Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha VI Toshkent forumi: O‘zbekiston asosiy hamkorlari bilan birgalikda shaffof va hisobdor boshqaruv bo‘yicha muloqotni ilgari surmoqda
12-May, 2026
Toshkent, 2026-yil 12–13-may — Bugun shaffof, hisobdor va korrupsiyadan xoli boshqaruvni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni muhokama qilish uchun 220 nafar milliy va xalqaro ishtirokchini jamlagan holda, Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha VI Toshkent forumi o‘z ishini boshladi. Bu forum O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi tomonidan Osiyo taraqqiyot banki (OTB), Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), Yevropa Ittifoqi (YeI) hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Markaziy Osiyoda o‘z formatiga ko‘ra yagona muntazam antikorrupsiya forumi bo‘lgan Toshkent forumi tajriba almashish va korrupsiyaga qarshi islohotlarni ilgari surish uchun muhim platformaga aylandi. U Markaziy Osiyo, Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Osiyo va Yevropa vakillarini birlashtiradi. Forum dasturi yuqori darajadagi yalpi majlis hamda institutsional shaffoflik va hisobdorlik, korrupsiyaning oldini olishning mintaqaviy va mahalliy mexanizmlari hamda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha ta’lim va jamoatchilik ishtiroki kabi mavzularga bag‘ishlangan uchta sho‘ba muhokamasini o‘z ichiga oldi. Tadbirda yetakchi xalqaro va milliy ekspertlar, OTB, IHTT, YXHT va BMTning Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi vakillari, shuningdek, ishtirokchi mamlakatlarning nufuzli aksilkorrupsiya idoralari ishtirok etdi. Qatnashchilar korrupsiyaga qarshi islohotlarni va xalqaro hamkorlikni mustahkamlashga oid amaliy tajriba, innovatsion vositalar hamda yondashuvlar bilan o‘rtoqlashdilar.
Ertalabki muhokamalar tub shaffoflik orqali jamoatchilik ishonchini tiklashga bag‘ishlanadi. Asosiy ma’ruzachilar, jumladan, Estoniya Elektron boshqaruv akademiyasidan Hannes Astok va Litva Maxsus tergov xizmatidan Egidiyus Radzyavichyus raqamli integratsiya qanday qilib hisobdorlikning qudratli vositasiga aylanishi mumkinligi haqidagi tajribalari haqida gapirib berdi. Shuningdek, Ozarbayjon va Yaponiya ekspertlari institutsional ochiqlik korrupsiya xavfi yuqori bo‘lgan jarayonlarda inson omili ta’sirini qay darajada kamaytirishi mumkinligini tahlil qildi.
Forumda korrupsiyaning oldini olish madaniyatdan boshlanishiga alohida eʼtibor qaratildi. Dunyoning yetakchi agentliklari, jumladan, Gonkongning Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha mustaqil komissiyasi (ICAC) va Singapurning Korrupsiyaga oid amaliyotlarni tergov qilish byurosi (CPIB), shuningdek, Saudiya Arabistoni va Malayziyaning aksilkorrupsiya idoralari jamoatchilikni jalb etish va korrupsiyaga qarshi ta’lim modellarini taqdim etdilar. Sessiyada noqonuniy amaliyotlarga toqatsiz jamiyatni shakllantirishda ijtimoiy sheriklik va jamoatchilik xabardorligining muhim o‘rni qayd etildi.
Yakuniy sessiyalar ushbu strategiyalarni mintaqaviy darajada amalda qo‘llash masalalariga bag‘ishlandi. IHTT va BMT NJQB rahbarligida ishtirokchilar mahalliy boshqaruv tizimida mavjud korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqishni muhokama qildilar.
Forumning asosiy dasturidan tashqari, 13–14-may kunlari qo‘shimcha tadbirlar va mintaqaviy seminarlar o‘tkazilishi koʻzda tutilgan. Ular amaliyotchi mutaxassislar, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari, komplayens nazorat bo‘yicha mutaxassislar, fuqarolik jamiyati va rivojlanish bo‘yicha hamkorlarni birlashtiradi. Qo‘shimcha tadbirlar qatorida Osiyo va Tinch okeani mintaqasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tarmog‘ining (APLEN) 8-yig‘ilishi, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatiga gender yondashuvini integratsiya qilish bo‘yicha amaliy trening hamda halollik, noqonuniy xatti-harakatlar toʻgʻrisida xabar beruvchi shaxslarni himoya qilish tizimlari, biznes axloqi va korrupsiya xavflarini boshqarish masalalariga oid mintaqaviy seminarlarni aytib oʻtish mumkin. Mazkur tadbirlar Forumning korrupsiyaga qarshi islohotlar sohasida amaliy tajriba almashish, salohiyatni oshirish va tarmoqlararo hamkorlik uchun mintaqaviy platforma sifatidagi rolini yanada mustahkamlaydi.
Forum muhokamalari natijasida korrupsiyaga qarshi siyosatni kuchaytirish, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqildi. Muloqotni rag‘batlantirish va global tajribani milliy islohotlar ustuvor yo‘nalishlariga muvofiqlashtirish orqali Forum O‘zbekistonning shaffof, hisobdor va barqaror boshqaruv tizimini yaratishga bo‘lgan intilishini mustahkamlaydi.
O‘zbekistondagi korrupsiyaga qarshi kurash islohotlari “O‘zbekistonda boshqaruv tizimini takomillashtirish: Inklyuziv ravishda korrupsiyaning oldini olish” (GIZ boshchiligidagi Yevropa Ittifoqi va Germaniya hukumati tomonidan birgalikda moliyalashtirilayotgan, hamda “Mintaqaviy muloqot” va Latviya markaziy moliya va kontraktlar agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan), hamda “O‘zbekistonda boshqaruv tizimini takomillashtirish: korrupsiyaga qarshi milliy ekotizimni mustahkamlash” (Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan va Korrupsiyaga qarhsi kurashish agentligi bilan amalga oshirilayotgan) loyihalari doirasida salmoqli qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Qo‘shimcha ma’lumot va OAV murojaatlari uchun:
Saida To‘rabekova, GIZ Oʻzbekiston, saida.turabekova@giz.de
Fotima Turg‘unboyeva, BMTTD/Oʻzbekiston, fotima.turgunboeva@undp.org
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, info@anticorruption.uz