Iqlim o’zgarishi va moslashuv masalalariga bag’ishlangan konferensiya Toshkentda bo'lib o'tmoqda

6-May, 2024
Surat: BMTTD O'zbekiston

6-7 may kunlari Toshkentda iqlim o‘zgarishi va moslashuv masalalariga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya BMTTD tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Orolbo'yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalalari qo'mitasi, O'zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligining Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O'zgidromet) va O'zbekiston ekologik harakati bilan birgalikda Yashil iqlim jamg'armasi (YaIJ) moliyaviy ko'magida tashkil etildi.

Konferensiyadan koʻzlangan maqsad iqlim oʻzgarishiga moslashish boʻyicha faoliyatning ustuvor yoʻnalishlarini belgilash va moslashish mexanizmlarini ishlab chiqish boʻyicha yondashuvlar va imkoniyatlarni taqdim etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlarining Milliy moslashuv rejalarini tayyorlashda olingan saboqlar haqida xabardorligini oshirishdan iborat.

Tadbirda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston Respublikasi, Tojikiston, Turkmaniston, davlat va nodavlat tashkilotlari, ilmiy hamjamiyat, xalqaro rivojlanish agentliklari va iqlim o‘zgarishiga moslashish sohasida faoliyat yurituvchi moliya institutlari vakillari ishtirok etdi. Anjumanda ta’kidlanganidek, iqlim o‘zgarmoqda va uning o‘zgarishi oqibatlari allaqachon sezilmoqda: ob-havo tobora beqaror bo‘lib bormoqda, havo harorati ko‘tarilmoqda, suv havzalarining gidrologik rejimi o‘zgarib bormoqda, ob-havo bilan bog’liq noqulay hodisalar – qurg‘oqchilik, sellar, issiq va sovuq havo to’lqinlari, kuchli shamollar, kuchli yog'ingarchilik va chang bo'ronlari tobora ko‘proq kuzatilmoqda. Bugungi kunda moslashish uchun yetarli ijtimoiy, texnologik va moliyaviy resurslarga  ega bo'lmagan ko'plab rivojlanayotgan mamlakatlar iqlim o'zgarishi ta'siridan aziyat chekmoqda. Millionlab odamlar hozirning o’zida suv va oziq-ovqat taqchilligi va aholi salomatligiga tahdid soluvchi iqlim bilan bog’liq xatarlar ortib borayotganini his etmoqda.

 

Shubhasiz, haqiqat shundan iboratki, Markaziy Osiyo mamlakatlari iqlim o'zgarishi kuchli ta’sir ko’rsatayotgan va bunday o’zgarishlar oldida zaif bo’lgan mintaqadir. Bu yerda havo harorati sayyoradagi o'rtacha ko'rsatkichdan 1,7 baravar tezroq o'sib bormoqda, bu esa so'nggi 50 yil ichida muzliklar maydonining hajmi deyarli 32 foizga qisqarishiga olib keldi. Bu daryolar oqimlarining pasayishiga olib kelish barobarida, mintaqaning oziq-ovqat va energiya sohalaridagi xavfsizligi uchun xavf tug'diradi. Mintaqada hozirning o’zida tobora ortib borayotgan suv resurslari taqchilligi (Markaziy Osiyoda aholi jon boshiga suv bilan ta'minlanish darajasi ikki baravar kamaygan (3500 m3 dan 1630 m3 gacha), issiqlik to'lqinlari davomiyligining oshishi, yog'ingarchilik rejimi va jadalliginig o'zgarishi kuzatilmoqda.  Bularning barchasi unumdor yerlar sifatining yomonlashuviga, shuningdek, choʻllanish jarayonlarining davom etishi, avvallari bu hodisalarga duchor boʻlmagan hududlarda chang va qum boʻronlarining tez-tez sodir bo’lishiga olib keladi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Ta'kidlanganidek, shu nuqtai nazardan, "yashil iqtisodiyot" ga o'tish va iqlim o'zgarishiga qarshi kurashish, uning salbiy oqibatlarini yumshatish, atmosfera havosini muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish O'zbekistonda izchil va bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan davlat va jamoat qurilishi sohasidagi islohotlar doirasida ustuvor vazifaga aylandi. Barqaror rivojlanishga qaratilgan "O'zbekiston 2030" strategiyasida ekologiya va atrof-muhit, hududlarni muhofaza qilish va ko'kalamzorlashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Surat: BMTTD O'zbekiston
“Iqlim o‘zgarishi Markaziy Osiyo davlatlaridan iqlim o‘zgarishi ta’sirining oldini olish va oqibatlarini yumshatish, iqlim o'zgarishiga moslashish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyalar, konsepsiyalar, dasturlar va harakatlar rejalarini ishlab chiqishni talab qiladi. Resurslarni tejash va moslashish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar bo'lmagan taqdirda, mamlakatlar qishloq xo'jaligi sohasidagi ishlab chiqarishining beqarorligiga va mintaqa mamlakatlarining oziq-ovqat xavfsizligiga tahdid soladigan bir qator muammolarga duch kelishi mumkin”,
- ta'kidlab o’tdi BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili v.b. janob Anas Qarman o‘z nutqida.
Surat: BMTTD O'zbekiston

Shuningdek, iqlim o'zgarishi bilan bog'liq potentsial xavflarni kamaytirish maqsadida harakatlarni rejalashtirish va amalga oshirish zarurligi qayd etildi. Ushbu rejalashtirish va kutilayotgan harakatlar natijalari mahalliy, mintaqaviy va milliy moslashuv rejalarida aks ettirilishi kerak. 

Shuningdek, Yashil iqlim jamg'armasi mamlakatlarning Milliy moslashuv rejalarini ishlab chiqish bo'yicha Parij kelishuvi oldidagi majburiyatlarini bajarishlari uchun moliyaviy yordam ko'rsatayotgani qayd etib o’tildi. Konferensiya davomida Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi loyihalar natijalari taqdim etilib, iqtisodiyotning iqlim o‘zgarishi jarayonlari oldida eng zaif bo’gan tarmoqlari uchun moslashuv rejalarini ishlab chiqish bo'yicha yondashuvlar muhokama qilindi.

Konferensiya dasturiga muvofiq, iqlim o'zgarishiga moslashish masalalari suv resurslari, qishloq xo'jaligi, sog'liqni saqlash, qurilish sektori va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga bag'ishlangan tematik sessiyalarda muhokama qilindi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Shuningdek, konferensiya doirasida moslashuv chora-tadbirlarini moliyalashtirish masalalari ham muhokama qilindi. Tematik sessiya davomida xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari va moslashuv tadbirlarini moliyalashtirishning innovatsion mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Konferensiya yakunlari bo‘yicha Milliy moslashish rejasini ishlab chiqish va aholining iqlim o‘zgarishiga moslashish chora-tadbirlari to‘g‘risida xabardorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi.

 

Konferensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining taraqqiyot dasturi (BMTTD), Yashil iqlim jamg'armasi (YaIJ) va Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o'zgarishi vazirligi huzuridagi Gidrometeorologiya xizmati agentligi (O'zgidromet)ning O'zbekistonda moslashish choralari va harakatlarini o'rta va uzoq muddatli rejalashtirishga qaratilgan "Iqlim o'zgarishiga eng zaif bo'lgan iqtisodiyot tarmoqlari va mintaqalarga mo’ljallangan milliy moslashuv rejasi (MMR)” qo'shma loyihasi doirasida tashkil etilgan.

 

 Qo'shimcha ma'lumot:

 

Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari iqlim oʻzgarishining iqtisodiyot va aholi turmush tarziga taʼsirini kamaytirish, iqlim oʻzgarishiga moslashish masalalariga alohida eʼtibor qaratmoqda. Parij kelishuvi mamlakatlar tomonidan so'zsiz ratifikatsiya qilindi va shu bilan issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish, shuningdek, rivojlanish strategiyasiga moslashish siyosatini joriy etish bo'yicha muayyan majburiyatlar qabul qilindi. Parij kelishuvida global haroratning oshishini yumshatish va moslashish mexanizmlarini amalga oshirish orqali cheklash zarurligini va kelishuvga qo'shilgan barcha Tomonlar ushbu sa'y-harakatlarda ishtirok etishi zarurligi urg’ulab o’tilgan. Shu bilan birga, moslashuv milliy darajada rejalashtirish va amalga oshirish predmeti sifatida ham, xalqaro miqyosda taraqqiyotga ko'maklashish, hisobot berish va baholash predmeti sifatida ham ko’riladi.

 

Iqlim o'zgarishi bo'yicha Parij kelishuvini ratifikatsiya qilish (Parij, 2015 yil 12-dekabr) xalqaro talablar asosida faoliyat yuritish imkoniyatini beradi. Parij kelishuvi doirasida O‘zbekiston 2030-yilga borib 2010-yilga nisbatan yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan issiqxona gazlari chiqindilarini 35 foizga kamaytirish majburiyatini oldi. Yangilangan majburiyatlar milliy barqaror rivojlanish, shuningdek, mavjud milliy sharoitga qarab ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanish maqsadlarini o'z ichiga oladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan "Yashil makon" umummilliy loyihasi jamoatchilik tomonidan keng qo'llab-quvvatlanmoqda, mamlakatda har yil 200 million ko'chat ekilmoqda.

 

Parij kelishuvining 7-moddasida Tomonlar iqlim oʻzgarishining turli tizimlarga taʼsirini va ularning zaif tomonlarini baholashni hamda milliy moslashish rejalariga ega boʻlishini talab qiladi. Bundan tashqari, Kelishuv mamlakatlar tomonidan ko'rilgan moslashish choralari, ularning amalga oshirilishi va samaradorligi to'g'risida xalqaro darajada to'liq hisobot berishni nazarda tutadi.