Yangiobod va Chorkesarning eng yaxshi biznes-loyihalariga rivojlantirish mini-grantlari berildi

27-November, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Tanlov natijasiga ko‘ra, sakkizta loyiha Yangiobod (Toshkent viloyati) va Chorkesar (Namangan viloyati) shaharlaridagi uran merosi hududida biznesni kengaytirish uchun moliyalashtirishga ega bo‘ldi.

Tanlov uran merosi hududida ish o‘rinlarini yaratish hamda biznes-tashabbuslarni rivojlantirishga ko‘maklashish maqsadida BMTTD va FVV qo‘shma loyihasi doirasida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida tashkil etildi.

Joriy yilgi tanlovda 22ta loyiha ishtirok etdi. Loyihalar yaratiladigan ish o‘rinlari soni, loyiha ishtirokchilarida tegishli tajriba mavjudligi, yangiligi va innovatsiyaviyligi, mahalliy aholi orasida mahsulot/xizmatga talab borligi, shuningdek ko‘lamlashtirish imkoniyati kabi mezonlar asosida baholandi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Komissiya ushbu mezonlardan kelib chiqqan holda, elektrmobillar va bolalar bog‘chasi uchun muqobil energiya manbalarini ta’minlash, tikish va non mahsulotlari ishlab chiqarishi, mehmonxona biznesi, quritilgan mevalar tayyorlash, fitochoy va asalarichilik mahsulotlari sohalariga doir sakkizta loyihani tanlab oldi.

Chorkesarda deyarli barcha aholi bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi va tegishli mavsumda mevalarni juda past narxlarda sotadi, - deydi tanlov g‘olibi Qamara Jaylobova. – Biz Chorkesarda yetishtirilgan mevalarni qadoqlab, avval ichki bozorda sotishni, keyinchalik esa eksport qila boshlashni xohlaymiz. Men o‘z qishlog‘im aholisining katta salohiyatini ko‘raman, shu bois yaxshi foyda topish orqali xohlovchilarni savdo sohasida biznesni noldan boshlash, mahsulotni qadoqlash hamda ichki va tashqi bozorlar uchun sifatli mahsulot yaratish yuzasidan o‘qitishni nazarda tutganman”.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Qamara o‘z biznesini qurt sotishdan boshlagan va bugunga kelib mahsulotini Qozog‘istonga eksport qiladi. Tanlov g‘olibi sifatida Qamaraga vakuumli va avtomatik qadoqlash uskunasi taqdim etildi. Qamara ushbu uskuna yordamida quritilgan mevalar, kungaboqar urug‘lari, yong‘oqlar va boshqa mahsulotlarni qadoqlash va sotish hisobiga o‘z biznesini yanada kengaytirishi mumkin.

Bir necha yil avval Chorkesar va Yangioboddagi sakkizta loyiha xuddi shunday biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirish olgan edi. Bu jarayon uran merosi hududidagi aholini yangi mahsulotlar/xizmatlar bilan ta’minlash hamda qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish imkonini berdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “O‘rta Osiyoda uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda manfaatdor tomonlarning ishtiroki. II faza” qo‘shma loyihasi BMTTD, FVV, YXHT tomonidan amalga oshirilmoqda. Loyiha faoliyati aholining xabardorligini oshirish hamda Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi ijtimoiy-yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlash orqali uran chiqindilarining odamlar va atrof-muhitga salbiy ta’siri xavfini kamaytirishga yo‘naltirilgan.