“Qishloq xoʻjaligida biznes imkoniyatlarini va iqlimga chidamli yechimlarning qoʻllanilishini chuqur diagnostik baholash natijalari” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
17-October, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
Toshkent shahri, O‘zbekiston, 2025-yil 17-oktabr — mazkur tadqiqot joriy yilning aprel–iyul oylarida BMTTD tomonidan yollangan mahalliy konsalting kompaniya va xalqaro ekspert ishtirokida amalga oshirildi. O‘rganish jarayonida qishloq xo‘jaligi sohasining turli yo‘nalishlariga mansub 207 nafar respondent, fermerlar, dehqon xo‘jaliklari, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi hamda mahalliy hokimiyat vakillari o‘rtasida so‘rovnomalar o‘tkazildi.
Tadqiqot loyihasi Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining jami 9 ta tumanida amalga oshirildi. Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligi sohasida yangi biznes imkoniyatlarini aniqlash hamda iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan va chidamli yechimlarni joriy etish imkoniyatlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan diagnostik tahlil o‘tkazildi.
O‘rganish natijalariga asoslangan tahliliy hisobotda iqlim xavflari va imkoniyatlarini inobatga olgan holda qishloq xo‘jaligi sohasining hozirgi holati har tomonlama tahlil qilindi. Unda fermer
va dehqon xo‘jaliklarining iqlim o‘zgarishiga moslashuvchan yechimlarni joriy etishga tayyorgarlik darajasi baholandi, shuningdek, iqlimga mos biznes modellari, zamonaviy texnologiyalar va ilg‘or amaliyotlar ko‘rib chiqildi. Hisobotda, shuningdek, qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini iqlim sharoitlariga moslashtirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar hamda ularni amalga oshirishni
qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari keltirilgan.
Tadqiqotda xalqaro ekspert tomondan quiydagi 3 asosiy yo‘nalish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqildi:
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarinining, ayniqsa jahon bozorida talab yuqori bo‘lgan organik mahsulotlarning, eksporti ko‘lamini kengaytirish va yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlari;
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun yangi moliya manbalari;
Iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun innovatsiyon texnologiyalar transferi.
Davra suhbati davomida o‘rganish yakunlarini tegishli vazirlik va idoralar, hamda mahalliy hokimiyat organlari vakillariga mahalliy va xalqaro ekspertlar tomonidan taqdimot qilindi va fikrlar almashildi.
Tadbir 17-oktabr, Qashshoqlikka barham berishning xalqaro kuni doirasida ham o‘tkazilib, O‘zbekiston hududlarida qashshoqlikni kamaytirish, ish o‘rinlarini yaratish va turmush darajasini yaxshilashda barqaror hamda iqlimga moslashuvchan qishloq xo‘jaligining muhim o‘rni ta’kidlab o‘tildi.
Shu o‘rinda, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakilasi Akiko Fujii loyihaning muhimligi borasida so‘z yuritib shunday dedi: “Umid qilamanki, ushbu chuqur tahlil fermerlarning salohiyatini oshirish, qiymat zanjirini takomillashtirish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va maxsus qishloq xo‘jaligi texnologiyalarini joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu tashabbus iqlim o‘zgarayotgan sharoitda mahalliy jamoalarga zarur bilim va vositalarni berish orqali kambag‘allikni kamaytirishda muhim rol o‘ynaydi”.
Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirining o‘rinbosari Samandar Sadullayev ta’kidlaganidek, Samarqand, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining 21 ta chekka hududlarida joylashgan 157 ta mahallalarda BMT TD jamoa safarbarligi natijasida 763 ta ijtimoiy soha va yoʻl-infratuzilmasi obyektlari qurilishi va mukammal taʼmirlanishi boʻyicha subloyihalar aniqlandi. Bugungi kunga kelib, 754 ta obyektning loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish ishlari yakunlangan boʻlib, joriy yilning oktabrida loyiha hujjatlari boʻyicha ekspertiza xulosalari olinadi.
Tahliliy hisobot quyidagi havola orqali yuklab olinishi mumkin: https://go.undp.org/ioh
Tadbir Islom taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilayotgan O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda BMTTDning "Qishloq joylarini kompleks rivojlantirish" qo‘shma loyihasi doirasida tashkil etildi.