Image: UNDP Image
Bugungi kunda iqtisodiyot, ijtimoiy soha va qurilish sanoatiga energiya tejovchi texnologiyalarni va muqobil energiya manbalarini keng joriy etish O‘zbekiston hukumatining asosiy ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Jarayonni tezlashtirish maqsadida 2017-yildan BMT Taraqqiyot Dasturi va Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi hamkorligida va Global ekologik fond (GEF) grant koʻmagida “O‘zbekistonda energiya samarador qishloq turar joy binolari qurilishini rivojlantirishga ko‘maklashish” qo’shma loyihasi amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi Oʻzbekiston qishloq aholisini atrof-muhitga zarar keltirmaydigan yaxshilangan va qulay yashash sharoitlari bilan taʼminlashdan iborat. Buning uchun 136,6 million dollar mablag’ ajratildi.
Loyiha ishga tushirilgandan buyon katta hajmdagi ishlar amalga oshirildi. Prezidentning 2018-yil 24-noyabrdagi PQ-4028-son Qarori asosida energiya tejamkor (ET) va kam uglerodli (KU) qishloq uy-joylariga talabni oshirish maqsadida subsidiyali yashil ipoteka kreditlash sxemasi ishlab chiqildi. O‘zbekistonning beshta viloyatida bir va ko‘p qavatli ET va KU arzon qishloq uylari qurildi. Shuningdek, Toshkent viloyati Nurafshon shahridagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida nolga yaqin energiya sarflaydigan namunaviy ko‘rgazmali uy qurilishi ham boshlab yuborildi. 2019-yilning noyabr oyida Toshkentda “O‘zbekistonda energiya tejamkor yechimlar: joriy holat va rivojlanish istiqbollari” mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir bozor iqtisodiyotining mavjud moliyaviy mexanizmlarini namoyish etish, o‘zaro fikr va tajriba almashish, “yashil qurilish” va “yashil iqtisodiyot” istiqbollarini muhokama qilish imkonini berdi.
Loyihaning ikkinchi komponenti doirasida 2021-yil 9-dekabr kuni “O‘zbekistonda energiya tejamkor materiallar va texnologiyalar: mamlakatda yashil qurilishni rivojlantirish uchun mavjud bozorni rivojlantirish istiqbollari” mavzusida bir kunlik biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Forumda asosiy mahalliy hamkor tashkilotlar – Qurilish vazirligi, Energetika vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati markazi (O‘zgidromet), Yer resurslari davlat qo‘mitasi, Geodeziya, kartografiya va davlat kadastri, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, “Qishloq qurilish invest” MChJ, “Qurilloyha” MChJ, “Qishloq qurilish bank” ATB, viloyat va tuman hokimliklari, loyiha injiniring kompaniyalari, institutlar vakillari va ta’lim muassasalari, xalqaro tashkilotlar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va boshqalar ishtirok etishdi. Nadbirda xalqaro moliya institutlari – Osiyo Taraqqiyot Banki, Islom Taraqqiyot Banki, Evropa Tiklanish va Taraqqiyot Bank va KfW banklari vakillari ham ishtirok etishdi.
BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili o‘rinbosari Doina Muntyanu o‘zining qutlash nutqida ko‘z o‘ngimizda ro‘y berayotgan iqlim o‘zgarishlari fonida, atrof-muhitga issiqxona gazlari chiqindilarining 30 foizi qurilish sektoridan kelishini e’tiborga olgan holda, binolarning energiya samaradorligini ta’minlash masalasi tobora dolzarb bo‘lib borayotganini ta’kidladi. “O‘zbekistonda uy-joy qurilishi ko‘lami yil sayin kengayib borayotgani sababli, energiya tejamkor va kam uglerodli materiallar va texnologiyalardan foydalanish orqali qurilayotgan binolarning energiya samaradorligini ta’minlash orqali issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud”, — dedi Muntyanu xonim.
O'zbekistonda binolar umumiy energiya iste'molining 49 foizini yoki yiliga 17 million tne. (tonna neft ekvivalenti) tashkil etadi. Tezlashtirilgan sanoatlashtirish va aholining barqaror o'sishi iqtisodiyotning energiya resurslariga bo'lgan ehtiyojini sezilarli darajada oshiradi, shuningdek, atrof-muhitga salbiy antropogen ta'sirni kuchaytiradi.
Ayni paytda 2021-2023 yillar uchun O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi tomonidan hududlardagi 1000 ga yaqin xonadonda qurilayotgan ko‘p qavatli uylarda hamda 410 ta xususiy yer uchastkalarida xalqaro fond va tashkilotlar bilan birgalikda qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun uskunalar o‘rnatish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Energetika vaziri maslahatchisi Aziz Alimuhamedovning taʼkidlashicha, respublikaning barcha hududlarida yiliga 2 kVt quvvatga ega 1000 dona mini-quyoshli PVP oʻrnatishni joriy etish bilan– yiliga qoʻshimcha 4,0 million kVt/soat elektr energiyasini ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo’ladi, va bu yiliga qariyb 2,0 million kub metr tabiiy gaz tejalishini nazarda tutadi.
Biznes-forum loyiha natijalari va uning istiqboldagi rejalarini taqdim etishdan tashqari, yangi yondashuv va yechimlarni baholash, energiya samaradorligi bo‘yicha materiallar va texnologiyalar ma’lumotlar bazasini yangilash, qurilish materiallari sohasidagi innovatsiyalar bilan tanishish, turli ishlab chiqarish kompaniyalari vakillari va energiya tejovchi materiallar va texnologiyalarni yetkazib beruvchilar o'rtasida bilim va tajriba almashish imkonini berdi.
“Insoniyat foydalanayotgan tabiiy energiya resurslari asta-sekin tugamoqda, birlamchi yoqilgʻi-energetika resurslarini qazib olish va qayta ishlash xarajatlari oshib, ulardan oqilona foydalanmaslik atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda. Qurilishda innovatsion yondashuvlar orqali resurslardan samarali foydalanish, bu muammoning yechimi sifatida hozirda O‘zbekistonda ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.
Ushbu loyiha binolar konstruksyalarining issiqlik ko'rsatkichlarini yaxshilash, shuningdek, energiya tejamkor va kam uglerodli texnik echimlarni joriy etish orqali turar-joy sektorida energiya sarfini kamaytirishga qaratilgan. Bunday chora-tadbirlar tabiiy va moliyaviy resurslarni tejash, atmosferaga issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish imkonini beradi.
Umid qilamizki, ushbu forum O‘zbekistonda turar-joy sektorida ET va KU yechimlarini ilgari surishda manfaatdor tomonlar bilan hamkorlikni kuchaytirish maqsadida kelgusidagi harakatlar uchun zarur tavsiyalarni ishlab chiqishga yordam beradi”, deydi loyiha rahbari Timur Ibragimov.
Taqdimotlar va davra suhbatlari bozorni rivojlantirish va texnologiyalar va materiallarni ET va KU yetkazib berish zanjirini takomillashtirish, energiya tejamkor dizayn, O‘zbekistonda uy-joy qurilishida energiya tejamkor va kam uglerodli texnologiyalar va materiallarni joriy etish bo‘yicha me’yoriy-huquqiy bazani mustahkamlash masalalarini qamrab oldi.
Biznes-forum doirasida mahalliy va xorijiy ishlab chiqaruvchilarning energiya tejamkor materiallari va texnologiyalarining ixtisoslashtirilgan ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Forum mahalliy ishlab chiqaruvchilar, yetkazib beruvchilar, qurilish kompaniyalari va loyihalash tashkilotlari uchun arzon bozor yechimlarini kengaytirish, yangi ET va KU texnologiyalarini joriy etishni jadallashtirish, fikr almashish va hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni muhokama qilish uchun platforma yaratdi.