Hamroh, BMT Taraqqiyot Dasturi va The Coca-Cola Foundation WESP dasturi doirasida birinchi bosqich g‘olibalarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi
5-March, 2026
Toshkent, 2026-yil 4-mart, Hilton Tashkent City – Hamroh, O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va The Coca-Cola Foundation tomonidan O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) doirasida birinchi bosqichning 20 nafar g‘olibasini taqdirlash marosimini o‘tkazildi.
Tadbir 2025-yil dekabr oyida e’lon qilingan strategik uch tomonlama hamkorlikning mantiqiy davomi bo‘lib, hamkorlikning ilk amaliy natijalarini namoyon etdi.
Kirish so‘zlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining konsultanti, Inson kapitalini rivojlantirish bo'yicha loyiha ofisi koordinatori hamda Hamroh Kuzatuv kengashi a’zosi Nozimaxon Davletova; O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Gulnora Raximova; O‘zbekistondagi Coca-Cola kompaniyasi Bosh direktori Kazumasa Mukae; hamda O‘zbekistondagi BMTTD Doimiy vakilasi Akiko Fujii tomonidan taqdim etildi. Spikerlar ayollarning moliyaviy vositalarga va institutsional qo‘llab-quvvatlashga kirishini kengaytirish ularning iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va mamlakatning barqaror rivojlanishini ta’minlashda muhim omil ekanini ta’kidladilar.
Dastur birinchi bosqichi doirasida 20 nafar g‘oliba har biri 5 000 AQSh dollarigacha miqdorda grant oladi. Umumiy moliyalashtirish hajmi 100 000 AQSh dollarigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etadi. Mablag‘lar biznesni rivojlantirish va kengaytirish uchun zarur uskunalarni xarid qilishga yo‘naltiriladi.
Grant qo‘llab-quvvatlashi WESP dasturi doirasida amalga oshirilgan kompleks ishlar natijasidir. Dastur ta’lim modullari, maslahat ko‘magi va biznes-loyihalarni tayyorlashni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilar o‘qitildi, tadbirkorlik ko‘nikmalarini mustahkamladi va o‘z tashabbuslarini tanlov asosida taqdim etdi.
Dastur ikki bosqichli grant qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi, bu esa mamlakatning turli hududlaridagi ayol tadbirkorlarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Marosim doirasida “Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash” nomli qisqa ijtimoiy film namoyish etildi. Film Hamroh, BMTTD va The Coca-Cola Foundation ko‘magida yaratilgan. Film ayol tadbirkorning muvaffaqiyatida oilaning roli kabi muhim mavzuni yoritadi. WESP ishtirokchilarining turmush o‘rtoqlari, otalari va o‘g‘illari bilan o‘tkazilgan intervyular orqali yaqinlarning qo‘llab-quvvatlovi biznes barqarorligi va ayollarning o‘ziga bo‘lgan ishonchini mustahkamlovchi muhim omil ekani ta’kidlandi. Film namoyishi 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlandi va ayollarning iqtisodiyot hamda jamiyat rivojiga qo‘shayotgan hissasini e’tirof etishni ifodalaydi.
“Juda ko‘p hollarda ayollar o‘zlariga o‘zgalar ko‘zi bilan qaraydilar. Biz o‘z qadr-qimmatimizni boshqalar biz haqimizda nima deyishi, biz haqimizda nima deb o‘ylashi, bizni qanday baholashlari orqali belgilaymiz. Ammo bizning haqiqiy qiymatimiz eng yangi iPhone yoki qimmatbaho zargarlik buyumlarida emas. Haqiqiy hashamat - bu o‘z salohiyatimizni ro‘yobga chiqarish qobiliyati va orzularimizga erishish uchun jasoratga ega bo‘lishdir. Ba’zida bu yo‘l bizga qimmatroqqa tushadi - lekin u bunga arziydi.” — Nozimaxon Davletova, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Rahbarining konsultanti, Inson kapitalini rivojlantirish bo'yicha loyiha ofisi koordinatori hamda Hamroh Kuzatuv kengashi a’zosi
“Dekabr oyida biz strategik hamkorlik boshlanganini e’lon qilgan edik, bugun esa uning amaliy natijalarini ko‘rib turibmiz. Ushbu 20 nafar g‘oliba tizimli qo‘llab-quvvatlash, bilim va moliyaviy vositalarga kirish imkoniyati ayollarga o‘z biznesini ishonch bilan kengaytirish imkonini berishini yaqqol namoyish etadi. Bizning maqsadimiz bunday imkoniyatlarni mamlakat bo‘ylab iloji boricha ko‘proq ayollar uchun yetkazishdir.” — Dilfuza Nurmatova, Hamroh Bosh direktori
"BMTTDda biz ayollarning biznesdagi imkoniyatlarini kengaytirishga investitsiya kiritish nafaqat shaxsiy muvaffaqiyatga erishishga, balki butun iqtisodiy sohada adolat, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillarini mustahkamlashga ham ishonamiz. Bugun biz nishonlayotgan grant dasturi O'zbekistondagi BMTTDning avvalgi tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlash loyihalari tajribasiga asoslanadi. Uning asosiy maqsadi WESP akseleratsion dasturini muvaffaqiyatli tamomlagan ayol tadbirkorlarning faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishni qo'llab-quvvatlashdir." — Akiko Fujii, BMTTDning O'zbekistondagi doimiy vakilasi
“Men uchun ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturlar va tashabbuslardan emas, balki oiladan, ya’ni bir-birimizning tanlovimiz, karyeramiz va orzularimizga bo‘lgan hurmatdan boshlanadi. Haqiqiy ma’noda huquq va imkoniyatlarni kengaytirish shunchaki so‘zlar emas, balki shaxsiy namuna hamda biz yaratayotgan imkoniyatlardir. Aynan shu sababli ham biz hamkorlarimiz bilan birgalikda butun O‘zbekiston bo‘ylab tadbirkor ayollarga sarmoya kiritmoqdamiz. Zero, ularni bugun qo‘llab-quvvatlar ekanmiz, mamlakatning ertangi kelajagini barpo etamiz”. — Kazumasa Mukae, Coca-Cola kompaniyasining O‘zbekistondagi Bosh direktori
Ma’lumot uchun: Ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi (WESP) – Hamroh tashabbusi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi ko‘magida BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) tomonidan amalga oshiriladi. Dastur ayol tadbirkorlar yetakchiligidagi korxonalarni mustahkamlaydi va mamlakat bo‘ylab ayollar uchun iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytiradi. Bu akseleratsiya dasturlari, o‘quv mashg‘ulotlari va boshqa salohiyatni oshirish tashabbuslari orqali amalga oshiriladi.
Batafsil: https://go.undp.org/iYB
Hamroh – O‘zbekistonda ayol tadbirkorlar uchun bepul o‘quv dasturlari, mentorlik va maslahat xizmatlarini taqdim etuvchi hamda imtiyozli moliyalashtirishga shaffof shartlarda ko‘maklashuvchi birinchi kompaniya hisoblanadi.
The Coca-Cola Foundation – The Coca-Cola kompaniyasining global xayriya jamg‘armasi bo‘lib, barqaror rivojlanish, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahalliy hamjamiyatlarni mustahkamlash sohasidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.