Quvasoy faravonligi yo‘lida: Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot Dasturi zamonaviy shahar yangi Bosh rejasini taqdim etdi
4-March, 2026
Quvasoy shahri, Farg‘ona viloyati, 2026-yil 4-mart – Quvasoy shahrining kelajakdagi hududiy, iqtisodiy va ekologik rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish maqsadida mahalliy va respublika darajasidagi davlat organlari vakillari, rivojlanish bo‘yicha hamkorlar, shaharsozlik mutaxassislari, xususiy sektor, fuqarolik jamiyati institutlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillarini birlashtirgan Quvasoy shahri Bosh rejasiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi. Davra suhbati Quvasoy shahri Bosh rejasini taqdim etish va uni samarali amalga oshirish bo‘yicha taklif hamda mulohazalarni yig‘ish uchun ochiq muloqot maydonini yaratdi.
Bosh reja Turkiyaning PAL Politika Analiz Laboratuvarları A.Ş. kompaniyasi yetakchiligidagi konsorsium tomonidan Mesken Şehircilik Danışmanlık ve Araştırma Tic. LTD ŞTİ (Turkiya) hamda Optimal Architect Group MChJ (O‘zbekiston) bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Ishtirokchilarga Quvasoy shahrining barqaror rivojlanishi uchun uzoq muddatli strategik asos bo‘lib xizmat qiladigan Bosh rejaning asosiy tamoyillari va takliflari taqdim etildi. Reja ixcham va inson manfaatlariga yo‘naltirilgan shahar rivoji, Isfayramsoy daryosi hududini qayta tiklash, jamoat joylari hamda harakatlanish infratuzilmasini yaxshilash, ekologik muhofaza va iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlarni hududiy rejalashtirishga integratsiya qilishga qaratilgan.
Davra suhbati davomida konsorsium tomonidan taklif etilayotgan yer resurslaridan foydalanish tuzilmasi, transport va piyodalar tarmoqlari, yashil hududlar va jamoat joylari, infratuzilmani rivojlantirish hamda ustuvor investitsiya loyihalarini o‘z ichiga olgan keng qamrovli yondashuv taqdim etildi. Shuningdek, Isfayramsoy daryosi bo‘yidagi hududni ekologik muhofaza va toshqinlarga chidamlilikni ta’minlagan holda shaharning asosiy jamoat, yashil va dam olish maskaniga aylantirishga qaratilgan qirg‘oqbo‘yi hududini tiklash konsepsiyasiga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida shaharni yangilashni mahalliy iqtisodiy o‘sish bilan uzviy bog‘lovchi Bosh rejaning “ikki drayverli” iqtisodiy yondashuviga ham alohida e’tibor qaratildi. Mazkur yondashuv turizm va xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish, shuningdek, Quvasoyning malakali mutaxassislar, investitsiyalar va tadbirkorlik uchun jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi. Ishtirokchilar Bosh reja Quvasoyni tranzit shahardan tashrif buyurish uchun jozibador manzilga aylantirish, mehmonlarning uzoqroq qolishini rag‘batlantirish, mahalliy biznesni qo‘llab-quvvatlash va aholi hayot sifatini yaxshilashga qanday hissa qo‘shishi mumkinligi bo‘yicha fikr almashishdi.
PAL Politika Analiz Laboratuvarları A.Ş. boshqaruvchi hamkori Esen Chag‘lar ta’kidlaganidek: “Quvasoy shahri Bosh rejasi shaharni rivojlantirish uchun aniq va amaliy yo‘l xaritasini taqdim etadi. U aholining real ehtiyojlarini inobatga olgan holda shahar o‘sishi, infratuzilmaga investitsiyalar va atrof-muhitni muhofaza qilish choralarini o‘zaro uyg‘unlashtirishga xizmat qiladi hamda uzoq muddatli iqtisodiy barqarorlikni qo‘llab-quvvatlaydi.”
Tadbir davomida bildirilgan taklif va mulohazalar Bosh rejani yanada takomillashtirish hamda uni mahalliy rejalashtirish, investitsiya va amalga oshirish jarayonlariga samarali integratsiya qilishda foydalaniladi.
Mazkur tadbir milliy miqiyosdagi va mahalliy manfaatdor tomonlarning rivojlanish bo‘yicha hamkorlar bilan birgalikda barqaror shaharsozlikni rivojlantirish va Bosh reja doirasidagi tashabbuslarni Quvasoy aholisi uchun aniq natijalar beradigan loyihalarga aylantirish borasidagi hamkorlikni davom ettirishga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.
***
Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida tashkil etildi.