O‘zbekiston yuridik klinikalari yuridik fakulteti talabalari uchun “Kiberzo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish” mavzusi bo‘yicha yozgi maktab
8-August, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
Toshkent viloyati, O‘zbekiston — Bugun Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) “Kiberzo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish” mavzusida to‘rt kunlik yozgi maktabni boshladi. Mazkur tadbir O‘zbekistondagi yuridik klinikalarning 30 dan ortiq talabasini birlashtirib, talabalarning kiberzo‘ravonlikdagi gender zo‘ravonlikning tobora kengayib borayotgan shakli sifatida chuqurroq anglashlarini ta’minlash, shuningdek, ushbu murakkab muammoga samarali javob berish uchun ularni kerakli yuridik bilimlar va amaliy ko‘nikma bilan ta’minlashdir.
Raqamli makonlar ta’lim, mehnat va muloqotning ajralmas qismi bo‘lib borayotganiga qaramay, ayollar va qizlar onlayn zo‘ravonlikka nisbatan hanuzgacha nomutanosib darajada zaif guruh hisoblanadi — bu holat esa O‘zbekiston qonunchiligida to‘liq aks ettirilmagan. 2023-yilda “Madad” Nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab ko‘rilayotgan tuhmatga oid ishlarning 41 foizi ijtimoiy tarmoqlar bilan bog‘liq bo‘lib, bu esa raqamli zo‘ravonlik holatlarini yuridik jihatdan hal qila oladigan mutaxassislar tayyorlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Tadbirni ochar ekan, BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Qarman raqamli xavfsizlik va inson huquqlari o‘rtasidagi muvozanat haqida shunday dedi:
“Texnologiyalar inson hayotining har bir jabhasini tubdan o‘zgartirdi — sog‘liqni saqlash, ta’lim, muloqot va iqtisodiy ishtirok imkoniyatlarini kengaytirdi. Biroq, ular bilan birga kiberfiribgarlik, kiberzo‘ravonlik va shaxsiy hayot daxlsizligining buzilishi kabi yangi xavf-xatarlar ham paydo bo‘ldi. Kiberzo‘ravonlik – tobora ortib borayotgan xavf bo‘lib, u insonlar hayotiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab jabrdiydalar huquqiy yordamga ega bo‘lish imkoniyatidan mahrum.”
Ushbu trening Latviyaning ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qurbonlariga ko‘mak berish borasidagi tajribasi bilan tanilgan “Marta” tashkilotining yetakchi mutaxassislari tomonidan olib borilmoqda. Interaktiv mashqlar, rolli o‘yinlar, hayotiy holatlarga asoslangan amaliy mashg‘ulotlar, shuningdek raqamli dalillar, travmadan xabardor muloqot va huquqiy tartibotlarga oid mashg‘ulotlar orqali talabalar kiberzo‘ravonlikdan jabr ko‘rganlarga bepul yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar bilan ta’minlanadilar.
Toshkent davlat yuridik universiteti yuridik klinikasi rahbari Otabek Narziyev bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, shunday dedi:
“Yuridik klinikalarimiz nazariya bilan amaliyotni bog‘lovchi muhim ko‘prikdir. Yozgi maktab talabalarimizga zamonaviy texnologik muhitda inson huquqlarini samarali himoya qilish uchun eng so‘nggi yuridik vositalarni taqdim etadi.”
8-avgust kuni dastur yakuniga yetgach, ishtirokchilardan kiberzo‘ravonlikning turli shakllarini aniqlash, jabr ko‘rganlar bilan samarali va empatiyaga asoslangan muloqot olib borish, mos yordam yo‘llarini belgilash hamda amaldagi milliy qonunchilik asosida birlamchi va ikkilamchi yuridik yordam ko‘rsatish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni namoyon etishlari kutilmoqda. Yozgi maktab BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu loyiha Finlandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va mahalliy hamkorlar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.