirish uchun boshlang‘ich moliyalashtirishga ega bo‘ladilar.

BMTTDning O‘zbekistondagi javob choralari, shuningdek, inqirozdan zarar ko‘rish xatariga ko‘proq darajada moyil bo‘lganlarning bandligini ta'minlashga ham qaratilgandir. Ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar aholining eng ko‘p zarar ko‘rgan guruhlari ehtiyojlarini qondirishga qaratiladi – olis qishloq hududlaridagi yoshlar, ayollar, kichik korxonalar va qishloq xo‘jaligi kooperativlari. Chora-tadbirlar asosiy e'tiborni qisqa muddatli, tezkor natijalarni olishga qaratadi va 990ta kichik va o‘rta korxonalarga onlayn tarzda maslahat berish xizmatlarini ko‘rsatadi, shuningdek o‘rta muddatli chora-tadbirlar ham amalga oshiriladi, shu jumladan 80ta kichik va o‘rta korxonalar uchun biznes maslahatlar berish va yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish. Olis tumanlardagi 240 nafar fermerlarga xizmat ko‘rsatuvchi 30ta kichik korxona va oltita kooperativga moliyaviy ko‘mak va uskunalar taqdim qilinadi. Mazkur qo‘llab-quvvatlash choralari xotin-qizlar, yoshlar va fermerlar uchun ishga joylashish va daromad olish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi. 

Va so‘ngi, ammo juda muhim masala – xotin-qizlarning ish joylaridagi va jamiyatdagi haq-huquqlarini kuchaytirish va imkoniyatlarini kengaytirish. Yaponiya Hukumati tomonidan taklif etilayotgan moliyalashtirish mablag‘lari «Davlat boshqaruvi va ijtimoiy-iqtisodiy hayotda ishtirok etishi uchun xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish» loyihasining asosiy chora-tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratiladi. Ushbu mablag‘lar yordamida xotin-qizlarni fan, texnika, muhandislik va riyoziyot (STEM) bilan shug‘ullanishga rag‘batlantiruvchi tashabbuslar qo‘llab-quvvatlanadi, shu bilan birga yosh xotin-qizlar uchun texnik innovasiyalar qo‘shimcha dasturi hamda ayollar boshqaruvi ostidagi kooperativlarga taklif etilayotgan bizning o‘sib boruvchi ko‘magimiz ham qo‘llab-quvvatlanadi. Bu kabi texnik innovasiyalar musobaqasiga 300 nafar yosh xotin-qizlar jalb qilinadi.

BMTTD va Yaponiya Hukumati avval ham muvaffaqiyatli ravishda hamkorlik olib borganlar, jumladan BMTning «Orol dengizi mintaqasidagi mahalliy jamiyatlarning salomatlik uchun xatarga, ekologik va iqtisodiy beqarorlikka nisbatan chidamliligini oshirish» qo‘shma dasturini amalga oshirishda. Mazkur dastur uchun berilayotgan mablag‘larning 128 000 AQSh dollari miqdoridagi bir qismi COVID-19 pandemiyasi bilan kurashish uchun jamiyatlarni kuchaytirish, ularni zaruriy tibbiy uskunalar bilan ta'minlash va ularning salohiyatini oshirish maqsadlariga ajratiladi.