O‘zbekistondagi ikki O‘zgidromet stansiyasida aerologik kuzatuvlar qayta yo‘lga qo‘yilmoqda

10-August, 2026
Three men inspect a post-mounted device beside a chain-link fence.

Image: UNDP Uzbekistan

Qariyb 30 yillik tanaffusdan so‘ng O‘zbekistonda aerologik kuzatuvlarni qayta olib borish imkoniyati tiklanmoqda. Yashil iqlim jamg‘armasining (GCF) moliyaviy ko‘magida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) Toshkent viloyatidagi “Mayskaya” va Buxoro viloyatidagi “Yakkatut” stansiyalarini atmosferani radiozondlash uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozladi.

Radiozondlash jarayonida geliy yoki vodorod bilan to‘ldirilgan shar yordamida atmosferaga ko‘tariladigan radiozond qo‘llaniladi. Qurilma ko‘tarilish davomida atmosferaning asosiy ko‘rsatkichlarini, jumladan, turli balandliklardagi harorat, namlik, bosim, shuningdek, shamol tezligi va yo‘nalishini o‘lchaydi va ma’lumotlarni yer usti stansiyasiga uzatadi. Bunday kuzatuvlar, odatda, kuniga ikki marta amalga oshiriladi va Jahon meteorologiya tashkilotining (JMT) Global kuzatuv tizimining (GOS) bir qismi hisoblanadi.

Yuqori atmosfera qatlamlari haqidagi ma’lumotlar atmosferada kechayotgan jarayonlarni tahlil qilish va ob-havo prognozlarining aniqligini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. Ular meteorologlarga kuchli yog‘ingarchilik va kuchli shamollar ehtimolini baholash, shuningdek, aviatsiya xavfsizligini ta’minlash va iqlim tadqiqotlarini olib borishda yordam beradi. “Mayskaya” va “Yakkatut” stansiyalarining jihozlanishi O‘zbekistonning milliy meteorologik kuzatuvlar tizimining muhim tarkibiy qismlaridan birini qayta tiklash imkonini beradi.

Two men stand on either side of a giant white egg-shaped balloon indoors.

Ushbu tashabbus O‘zgidrometning kuzatuv tarmog‘ini modernizatsiya qilish va uning gidrometeorologik hodisalarni modellashtirish hamda xavflarni baholash salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. Loyiha doirasida avtomatik meteorologik stansiyalar, zamonaviy X-diapazonli ob-havo radarlari, suv oqimining tezligi va sarfini o‘lchash uchun elektromagnit uskunalarni o‘rnatish, shuningdek, iqlimiy xavflarni baholash uchun ko‘p modulli platformani yaratish ham ko‘zda tutilgan.

Prognozlarning aniqligini oshirish aholini xavfli gidrometeorologik hodisalar haqida o‘z vaqtida xabardor qilish, qishloq xo‘jaligi ishlarini samaraliroq rejalashtirish, transport infratuzilmasidan xavfsiz foydalanish hamda favqulodda vaziyatlarga javob beruvchi xizmatlarning tayyorgarligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Iqlim o‘zgarishi ta’siri kuchayib borayotgan sharoitda kuzatuv tizimini rivojlantirish mamlakatning iqlimiy xavflarga chidamliligini oshirishning muhim omillaridan biri bo‘lib, JMTning “Barchaga erta ogohlantirish” (Early Warnings for All) tashabbusini qo‘llab-quvvatlashning ajralmas qismidir.

***
BMTTD, FVV va O‘zgidromet xizmatining “O‘zbekiston aholisining iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga keladigan xavf-xatarlarga nisbatan chidamliligini oshirishgaqaratilgan kompleks erta ogohlantirish tizimini takomillashtirish” nomli qo‘shma loyihasi Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi. Loyiha faoliyati O‘zbekistonning aholisi tog‘li hududlaridagi suv toshqinlari, sellar, ko‘chkilar, qor ko‘chkilari va gidrologik qurg‘oqchilik kabi tabiiy ofatlarga urg‘u bergan holda mamlakatdagi erta ogohlantirish tizimini modernizatsiya qilish va qayta shakllantirishga qaratilgan.