Ikki oylik jadal amaliyot dasturining yakuniy tadbirida yosh ayollarning IT loyihalari, ustozlik natijalari hamda inklyuziv raqamli karyeraga erishish yo‘llari taqdim etildi.
Qizlar va ayollar uchun IT va raqamli amaliyot dasturining namoyish kuni
15-December, 2025
Toshkent, 2025-yil 12-dekabr - InterContinental Tashkent mehmonxonasida "Tech4Impact" nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan O‘zbekistondagi BMTTDning hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan "Raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni rivojlantirish uchun yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish" qo‘shma loyihasi doirasida, Rossiya-BMTTD Ishonch jamg‘armasining moliyaviy ko‘magida tashkil etilgan qizlar va ayollar uchun IT va raqamli amaliyot dasturining Demo kuni bo‘lib o‘tdi.
Demo-kun ikki oylik jadal amaliyot dasturining yakuniy tadbiri bo‘ldi. Unda ishtirokchilar IT, fintech, raqamli va yashil iqtisodiyot sohalarida amaliy tajriba orttirdilar hamda o‘z mentorlik loyihalari natijalarini taqdim etdilar.
Tadbirning ochilishida BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii xonim tabrik so‘zi bilan chiqish qildi. U o‘z nutqida gender raqamli tafovutni kamaytirish muhimligini va bunday dasturlarning STEM sohalari hamda raqamli iqtisodiyotda ayollarning ishtirokini kengaytirishdagi rolini ta’kidladi.
"Bugun biz raqamli iqtisodiyotdagi o‘rin jins bilan emas, balki bilim, jasorat va rivojlanishga intilish bilan belgilanishini o‘z misolida ko‘rsatayotgan yosh ayollar haqida gapiryapmiz. Ularning yo‘li O‘zbekistonning yanada inklyuziv raqamli kelajagi sari muhim qadamdir," - dedi Akiko Fujii xonim.
Dastur raqamlarda
- butun O‘zbekistondan 442 ta ariza qabul qilindi;
- 138 nafar nomzod ikkinchi bosqichga - Tech4Impact baholash komissiyasi va BMTTD bilan suhbatga taklif etildi;
- 75 nafar ishtirokchi kompaniyalar bilan texnik suhbatdan o‘tdi;
- 35 nafar amaliyotchi tanlab olindi va 24 ta hamkor kompaniyada muvaffaqiyatli amaliyot o‘tadi;
- amaliyotchilar va kompaniyalar o‘rtasida 90 dan ortiq individual suhbat o‘tkazildi.
Ishtirokchilar geografiyasi Olmaliq, Buxoro, Zangiota, Zarafshon, Qorako‘l, Qo‘ng‘irot, Navoiy, Namangan, Samarqand, Toshkent, Urganch va Ellikqal’ani qamrab oldi. Bu esa tashabbusning milliy ko‘lamini ta’kidlaydi.
Amaliyot, mentorlik va real loyihalar
Amaliyot davomida ishtirokchilar kompaniyalarning haqiqiy vazifalari ustida ishladilar - raqamli mahsulotlar va UX/UI yechimlarini ishlab chiqishdan tortib ma’lumotlar tahlili, jarayonlarni avtomatlashtirish va biznes hamda ta’lim uchun IT yechimlarini yaratishgacha.
Taqdim etilgan loyihalar orasida raqamli xizmatlar prototiplari, biznes jarayonlarini optimallashtirish uchun ichki IT-vositalar, ta’lim platformalarihamda fintech va green tech sohasidagi yechimlar mavjud. Ko‘plab loyihalar ustozlar va kompaniyalar jamoalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirildi.
Amaliyotlar SUEZ, Click, Kundalik, Factura.uz, AVO Bank, EPAM Systems, UzAutoMotors Powertrain, Uzum Tech, UzInfoCom, AlifTech, School 21 kabi kompaniyalarda, shuningdek, bir qator mintaqaviy va xalqaro IT-kompaniyalarda o‘tkazildi.
Muloqot va e’tirof maydoni
Demo-kun doirasida amaliyotchilar dastur haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar, egallangan ko‘nikmalar va kasbiy o‘sish haqida so‘zlab berdilar. Alohida panel muhokamasi kompaniyalar va murabbiylarning fikr-mulohazalari, shuningdek, ishtirokchilarning karyera istiqbollarini muhokama qilishga bag‘ishlandi.
Tadbir yakunida hamkor kompaniyalar, ustozlar va dastur amaliyotchilariga sertifikatlar topshirildi.
Barqaror rivojlanishga hissa qo‘shish
Dastur O‘zbekistonda gender tengligini ilgari surish, inson kapitalini rivojlantirish va inklyuziv raqamli iqtisodiyotni shakllantirishga hissa qo‘shdi. Amaliy mashg‘ulotlar, murabbiylik va xususiy sektor bilan hamkorlik orqali tashabbus raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga hamda ayollar va qizlar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirishga ko‘maklashadi.