O‘zbekistonda Xalqaro toza energiya kuni nishonlandi

26-January, 2026
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, 2026-yil 26-yanvar — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda Xalqaro Toza Energiya Kunini nishonlash munosabati bilan yuqori darajadagi davra suhbatini tashkil etdi. Tadbir qayta tiklanuvchi energiyani kengaytirish bo‘yicha bozorga asoslangan yondashuvlar hamda energiya o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga oid xalqaro ilg‘or tajribalarga bag‘ishlandi.

Tadbirda hukumat vakillari, xalqaro hamkorlar, taraqqiyot institutlari va mutaxassislar ishtirok etib, qayta tiklanuvchi energiya sohasida moliyaviy xavflarni kamaytirish mexanizmlarini muhokama qildilar. Xususan, Yaponiyaning Feed-in Tariff (FiT) tizimidan Feed-in Premium (FiP) tizimiga va raqobatbardosh auktsionlarga o‘tish tajribasi hamda ushbu tajribaning O‘zbekiston uchun ahamiyati alohida e’tiborga olindi.

Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Davra suhbati O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilayotgan “Innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish” qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.

Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Hukumati, Yaponiya Hukumati hamda BMTTD vakillari mamlakatda toza energiyaga o‘tishni jadallashtirishda siyosiy islohotlar, xalqaro hamkorlik va xususiy sektor ishtirokining muhimligini ta’kidladilar. Dastur doirasida Yaponiyaning qayta tiklanuvchi energiyani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga bag‘ishlangan siyosiy ma’ruza taqdim etildi, unda asosiy muvaffaqiyat omillari, amalga oshirishdagi qiyinchiliklar va olingan saboqlar yoritildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya siyosatining rivojlanib borayotgan asoslari, raqobatbardosh xarid mexanizmlarining roli hamda energiya islohotlarini iqlim majburiyatlari va uzoq muddatli barqaror rivojlanish maqsadlari bilan uyg‘unlashtirish zarurati yuzasidan fikr almashdilar.

Tadbir Xalqaro Toza Energiya Kuni munosabati bilan maktab o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Keling, sayyoramizga nafas olishga yordam beraylik” nomli Milliy Toza Energiya tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bilan yakunlandi. Bu yoshlarning iqlim bo‘yicha chora-tadbirlarda ishtiroki va jamoatchilik xabardorligini oshirish muhimligini yana bir bor ta’kidladi.