“Ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashish mexanizmlari” treningi

12-August, 2025
Group of people engaged in a discussion around a table with documents and a presentation screen.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi

Toshkent, O‘zbekiston — 2025-yil 11-avgust kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va yetakchi fuqarolik jamiyati tashkilotlari hamkorligida “Ijtimoiy tarmoqlarda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash mexanizmlari” mavzusida ikki kunlik trening boshlandi. Mazkur trening Ombudsman instituti va NNTlarning 30 nafardan ortiq mintaqaviy vakillarini jamlab, raqamli makonda ayollar va bolalarni himoya qilish bo‘yicha salohiyatni oshirishga qaratilgan. Bu masala global miqyosda tobora dolzarb bo‘lib borayotgan muammo bo‘lib, O‘zbekiston uchun ham bevosita ahamiyat kasb etadi.

Treningni ochib bergan o‘z nutqida BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili o‘rinbosari janob Anas Fayyad Qarman ushbu muammoning dolzarbligi va murakkabligini alohida ta’kidladi:

“Ijtimoiy tarmoqlar bizning kundalik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Shu bilan birga, ular ayollar, bolalar va ijtimoiy jihatdan himoyasiz guruhlar uchun yangi zo‘ravonlik shakllariga yo‘l ochdi. Onlayn zo‘ravonlikka qarshi kurash — bu shunchaki huquqiy tartibga solish emas, bu gender adolati, institutlar barqarorligi va madaniy o‘zgarish masalasidir. Biz Ombudsman instituti va fuqarolik jamiyati o‘rtasida bilim almashinuvi, ilg‘or tajriba o‘rganilishi va hamkorlik mustahkamlanishi orqali yanada samarali qonunchilik va real ehtiyojlarga moslashtirilgan qo‘llab-quvvatlash tizimlari yaratilishiga ishonamiz.”

Trening davomida kiberzo‘ravonlikning ko‘p qirrali tabiati, jumladan, uning genderga oid ildizlari, misoginiya (ayollarni kamsitish), onlayn tahdid va zararli kontentni normal holga keltirish kabi holatlar keng yoritiladi. Ishtirokchilar hayotiy holatlarga asoslangan ssenariylarni tahlil qilish, shuningdek, raqamli zo‘ravonlikni qanday aniqlash va unga qanday qilib xavfsiz, axloqiy va jabrdiyda manfaatlarini ustuvor qilgan holda javob berish bo‘yicha muhim muhokamalarda qatnashadilar.

Treningning ikkinchi kuni profilaktika va javob choralariga bag‘ishlanadi: mavjud yordam tarmoqlarini xaritalashtirish, institutlararo hamkorlikni mustahkamlash hamda erta aniqlashga xizmat qiluvchi amaliy vositalar muhokama qilinadi. Raqamli tergov bo‘yicha maxsus sessiyada ishtirokchilarga elektron va onlayn jinoyatlarga oid dalillar bilan ishlashda asoslangan yondashuvlar taqdim etiladi. Trening yakunida esa amaliy tavsiyalar ishlab chiqiladi. 

Mashg‘ulotlar Latviyaning Marta nodavlat tashkiloti tomonidan olib boriladi. Mazkur tashkilot ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash sohasida katta xalqaro tajribaga ega va ishonchli hamkor sifatida tanilgan. Trening dasturi xalqaro tajriba va mahalliy real voqeliklarni uyg‘unlashtirib, umumiy tushunchalar va muvofiqlashtirilgan yondashuvlar shakllanishiga xizmat qiladi. 

Mazkur tashabbus BMTTD tomonidan amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etilgan bo‘lib, u milliy hamkorlar bilan hamkorlikda olib boriladi va Finlandiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi.

Raqamli makonlardagi zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha ilg‘or mutaxassislarning salohiyatini oshirish orqali ushbu trening O‘zbekistonning Barqaror taraqqiyot maqsadlari, xususan, 5-maqsad — gender tengligi va 16-maqsad — tinchlik, adolat va kuchli institutlar yo‘lidagi harakatlariga munosib hissa qo‘shadi.