Kreativlikni qo‘llab-quvvatlash: O‘zbekistonlik tadbirkor ayollar xalqaro konferensiyada sahnaga chiqdi

17-October, 2025
Woman presenter on stage beside a white screen displaying the KORPE logo.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Sankt-Peterburg, 2025-yil 9-oktabr — Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) ishtirokchilari delegatsiyasi 8–9-oktabr kunlari o‘tkazilgan “Rossiya xalqaro ijodiy mavsumlari” (RICS) xalqaro konferensiyasida O‘zbekiston nomidan faxr bilan ishtirok etdi. WESP delegatsiyasi O‘zbekistonda to‘qimachilik va moda sanoatida faoliyat olib borayotgan iqtidorli va tajribali tadbirkor ayollarni birlashtirdi. Ular kiyim-kechak va to‘qimachilik mahsulotlari, milliy qo‘l mehnati asosida tayyorlanadigan kiyimlar hamda ekologik toza mahsulotlar tayyorlash yo‘nalishlarida ish olib borishadi. Konferensiya davomida ishtirokchilar O‘zbekistonning boy milliy madaniyatini zamonaviy dizayn va barqaror biznes yondashuvlari bilan uyg‘unlashtirgan innovatsion ishlanmalarini namoyish etdilar. Bu O‘zbekiston kreativ iqtisodiyotida ayollar ulushi ortib borayotganini yaqqol ko‘rsatdi.

“Rossiya xalqaro ijodiy mavsumlari” (RICS) konferensiyasi kreativ iqtisodiyot sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi global platforma hisoblanadi. Tadbir 30 dan ortiq mamlakatdan tashrif buyuruvchi 1 500 dan ziyod ishtirokchilarga ijodiy ishlab chiqarish zanjirlarini mustahkamlash, innovatsion mahsulotlarni namoyish etish, muloqot va hamkorlik aloqalarini kengaytirish, shuningdek B2B hamkorlik va xalqaro muloqotni rivojlantirish imkoniyatini taqdim etadi.

WESP ishtirokchilari konferensiya davomida o‘z mahsulotlarini taqdim etishdi, eksport bozorlariga chiqish imkoniyatlarini o‘rganishdi va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdi. Shuningdek, ular barqaror moda yo‘nalishidagi zamonaviy tendensiyalar, raqamli innovatsiyalar hamda ijodiy tadbirkorlik sohasidagi ilg‘or tajribalar bilan tanishib, o‘z bizneslarini kengaytirish va rivojlantirish uchun muhim bilimlarga ega bo‘lishdi.

“RICS konferensiyasida ishtirok etish O‘zbekistonning kreativ sanoatini rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir davomida biz Rossiya va Qozog‘iston tadbirkorlari bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, ekologik innovatsiyalarni joriy etish hamda mahalliy brendlarni xalqaro bozorlarga olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishdik,” deydi “Shoxon Shoirabegim” brendi asoschisi Shoiraxon Karimova. U ayollar va bolalar uchun tabiiy matolardan kundalik kiyim-kechaklar ishlab chiqaradi va Tojikiston hamda Qirg‘izistonga ham eksport qiladi.

Yana bir ishtirokchi, Marjon Dosaliyeva konferensiyada o‘zining “KORPE” brendini taqdim etdi. Bu brend mahsulotlari o‘zbek madaniyati unsurlarini zamonaviy dizayn bilan uyg‘unlashtirgan bo‘lib, taqdimot davomida iliqlik bilan kutib olindi. “KORPE” brendi milliy madaniy o‘ziga xoslikni san’at orqali asrab-avaylashga yo‘naltirilgan.

“Munira Collection” brendi asoschisi Munira Komilova an’anaviy popopchilik yo‘nalishida qo‘l mehnati asosida o‘ziga xos liboslar yaratadi. U o‘z ijodi orqali o‘zbek milliy san’atini targ‘ib etish bilan birga 20 nafar ayol uchun ish o‘rni yaratgan. “Konferensiya davomida men yangi g‘oyalar va yondashuvlarni o‘rgandim, shuningdek, biznes yetakchilari bilan foydali va mustahkam aloqalar o‘rnatdim,” dedi Munira Komilova.

Mazkur tashrif BMT Taraqqiyot dasturining “Rossiya va BMT Taraqqiyot Dasturi hamkorligida bilimlarni boshqarish va salohiyatni oshirish”, III bosqich mintaqaviy loyihasi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) Hamroh – ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash kompaniyasi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan tashabbus bo‘lib, tadbirkor ayollarni akselerator dasturlari, o‘quv tashriflari va boshqa foydali tashabbuslar orqali tadbirkorlik ko‘nikmalari va yangi imkoniyatlar bilan ta’minlamoqda.

Qo‘shimcha ma’lumot uchun kontaktlar:

Zilola G‘aybullaeva, BMTTD Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi kommunikatsiya bo‘yicha tahlilchisi – zilola.gaybullaeva@undp.org 

Diyora Mamadalieva, “Hamroh” kompaniyasi Kommunikatsiyalar, trening va mentorlik bo‘limi rahbari – d.mamadalieva@hamrohingiz.uz