Ochiqlik yo‘lida media: jurnalistlar va blogerlar davlat xizmatlarini yangicha yoritmoqda

11-October, 2025
Three people on a conference stage, blue EU banner to the left and a projection screen behind.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Toshkent viloyati, 2025 yil 9–10 oktabr— O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan 20 dan ortiq jurnalist va blogerlar davlat xizmatlari mavzusida xolis va sifatli yoritish ko‘nikmalarini oshirish maqsadida o‘tkazilgan ikki kunlik treningda ishtirok etishdi. Tadbir Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan hamda BMT Taraqqiyot Dasturi va Adliya vazirligi tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.

Treningning maqsadi media vakillariga davlat xizmatlari sohasidagi islohotlar haqida aniq, xolis va jozibali tarzda axborot berish ko‘nikmalarini mustahkamlash, shuningdek, sun’iy intellekt va raqamli vositalardan samarali foydalanishni o‘rgatishdan iborat edi.

Mashg‘ulotlarni Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi trenerlari Lola Islamova va Dilfuza Mirzaxmedova olib bordilar. Ular amaliy mashqlar va interfaol topshiriqlar orqali ishtirokchilar bilimlarini mustahkamlashdi. Ikki kun davomida qatnashchilar:

  • davlat xizmatlari haqidagi axborotlarni ochiqlik va xolislik tamoyillari asosida yoritish usullarini o‘rgandilar;

  • ma’lumot manbalarini tekshirish va tahlil qilish ko‘nikmalarini mustahkamlashdi;

  • infografika va “explainers” kabi zamonaviy formatlarda kontent yaratishni mashq qilishdi;

  • sun’iy intellekt vositalaridan faktlarni tekshirish va raqamli hikoya tayyorlash uchun foydalanishdi;

  • guruh bo‘lib qisqa reportaj va videoroliklar yaratishdi.

Trening yakunida savol-javob sessiyasi, fikr almashish va sertifikat topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilar davlat xizmatlari to‘g‘risida aholining xabardorligini oshirishga xizmat qiluvchi yangi bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishdi.

Ma’lumot uchun:

“O‘zbekistonda davlat xizmatlari ko‘rsatishni yanada takomillashtirish” loyihasi Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan va BMT Taraqqiyot Dasturi tomonidan amalga oshirilmoqda, Umumiy byudjeti 4,900,000 evroni tashkil etadigan mazkur loyiha 2024-2029 yillar davomida amalga oshirilib, qishloq hududlarda davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatining cheklanganligi, raqamlashtirish darajasining yuqori emasligi va eskirgan institutsional tizim kabi asosiy muammolarni yechishga qaratialdi. Ushbu natijalarga quyidagi to‘rtta asosiy yo‘nalish orqali erishiladi:

  1. Davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimining “bek-ofis”ini ta’minlovchi institutsional, huquqiy va me’yoriy bazani isloh qilish.

  2. Bek-ofis muassasalarining milliy, hududiy va mahalliy darajalarda samarali faoliyat yuritish salohiyatini oshirish.

  3. Bek-ofis muassasalarining raqamli va foydalanuvchiga yo‘naltirilgan transformatsiyasini tezlashtirish.

  4. Hududiy va mahalliy institutlarning tezkorligi, mas’uliyati va bek-ofis sifatida faoliyat yuritishini yaxshilash uchun mahalliy boshqaruv tizimlarini o‘zgartirish.

Loyiha O‘zbekistonning islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlaydi hamda Barqaror rivojlanish maqsadlari (BRM)ga, jumladan BRM 16 – kuchli institutlar va BRM 9 – innovatsiya va infratuzilma maqsadlarini amalga oshirishga xizmat qiladi. 2029 yilgacha tashabbus doirasida 11 ta institutsional tahlil o‘tkazish, 1 000 nafar davlat xizmatchisi malakasini inkyuzivlik va fuqarolarda yo‘naltirilgan xizmat ko‘rsatish bo‘yicha oshirish, 35 ta xizmatni raqamlashtirish, 34 ta mahallada o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonasini yaratish ko‘zda tutilmoqda. Ushbu keng qamrovli islohotlar aholining samarali, shaffof va inklyuziv davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada oshiradi.

 

Qo‘shimcha ma’lumot uchun:

Jaloliddin Badalov

Communication Analyst UNDP in Uzbekistan Email: jaloliddin.badalov@undp.org 

Malika Musaeva

Press and Information Officer / Delegation of the European Union in the Republic of Uzbekistan / Email:delegation-uzbekistan@eeas.europa.eu