Image: UNDP Uzbekistan
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, hududiy moliya organlari, shuningdek mahalliy hokimiyat organlarining 70 nafardan ortiq mutaxassislari tashabbusli byudjetlashtirishni ma’muriylashtirish masalalari bo‘yicha o‘z malakasini oshirdi. 2021 yil 19-21 oktyabr kunlari BMTTD ko‘magida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi o‘rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik doirasida “Tashabbusli byudjetlashtirish” seminarlar turkumi tashkil qilindi.
Malaka oshirish bo‘yicha kasbiy dasturni o‘tkazish uchun Toshkentga Rossiya Federatsiyasi Moliya vazirligi Ilmiy-tadqiqot moliyaviy institutining delegatsiyasi tashrif buyurdi. Delegatsiya tarkibi Vladimir Vagin rahbarligi ostidagi Tashabbusli byudjetlashtirish markazining xodimlari, shuningdek «Alyans konsultantov initsiativnogo byudjetirovaniya» jamoat tashkiloti va «Master-klass» treninglar agentligining vakillaridan tashkil topgan.
Uch kunlik dastur doirasida tinglovchilar Rossiya Federatsiyasining tashabbuskor byudjetlashtirish nazariyasi va amaliyoti, uning maslahat va axborot bilan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tajribasi hamda fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida byudjet qarorlarida ishtirok etish amaliyoti bilan tanishdi. Tinglovchilar, shuningdek, fuqarolar bilan muloqotni moderatsiya qilish asoslari va panel muhokamasiga bag‘ishlangan seminar-treninglarda ishtirok etish imkoniga ega bo‘ldi.
– Men Farg‘ona shahri moliya bo‘limida nozir bo‘lib ishlayman hamda Farg‘ona shahrida tashabbusli moliyalashtirishni ma’muriylashtirish uchun mas’ulman, - deydi Ziyoda Abdulxayeva. – Ushbu dasturda ishtirok etish orqali men tashabbusli moliyalashtirishni amalga oshirishga yangicha yondashuvlar bilan tanishish, muayyan tajribani o‘zlashtirish va undan kelgusi faoliyatimda foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
– Bu yil biz aholi o‘rtasida faol tushuntirish ishlarini olib bordik, va bunda tashabbusli moliyalashtirish qanday amal qilishi, bunday loyihalarning taqdimoti va ularga qanday qilib ovoz berish kerakligini tushuntirdik, - deydi Zahro Obidova, “Tashabbusli byudjetlashtirish” loyihasining Toshkent viloyatidagi moderatori. – Tegishli ravishda, ish jarayonida biz qiyinchiliklarga duch keldik. Uch kunlik trening davomida olingan bilimlar, xususan, fuqarolar bilan samarali muloqot o‘rnatish masalari bo‘yicha maslahatlar shubhasiz bizga tashabbusli byudjetlashtirish jarayonini yaxshilashga yordam beradi.
“Tashabbusli byudjetlashtirish” malaka oshirish dasturini tamom bo‘lgach, 22 oktyabrda Moliya vazirligining O‘quv markazida O‘zbekistonda tashabbusli byudjetlashtirish jarayonining joriy amaliyoti va rivojlanishining kelgusi yo‘nalishlari masalalariga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi. Brifing ishtirokchilarini tashabbusli byudjetlashtirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha Rossiya amaliyotining o‘ziga xos jihatlari, shuningdek O‘zbekistonda fuqarolik tashabbuslarini ilgari surish, tanlash va amalga oshirish jarayonlariga jalb qilish borasidagi navbatdagi qadamlar qiziqtirdi.
2019 yildan boshlab O‘zbekistonda fuqarolarning byudjet mablag‘larini taqsimlashda ishtirok etishi mexanizmi joriy qilingan bo‘lib, bunda tumanlar (shaharlar) byudjetlari qo‘shimcha daromadlarining kamida 10% jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.
Bu yil fuqarolarning tashabbuslariga ajratiladigan mablag‘lar manbalari birmuncha kengaytirilgan (qo‘shimcha daromadlarning 10%dan 30%gacha). Sinov tumanlarida (14), qo‘shimcha daromadlardan tashqari ushbu maqsadlarga tasdiqlangan byudjetlarining 5% yo‘naltirilgan. 2022 yildan boshlab, sinov tumanlarining tajribasi barcha tumanlarda (shaharlarda) ommalashtiriladi. Moliyalashtirish hajmlarining kengaytirilishini hisobga olib, fuqarolik tashabbuslari loyihalarini ilgari surish, tanlash va amalga oshirish mexanizmlari va bosqichlari qayta ko‘rib chiqildi. Ayni paytda, BMTTD va Moliya vazirligining “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalash” qo‘shma loyihasi ko‘magida “Ochiq byudjet” portalining fuqarolarga tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan moliyalashga taqdim qilinadigan tashabbuslarni ilgari surish va tanlashda ishtirok etish imkoniyat berilishi bo‘yicha funksionali takomillashtirildi. Shu yilning iyul oyida portalning yangilangan dizayni taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
***
BMTTD va Moliya vazirligining umumiy tashabbusi bo‘lgan “O‘zbekistonda barqaror rivojlanishni moliyalash” qo‘shma loyihasi, boshqa yo‘nalishlar bilan bir qatorda hozirgi paytda davlat mablag‘larini boshqarish sohasida erishilgan yutuqlarni mustahkamlashga hamda BRM ni byudjet jarayoniga integratsiyalashuviga, ushbu sohadagi ochiqlik va hisobdorlikni oshirishga ko‘maklashishga yo‘naltirilgan.
