Biz qishloq maktablarini zamonaviy IT uskunalari bilan ta’minladik

Ta’lim va texnologik taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida biz qishloq maktablariga 4 ta interaktiv smart-doska va 60 ta kompyuter topshirib, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zamonaviy ta’lim resurslari va vositalaridan foydalanish imkoniyatini berdik.

24-January, 2024
Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning “Qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida Islom taraqqiyot banki va OPEK Xalqaro taraqqiyot fondi mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy va Xorazm viloyatlaridagi 170 ta saralab olingan mahallani qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan.

BMT Taraqqiyot dasturining mahalliy eksperti tomonidan tayyorlangan “Qishloq maktablari salohiyati va o‘quvchilar va o‘qituvchilarning raqamli savodxonligini tahlil qilish” hisobotiga asoslanib, maqsadli viloyatlarda saralab olingan qishloq maktablarini texnik takomillashtirishda yordam berish rejalashtirgan.

Ishlab chiqilgan mezonlar asosida 4 ta quyidagi maktablar tanlab olindi va ularga interaktiv smart-doskalar, 60 ta kompyuter va mahalliy tarmoq uchun LAN uskunalari topshirildi:

  1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani "Otayurt" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 9-sonli maktab;

  2. Xorazm viloyati Xazorasp tumani "Kamolot" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 10-sonli maktab;

  3. Buxoro viloyati Vobkent tumani "Nayman" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 28-sonli maktab;

  4. Navoiy viloyati Qiziltepa tumani "Varozun" mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 18-sonli maktab.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Raqamli smart-doskalar o‘qituvchilarga axborotni yanada qiziqarli va interaktiv tarzda taqdim etish imkonini beradi. Bundan tashqari, multimedia darslarini yaratish va yetkazishda ham foydalanish mumkin. Kompyuterlar o‘quvchilarga ta'lim resurslariga ega bo'lish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga imkon beradi. LAN xablari va kabellari kompyuterlarni bir-biriga bog‘lab, o‘quvchilarga resurslarni baham ko‘rish va loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilish imkonini beradi.

Shuningdek, 2024-yil birinchi yarmida qo‘shimcha 4 ta qishloq maktablariga ham huddi shunday jihozlar topshiriladi.

“Bugungi kunda ta’limga investitsiya qilish kelajakka investitsiya. Raqamli smart-doskalar va zamonaviy kompyuterlar o‘quvchilarga axborotni yanada qiziqarli va interaktiv tarzda taqdim etish imkonini beradi. Bundan tashqari, multimedia darslarini ham yaratishi mumkin. Internet tarmog‘iga ulangan kompyuterlar orqali esa o‘quvchilarimiz foydali ta’lim resurslardan samarali foydalanish imkoniga ega bo‘lishdi”,

- deydi "Varozun" mahallasida joylashgan 18-sonli maktab direktori Fahriddin Jamolov.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi va BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan hamda Islom taraqqiyot banki va OPEKning Xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.