Kambagʼallikning daromaddan tashqari jihatlari tahlili inqiroz domidagi dunyoda oʼzgarish yasash uchun nimalarga urgʼu berish mumkinligini namoyish etdi

Kambagʼallarning 50 foizi hali ham elektr energiyasi va ovqat tayyorlash uchun toza yoqilgʼidan foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bu - qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini yaratish odamlar va sayyora uchun naqadar muhim ekanini koʼrsatadi

18-October, 2022

Bugun eʼlon qilingan Koʼp oʼlchamli kambagʼallik indeksining (KKI) navbatdagi hisobotida kambagʼallik koʼlamini qisqartirish mumkinligi taʼkidlanib, kambagʼallikning oʼzaro bogʼliq jihatlariga qarshi kurashish uchun rivojlanish sohasidagi saʼy-harakatlarda ilgarilashni taʼminlashi mumkin boʼlgan "kambagʼallikning yangi profillari" ochib berilgan. Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Oksford universiteti qoshidagi Oksfordning kambagʼallikka qarshi kurash va inson taraqqiyoti tashabbusi (OPHI) tomonidan oʼtkazilgan mazkur tahlilda odamlar oʼz kundalik hayotining turli jabhalarida kambagʼallikning turfa xil koʼrinishlarini qanday boshdan kechirayotganini tushunish uchun kambagʼallik darajasini oʼlchash vositasi sifatida daromaddan tashqari jihatlar - taʼlim va sogʼliqni saqlash, turar-joy, ichimlik suvi, kanalizatsiya va elektr energiyasi kabi turmush qulayliklaridan foydalanish masalalari koʼrib chiqilgan.

Hisobotda butun dunyo boʼylab koʼp oʼlchamli kambagʼallik sharoitida yashayotgan insonlarga taʼsir qilayotgan bir qator “mahrumlik toʼplamlari” - kambagʼallikning takrorlanuvchi modellari aniqlangan. Mazkur maʼlumotlardan muayyan hududlarda keng tarqalgan kambagʼallik profillarini aniqlashda foydalaniladi. Bu bir vaqtning oʼzida kambagʼallikning bir nechta jihatiga qarshi kurashishga qaratilgan strategiyalarni ishlab chiqishda muhim qadam hisoblanadi.

Maʼlumotlarga koʼra, COVID-19 pandemiyasi va yashash xarajatlari bilan bogʼliq joriy inqirozni hisobga olmasak ham, 111 ta rivojlanayotgan mamlakatda 1,2 milliard nafar odam koʼp oʼlchamli kambagʼallik sharoitida yashamoqda. Kambagʼallik, deganda kuniga 1,90 dollardan kam daromad topish tushunilgan taqdirda ham, bu – kambagʼal, deb hisoblanadiganlar sonidan deyarli ikki barobar koʼpdir.

“Ufqni inqiroz bulutlari burkab olgan va qariyb 54 ta rivojlanayotgan davlat qarz girdobida qolib, davlatlarning busiz ham cheklangan byudjetlari yanada qisqarayotgan bir sharoitda - tobora taqchillashib borayotgan resurslar yordamida eng taʼsirchan oʼzgarishlarni qaysi sohalarda amalga oshirish mumkinligini tushunish uchun ilgʼor maʼlumotlar va tahlil qilish imkoniyatlaridan foydalanish juda muhim”, - deydi BMTTD maʼmuri Axim Shtayner. “Masalan, ushbu koʼp oʼlchamli tahlil shuni koʼrsatadiki, uglevodorod yoqilgʼisining ulushini kamaytirish va toza energiya manbalaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish iqlim oʼzgarishiga qarshi kurash borasidagi saʼy-harakatlarga muhim hissa qoʼshadi. Bu esa elektr energiyasi va ovqat tayyorlash uchun toza yoqilgʼidan foydalanish imkoniyatiga ega boʼlmagan 600 millionga yaqin odam uchun oʼta muhim”.

Аsosan, COVID-19 pandemiyasi boshlanguniga qadar toʼplangan maʼlumotlarga asoslangan mazkur hisobotda, odatda, yonma-yon yuradigan mahrumlik toʼplamlariga qarshi kurashish zarurati taʼkidlanadi. Jumladan:

  • Kambagʼallarning 50 foizdan ziyodi (593 million odam) ham elektr energiyasi, ham toza yoqilgʼidan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
  • Kambagʼallarning deyarli 40 foizi (437 million odam) ichimlik suvi va sanitariya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega emas.
  • Kambagʼallarning 30 foizdan ziyodi (374 million odam) bir vaqtning oʼzida ovqatlanish, ovqat tayyorlash uchun yoqilgʼi, sanitariya xizmatlari va turar-joydan mahrum.

Hisobotda kambagʼallikka qarshi kurashishning yanada samarali usullarini izlash uchun ushbu qonuniyatlarni tushunish muhimligi taʼkidlanadi. “Masalan, Laos XDRda ovqat tayyorlash uchun yoqilgʼidan foydalanish imkoniyatiga ega boʼlmagan oilalar, koʼpincha, farzandlarini maktabga yubora olmaydi, negaki bolalar har kuni oʼtin yigʼish bilan band boʼladi. Shunday ekan, yoqilgʼi muammosi bartaraf etilmas ekan, qishloq maktabini qurishning oʼzi muammoni yechish uchun yetarli boʼlmaydi”, - deydi BMT Taraqqiyot dasturining Inson taraqqiyoti toʼgʼrisidagi hisobotlar boʼlimi xodimi, hisobot mualliflaridan biri Tasnim Mirza.

Hisobotda dunyoni turli burchaklarida kambagʼallikni qisqartirish boʼyicha qoʼllangan muvaffaqiyatli kompleks strategiyalardan misollar keltirilgan. Nepalda sanitariya sohasiga investitsiya kiritish orqali ichimlik suvidan foydalanish, bolalar ovqatlanishi va diareya bilan kasallanish darajasini qisqartirish orqali bolalar oʼlimi koʼrsatkichlarini yaxshilashga erishilgan. Hindistonda 15 yil ichida 415 millionga yaqin odam koʼp oʼlchamli kambagʼallikdan olib chiqilgan boʼlib, bu tarixiy yutuq hisoblanadi.

Pandemiyaga qadar 72 mamlakatda kambagʼallikni sezilarli darajada qisqartirishga erishilgan edi. Shunga qaramay, hisobotda Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq kambagʼallikka barham berishga qaratilgan ayrim saʼy-harakatlar soʼnggi paytlarda ustma-ust sodir boʼlayotgan inqirozlar natijasida besamar ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda.

Kambagʼallik profilini aniqlash kambagʼallikning barcha oʼlchamlari boʼyicha maʼlumotlarning ishonchli bazasiga tayanib, hisobotda, ayniqsa, eng kambagʼal mamlakatlarda va eng kambagʼal odamlar yashaydigan hududlarda, kambagʼallik toʼgʼrisidagi maʼlumotlarni muntazam yangilash borasidagi saʼy-harakatlarni qayta tiklash zarurligi taʼkidlanadi.

Oksford universiteti qoshidagi OPHI direktori Sabina Alkayr shunday deydi: "KKI kambagʼallikning monetar oʼlchamlari uchun muhim qoʼshimcha hisoblanadi, chunki u mahrumlik toʼplamlarini toʼgʼridan-toʼgʼri namoyish etadi. Umidimiz shuki, bu yilgi mahrumlik toʼplamlari toʼgʼrisidagi maʼlumotlar ushbu beqaror zamonda kambagʼallikni qisqartirish uchun qoʼshimcha qatʼiyat va aniqlik bilan chora koʼrish imkonini beradi”.

KKIda, shuningdek, kambagʼallikning mintaqalar kesimidagi chuqur tahlili keltiriladi. Koʼp oʼlchamli kambagʼallik domidagi odamlarning aksariyati (83%) Sahroi Kabirdan janubda joylashgan Afrika mamlakatlarida (579 millionga yaqin) va Janubiy Osiyoda (385 million) yashaydi. Kambagʼallarning uchdan ikki qismi oʼrtacha daromadli mamlakatlarda, 83 foizi esa qishloq joylarda yashaydi. Pandemiyaga qadar erishilgan ulkan taraqqiyotga qaramay, Hindistonda hali ham 229 million nafar kambagʼal bor. Keyingi oʼrinda 97 million nafar kambagʼal yashaydigan Nigeriya turadi.

“Mazkur KKI BMTTDning butun dunyo boʼylab amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlarini qoʼllab-quvvatlashda muhim ahamiyatga ega, negaki biz 2025 yilgacha 100 million odamni koʼp oʼlchamli kambagʼallikdan olib chiqishdek dadil maqsadimizga erishish uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va undan tashqaridagi sheriklarimiz bilan hamkorlik qilamiz”, - deydi Axim Shtayner.