Qashqadaryoda iqlimga moslashtirilgan va qurg‘oqchilikka chidamli bug‘doy navlaridan makaron mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi korxona ishga tushirildi

23-November, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Qashqadaryo viloyatida makaron mahsulotlari ishlab chiqaruvchi yangi kichik korxonaning ochilishi qishloq xo‘jaligiga innovatsiyalarni joriy qilishdagi muhim voqea bo‘ldi. Ushbu  tashabbus Janubiy qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ilgari surilgan iqlimga chidamli qattiq bug‘doy navlarini joriy etishga qaratilgan Innovatsion guruh tomonidan ishga tushirildi. Ushbu korxona, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan, BMT Taraqqiyot Dasturining O’zbekiston Respublikasi Qishloq xo’jaligi vazirligi bilan hamkorlikdagi “Qishloq xo’jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o’tishini qo’llab quvvatlash va iqlimga yo’naltirilgan qishloq xo’jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida moliyaviy ko‘magida ishga tushirildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tadbir boshida Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan boshqariladigan “Qattiq bug‘doyning yangi navlarini yetishtirish agrotexnologiyasini joriy etib, makaron ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish”, “Suv bilan kam ta’minlangan, qurg‘oqchilik mintaqalari uchun bahorgi bug‘doyni innovatsion joriy qilish va urug‘chiligini tashkil etish” hamda “Pistaning yuqori hosildor navlarini In Vitro sharoitida ko‘paytirish texnologiyasi yordamida tezpishar pista navlarini joriy etish”ga qaratilgan Innovatsion guruhlar taqdimoti o’tkazildi. Unda iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan, issiqlik va qurg‘oqchilikka chidamli, turli kasalliklarga bardoshli, suvni tejovchi, hosildor va resurs tejamkor qattiq bug‘doy, bahorgi bug‘doy va tez hosilga kiruvchi mahalliyni kam talab qiluvchu pistaning yangi navlari namoyish etildi.

Tadbirning ikkinchi qismi Qarshi tumanida bo‘lib o‘tdi. Innovatsion guruh tomonidan joriy etilgan qattiq bug‘doydan makaron mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan kichik korxonaning ochilish marosimida Qashqadaryo viloyati hokimining o‘rinbosari Ulug‘bek Uzoqov, Qarshi tuman hokimi Zoir Aliqulov, O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining hamkorlik bo‘limi rahbari Wim Riepma, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari Anas Qarman, Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot institutining olimlari, mahalliy fermerlar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

O‘zbekistondagi Yevropa Ittifoqi delegatsiyasining hamkorlik bo‘limi rahbari Vim Riepma innovatsion guruhlarning muhimligini ta’kidlab, shunday dedi:

“Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega va Yevropa Ittifoqi uni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Ma’lumki, iqlim o'zgarishi sharoitida oziq-ovqat mahsulotlariga global talab ortib bormoqda, biroq qurg‘oqchilik va o‘ta issiq harorat sabab ko‘plab ekinlar nobud bo‘lishi oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlashda qiyinchilik tug‘dirmoqda. Bunday holatlar asosiy suv tanqis hududlarda ro‘y bermoqda. So‘ngi ma'lumotlarga ko‘ra, global ekin maydonlarining atigi 13 foizida qattiq bugʻdoy yetishtirish iqlim sharoitidan kelib chiqib, yetishtirish mumkin. 2050 yil oxiriga kelib ushbu ko‘rsatgich kamayishi kutilmoqda. Ayni damda, iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga bel bog‘lagan innovatsion guruhlarning saʼy-harakatlarini yuqori baholaymiz. Shu sabab, EU-AGRIN loyihasini qoʻllab-quvvatlaganimizdan faxrlanamiz. Chunki ushbu loyiha O‘zbekiston xalqiga sezilarli darajada foyda keltiradi”.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Qarman Innovatsion hamkorlikning asosiy jihatlariga to‘xtalib, quyidagilarni aytdi:

“Yangi qattiq bug‘doy navlari va makaron mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha innovatsion guruh issiqlik, qurg‘oqchilik, turli kasalliklar va zararkunandalarga chidamli bo‘lgan yuqori sifatli qattiq bug‘doy navlarini ishlab chiqarishni maqsad qilgananidan mamnunmiz. Janubiy qishloq xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti rahbarligidagi ushbu tashabbus O‘zbekistonda qattiq bug‘doyni rivojlantirishda ilg‘or namuna bo‘lishiga ishonamiz. Hozirda ushbu Innovatsion guruh tomonidan yetishtirilgan 100 tonna bug‘doydan yuqori sifatli makaron mahsulotlarini ishlab chiqarishni boshlagani quvontirdi. Endi ushbu makaron mahsulotlar import qilingan makaronlardan ancha arzon narhda mahalliy bozorlarga chiqariladi. Bu esa mahalliy aholini ham sifatli ham qulay narhdagi makaron mahsulotlarini harid qilishiga imkon yaratadi. Aytish joizki, qishloq xo‘jaligini rivojlantirishga qaratilgan Innovatsion hamkorlikning asosiy xususiyati bu turli manfaatdor tomonlar - fermerlar, tadqiqotchilar, biznes va nodavlat notijorat tashkilotlarining muayyan muammolarini hal qilish va qishloq xo'jaligida zamonaviy, iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan aqlli yechimlarni ishlab chiqish va joriy etishdan iboratdir.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti boshchiligidagi Innovatsion guruhlar Qashqadaryodagi viloyat agroxizmatlar markazi (AKIS) va mahalliy fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikda ish olib boradi. Ushbu guruhlar oziq-ovqat ishlab chiqaruvchilar uchun foydali innovatsiyalarni joriy etishda davom etadilar, qishloq aholisining turmush darajasini oshiradilar va qo‘shilgan qiymat zanjirlarida yangi biznes imkoniyatlarini yaratadilar. Issiqqa, qurg‘oqchilikka, kasallik va zararkunandalarga chidamli qattiq bug‘doy, bahorgi bug‘doy navlarini va tezpishar pista ko‘chatlarini yaratishi mahalliy makaron va qandolat mahsulotlarini ishlab chiqarishni rivojlantirishga hissa qo‘shadi va importga bo‘lgan ehtiyojni kamaytiradi.

Makaron va non mahsulotlarini ishlab chiqarishga qaratilgan kichik korxonaga zarur jihozlar va uskunalar Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan EU-AGRIN loyihasi tomonidan taqdim etildi.