Gender raqamli tafovuti: tafovutlarni bartaraf etish imkoniyatlari va yechimlar

9-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Joriy yilning 9-mart kuni Toshkent shahar “IT Park”  binosi anjumanlar zalida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti  Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda  xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut: qisqartirish yo‘llari va usullari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi, Bandlik va kambag‘alikni qisqartirish vazirligi, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston yetakchi ayollari muloqoti platformasi, gender adolat liderlari - volontyorlari, fuqarolik jamiyati va OAV vakillari ishtirok etdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Har yili 8-mart sanasi butun dunyoda ayollar huquqlari harakatining markazi sifatida nishonlanib, gender tenglik, reproduktiv huquqlar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalalariga eʼtibor qaratiladi.

Biz texnologiyalar jadal rivojlanib, kundalik hayotimizning muhim qismiga aylanib borayotgan zamonda yashayapmiz. Biroq, dunyo aholisining deyarli yarmini tashkil qiluvchi ayollarning 37% turli sabablarga ko‘ra internetdan foydalana olmaydi. Erkaklarga qaraganda 259 million kamroq ayollar internetga kirish imkoniga ega. Agar xotin-qizlar internetga kira olmasalar, ular zarur raqamli ko‘nikmalarni rivojlantira olmaydilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Shuni taʼkidlash lozimki, O‘zbekistondagi BMTTDning 2022-yilda o‘tkazgan “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut”ini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlari xotin-qizlarning raqamli ko‘nikmalari erkaklarnikidan qariyb 24% ortda qolishini tasdiqladi. 35 yoshdan oshgan ayollar 35 yoshdan kichik ayollarga qaraganda 10 % ga kam AKT soxasida malakaga ega. Ilg‘or raqamli ko‘nikmalarga ega bo‘lgan ayollar 36%ga yuqori daromad olishadi. Shuningdek, oliy maʼlumotli ayollar oliy maʼlumotga ega bo’lmagan ayollarga qaraganda 46% ko‘proq raqamli ko‘nikmaga ega.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tadbir davomida “O‘zbekistonda gender raqamli tafovut”ini aniqlash bo‘yicha o‘rganishlar natijalari ko‘rib chiqildi. Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglikka ushbu tafovutni qisqartirish yo‘llari orqali erishish yo‘llari va o‘tkazilishi kerak bo‘lgan chora-tadbirlar haqida muzokaralar olib borildi. Tadbir ishtirokchilarning ushbu mavzudagi salbiy gender stereotiplari bilan ham kurashish borasidagi taklif va tavsiyalari eshitildi.

Tadbir so‘nggida ishtirokchilar O‘zbekistonda gender raqamli tafovutni qisqartirish orqali gender tenglikka erishish bo‘yicha yangi yondashuvlar, g‘oyalar va tashabbuslar yuzasidan fikr almashilib, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Mazkur tadbir BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan hamkorlikdagi “O‘zbekiston Respublikasi Milliy gender strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash orqali tenglikka erishish” hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va Moliya vazirligi bilan hamkorlikdagi “Yoshlarga raqamli iqtisodiyot va raqamli tadbirkorlikni qo‘llash imkoniyatlarini kengaytirish” loyihalari doirasida o’tkazildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda