O‘zbekistonda davlat binolari va transportda dekarbonizatsiya bo‘yicha innovatsion yechimlar namoyish etildi

27-March, 2026
Foto: O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, 2026-yil 27-mart — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida “Qo‘shma kreditlash mexanizmi orqali innovatsion dekarbonizatsiya yechimlarini ilgari surish hamda O‘zbekistonda davlat binolari va jamoat transportining dekarbonizatsiya salohiyatini namoyish etish” nomli qo‘shma loyihaning yakuniy seminari bo‘lib o‘tdi. Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtirilgan ushbu tashabbus dekarbonizatsiya bo‘yicha amaliy yechimlarni sinovdan o‘tkazish, faktlarga asoslangan iqlim siyosatini mustahkamlash va O‘zbekistonning barqaror kelajakka o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Tadbirda loyiha ijrochilari va manfaatdor tomonlar, jumladan, Sirdaryo viloyati hokimi, mahalliy maktab va maktabgacha ta'lim muassasalari vakillari ishtirok etib, natijalar va o‘rganilgan saboqlarni, ayniqsa energiya samaradorligi bo‘yicha pilot tashabbuslarni muhokama qildilar.

Beshta pilot tashabbus Toshkent shahrining Mirobod tumanida va Sirdaryo viloyatining qishloq hududlarida amalga oshirilmoqda. Ularning doirasida maktab, bolalar bog‘chalari va poliklinika kabi davlat muassasalariga sakkizta propan asosidagi issiqlik nasoslari va o‘ttiz sakkizta konditsioner o‘rnatildi. Ushbu modernizatsiya eskirgan elektr va ko‘mir asosida ishlovchi isitish tizimlarini almashtirib, ko‘mir iste'molini 115 tonnaga kamaytirishga va issiqxona gazlari chiqindilarini yiliga 482,3 tonnaga qisqartirishga yordam berdi.

Ilg‘or yapon texnologiyalariga asoslangan issiqlik nasoslari har bir birlik elektr energiyasiga 3-4 baravar ko‘p issiqlik ishlab chiqaradi, bu esa energiya xarajatlarini kamaytiradi va 13 500 dan ortiq foydalanuvchi uchun qulaylikni oshiradi. Tashabbus bolalar uchun qulay sharoit yaratishni maqsad qilgan bo‘lib, yangilangan tizimlar ta’lim muassasalarida sog‘lom va xavfsiz muhitni mustahkamlaydi. Shuningdek, loyiha doirasida Toshkentdagi Shota Rustaveli ko‘chasida havo sifatini monitoring qilish stansiyasi ishga tushirilib, hududdagi 120 000 nafardan ortiq aholiga foyda keltirmoqda.

“Bu yutuqlar shunchaki texnik yechimlar emas: ular yanada puxta va ongli siyosiy qarorlar qabul qilish uchun mustahkam asos yaratadi. Sirdaryo ushbu dekarbonizatsiya yechimlarini amalda joriy etib, sinovdan o‘tkazib va o‘z samarasini namoyish etgan pilot hudud sifatida faxrlanadi. Biz yanada toza va barqaror yo‘lni davom ettirishga tayyormiz”
- Azizbek Turdimurodov, Sirdaryo tuman hokimi.
Foto: O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Seminarda, shuningdek, xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqilgan va tanlangan energetika yo‘nalishlarida sinovdan o‘tkazilgan O‘zbekistonning yangi “Qazilma yoqilg‘i subsidiyalari inventarizatsiyasi milliy metodologiyasi” taqdim etildi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (CERR) ekspertlari metodologiyaning konseptual asoslari, ma’lumotlar arxitekturasi hamda  monitoring, hisobot va verifikatsiya (MRV) jarayonlari haqida ma'lumot berib, uning milliy statistika va iqlim hisobotlari tizimida muhim ahamiyatga ega ekanligini ta'kidladilar.

Tadbir ishtirokchilari potentsial qazilma yoqilg‘i subsidiyalari islohoti bilan bog‘liq ijtimoiy-iqtisodiy va sektorga oid zaifliklarni baholash bo‘yicha innovatsion tahlil natijalarini ko‘rib chiqdilar. Tahlil sezgir sohalar va aholining himoyaga muhtoj guruhlarini aniqladi, xavf darajasi bo‘yicha xulosalar berdi va islohotlarni O‘zbekistonning iqlim majburiyatlari hamda uzoq muddatli past uglerodli rivojlanish strategiyasi bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi.

Seminar amaliy muloqot bilan yakunlandi. Ishtirokchilar Sirdaryo viloyatidagi pilot hududlarda sezilarli natija ko‘rsatayotgan energiya tejamkor isitish va sovitish tizimlarini kengaytirish hamda Toshkent shahrida havo sifati va issiqxona gazlari monitoringi tarmoqlarini rivojlantirish zarurligini ta’kidladilar. Ushbu sa’y‑harakatlar maqsadli texnik yechimlarning sog‘lom muhit yaratish va yoshlar uchun yangi imkoniyatlar ochishga qanday hissa qo‘shishini yaqqol namoyish etadi.

“Inklyuzivlik va mahalliy aholining faol ishtiroki ishlarimizning markazida bo‘ldi. Ushbu loyiha mahalliy hamjamiyatlar hamda hududiy hokimiyat organlari davlat moliyalashtirish mexanizmlari ko‘magida jamoat binolarida energiya samaradorligini oshirish va issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirishda naqadar muhim rol o‘ynashini yaqqol ko‘rsatdi”
- BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii.
Foto: O'zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

BMTTDning Iqlim bo'yicha majburiyati (Climate Promise) va Yaponiya haqida: Yaponiya hukumati iqlim inqirozini butun insoniyat uchun tahdid deb hisoblaydi va BMTTD bilan hamkorlikda mamlakatlarni iqlim bo'yicha say-harakatlarini tezlashtirishga undaydi. 2021-yilda BMTTD Milliy miqyosda belgilanadigan hissalar (MMBH) maqsadlarini aniq harakatlarga aylantirishga qaratilgan Iqlim bo'yicha majburiyatning yangi   “Majburiyatdan ta'sirgacha”bosqichini boshladi. Yaponiya ushbu bosqichning eng katta tarafdori bo'lib, ushbu sa'y-harakatlarni tezlashtirish uchun Germaniya, Shvetsiya, Yevropa Ittifoqi, Ispaniya va Italiya kabi uzoq yillik hamkorlar va Buyuk Britaniya, Belgiya, Islandiya va Portugaliya kabi yangi hamkorlarga qo'shildi.
Ko'plab hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilgan "Ta'sir bo'yicha majburiyat" 120 dan ortiq mamlakatlarga Parij kelishuvi bo'yicha Milliy miqyosda  belgilangan hissalarni (MMBH) takomillashtirish va amalga oshirishda yordam berdi.