O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlashga ko‘maklashish dasturi ishga tushirilimoqda

20-December, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Joriy yilning 19-23 dekabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi BMT Bolalar jamg‘armasi (UNICEF) va BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda yoshlar bandligini ta‘minlash bo‘yicha “Ishga Marhamat” monomarkazlarining o‘qituvchilari uchun besh kunlik trening o‘tkazdi.

Yoshlarning ish bilan taʼminlanishi uchun hayotiy ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturi Aflatoun xalqaro nodavlat tashkiloti tomonidan ishlab chiqilgan xalqaro AflaYouth dasturi hisoblanadi. UNICEF Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va BMTTD bilan hamkorlikda  dasturni O‘zbekiston uchun moslashtirgan bo’lib, 2023-yildan boshlab Mehnat vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlarida “AflaYouth”ni sinovdan o‘tkazish va bosqichma-bosqich o‘quv dasturiga kiritish rejalashtirilmoqda.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

AflaYouth dasturi 16 yoshdan 24 yoshgacha bo‘lgan qizlar va o‘g‘il bolalarning bandlik va daromad olish imkoniyatlarini yaxshilashga qaratilgan. Dastur uchta asosiy modulni o‘z ichiga oladi: ijtimoiy va moliyaviy ko‘nikmalarni rivojlantirish, bandlik ko‘nikmalari va tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirish. Ijtimoiy va moliyaviy ko‘nikmalar moduli ijtimoiy va ish hayotida samarali hamda konstruktiv ishtirok etish uchun yoshlarning shaxsiy va shaxslararo ko‘nikmalarini rivojlantirishni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, ushbu modul samarali moliyaviy boshqaruv qarorlarini qabul qilish uchun zarur bo‘lgan moliyaviy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan. Ishga joylashish ko‘nikmalari moduli rezyume yozish va suhbatga tayyorgarlik ko‘rish, maqsadlarni belgilash va yechim topish, jamoada ishlash va muzokaralar olib borish ko‘nikmalari kabi bir qator mavzularni qamrab oladi. Tadbirkorlik ko‘nikmalariga bag‘ishlangan so‘nggi modulning maqsadi esa yoshlarning tashabbuskorligini va g‘oyalarni amalga oshirish qobiliyatini rivojlantirishdan iborat.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Mazkur dastur bilan tanishish maqsadida Toshkent viloyatida bo‘lib o‘tayotgan treningda respublikaning barcha viloyatlaridan 40 dan ortiq monomarkaz o‘qituvchilari ishtirok etdi. Treningni “Aflatoun” nodavlat tashkilotining xorijiy ekspertlari Nivedita Utrapati Shakila va Sangina Xudododova olib borishdi. Treninglar davomida Monomarkaz o‘qituvchilariga nafaqat dasturning tematik yo‘nalishlari bo‘yicha, balki interfaol, innovatsion o‘qitish usullari bo‘yicha ham bilim va ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati berildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Hozirda dasturni O’zbekiston sharoitiga moslashtirish ishlari yakunlangan va 2023-yildan boshlab dastur Surxondaryo viloyatida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. Shuningdek, hududiy monomarkaz o‘qituvchilari uchun dastur bo‘yicha treninglar tashkillashtirish tashabbusi O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda BMT Taraqqiyot dasturining “Farg‘ona vodiysida aholi ko‘nikmalarini  pandemiyadan keyingi iqtisodiyotga moslashtirish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston