Eksport muvaffaqiyat hikoyasi: Sanobar Tojiboeva

Muallif: Nigina Sodiqova

24-May, 2022
UNDP Uzbekistan

“Otamning mato bilan mohirona ishlaganini birinchi marta ko'rganimda 8 yoshda edim. U tikuvchilik fabrikasida bichuvchi edi, – deb eslaydi Namangan viloyati Chust tumanidagi “O‘ktamjon servis” MChJ oilaviy korxonasi rahbari Sanobar Tojiboyeva. O'shanda u tikuvchilik biznesiga mehr qo'ygan. 2013-yilda to’rt nafar ishchi va to’rtta tikuv mashinasi bilan tashkil etilgan korxonada bugungi kunda 150 nafardan ortiq ishchi mehnat qilmoqda va oyiga 90 ming AQSh dollardan ortiq eksport shartnomalari tuzilmoqda.

Nega tikuvchilik biznesi bilan shug’ullanasiz, deb so’rashsa, Sanobar tabassum bilan javob beradi: “Chustliklar asrlar davomida tikuvchilik bilan shug‘ullangan. Bu bizga avloddan-avlodga meros bo'lib qolgan narsadir”. Uning bolaligi otasi ishlagan tikuvchilik fabrikasida o’tgan. Maktabdan keyin u ko'p vaqtini fabrikada, mato va iplar orasida, o'tkazdi. “Otam menga mato parchalari berar, men ulardan o'yinchoqlarim uchun liboslar tikar edim”, deydi Sanobar.

Tikuvchilik biznesi rivojlanishining dastlabki bosqichlarida ko'plab qo’rquvlar bo’ldi. “Men bu biznesga trikotaj mahsuloti nima ekanligini bilmay kelganman, - deydi Sanobar. – Hech qanday ish tajribam ham yo’q edi, faqat tadbirkorlikka bo’lgan kuchli qiziqish. Mahalliy bozorlarga e’tibor qaratgan “O‘ktamjon servis” dastlab qimmatbaho matolardan tayyorlangan sifatli mahsulotlarni taklif qilgan, biroq bozor narxi ularning tannarxiga mos kelmasdi.

2014-yilda BMTTDning “O’zbekistonda savdoni rivojlanishga ko‘maklashish” loyihasi “O‘ktamjon servis”ni istiqbolli biznes-loyiha sifatida e’tirof etib, 11 ta tikuv mashinasi xarid qilish uchun grant ajratdi. Sanobar o’z biznesini rivojlantirish bo’yicha treningdan o'tib, tikuv biznesining barcha yo’nalishlari bo’yicha bilimini kengaytira oldi. So’ng, Sanobar, bozordagi o‘zgarishlar va uning yangi ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda o’z biznesini bozor talablariga mos ravishda rivojlantirishni o’rgandi.

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

Eksportni rivojlantirish: qiyin, qo'rqinchli, lekin u o'z maqsadiga erishishda davom etdi

Yuqori sifatli mahsulotlari bilan obro’ qozongan va shu orqali mahalliy bozorda o’z o’rniga ega bo’lgan Sanobar o’z mahsulotlarini xalqaro bozorga olib chiqishga qaror qildi. “Mahsulotlarimiz 100 foiz paxtadan tayyorlanadi, ular mutlaqo tabiiydir. Biz xorijlik xaridorlarni mahsulot sifatiga ishontirmoqchi edik, - deydi u. Shuningdek, mahsulotlarimiz xalqaro bozorda raqobatbardosh bo’lishiga ishonch hosil qilishni xohladik”.

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

Birinchi eksport tajribasi Sanobar uchun o’ziga xos namuna bo’ldi. “Biz olgan rang talablarini bizning fabrikalar hali bajarishga tayyormas edi. Bitta qizil rangni yaratish uchun biz 40 ta rangni ishlab chiqdik, ulardan faqat bittasi tasdiqlangan. Mijozimizning talabiga javob beradigan 10 ta rang yaratish uchun laboratoriyada 15 kechayu kunduz o‘tkazdim”, deb eslaydi kulib tadbirkor.

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

“Afsuski, birinchi eksportimiz paytida hozir mavjud bo'lgan kuchli davlat yordamini olish imkoniyati bo’lmagan. Hujjatlarni, shartnoma va uning shartlarini rasmiylashtirish, bojxona rasmiylashtiruvi va boshqa bir qator masalalarda jiddiy qiyinchiliklar bor edi - bularning barchasini o’zimiz hal qilishimiz kerak edi, - deydi u.

Eksport borasidagi ilk qadamlar ortda qolganidan so‘ng, “O‘ktamjon servis” hozirda yangi eksport shartnomalar tuzishda dadil muzokaralar olib bormoqda va ayni paytda 5 dan ortiq xalqaro kompaniyalar bilan eksport buyurtmalarini bajarish bo‘yicha hamkorlik qilmoqda.

 

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

Olg’a, xalqaro darajaga

2021-yilda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tkazilgan organik va tabiiy mahsulotlar xalqaro ko’rgazmasida namanganlik 22 tadbirkor, jumladan, Sanobar ham o’z mahsulotlarini namoyish etdi. Ko’rgazmaga 48 mamlakat, 250 ta kompaniyadan 6000 ta mehmonlar tashrif buyurdi. Ishtirok BMTTDning “O’zbekistonda savdoni rivojlanishga ko’maklashish” loyihasi va Ishbilarmon ayollar uyushmasi tomonidan tashkil etildi.

Ko’rgazma davomida Sanobar o’zining maqsadli auditoriyasi bilan tanishish, turli mamlakatlardan kelgan potentsial mijozlar va xaridorlar bilan biznes muzokaralar olib borish va yangi eksport shartnomalarini imzolash imkoniyatiga ega bo’ldi. “Ko’rgazmaga qo‘yilgan mahsulotimga talab meni ham hayratda qoldirdi, – deydi Sanobar. Men biznesimni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar ochdim”.

Natijada “O’ktamjon servis” Yaqin Sharqda yaxshi namoyon bo‘lgan vakili - Rossiyaning “NamTex Group” MChJ savdo kompaniyasining bilan Dubay shahrida 700 ming AQSH dollariga eksport shartnomasi tuzadi, shuningdek, BAAdagi kompaniyalar vakillari bilan yangi eksport shartnomalari bo’yicha muzokaralar olib boradi.

“O’ktamjon servis” korxonasi ish boshlagan 2013-yildan buyon xodimlar sonini 40 barobarga oshirdi, shuningdek, karantin davrida ishsiz qolgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar uchun 100 dan ortiq ish o’rni yaratdi. Uning korxonasida 1000 dan ortiq turdagi trikotaj mahsulotlari ishlab chiqariladi va har oy 82 mingga yaqin mahsulot eksport qilinadi.

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

Sanobar yaratgan ishlari bilan faxrlanadi va muvaffaqiyatining asosiy sababi sifatida o’z biznesini rivojlantirish boshida olgan ishonchini ko’rsatadi. “Men oilam, xodimlarim va BMTTDdan yordam oldim, bu menga chinakam muvaffaqiyatli tadbirkor bo'lishimga ishonch berdi”, deydi u.

“Ayol uchun biznesda katta natijalarga erishish qiyinroq, chunki ona sifatida u uy va oilaga ham g’amxo’rlik qiladi. Biroq, biz ayollar, qiyinchiliklarga duch kelganimizda to’xtamay, ularni yengib, davom etamiz”, deydi Sanobar.*

Karen Cirillo, UNDP Eurasia

Endi Sanobar Chustlik ayollarni tadbirkorlik olamiga ilk qadamlarini qo’yishga undamoqda. U 10 nafar tadbirkorga ustozlik qilgan va ishbilarmon tadbirkorlarga o’z biznesini ochish va rivojlantirishga o’rgatishda davom etmoqda.

* BMTTD uy mehnatini teng taqsimlash hamda ayollarning biznesdagi to’siqlarini bartaraf etish bo’yicha tizimli va institutsional chora-tadbirlarni targ’ib qilish tarafdori.

"Hech qanday ish tajribam ham yo’q edi, faqat tadbirkorlikka bo’lgan kuchli qiziqish."
Sanobar Tojiboeva