BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakilining Qoraqalpog‘istonga birinchi tashrifi

26-December, 2023
Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

12 dekabr kuni BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Ram Ayer hamda uning o‘rinbosari Janob Anas Fayyad Qarman Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrif buyurib, mintaqaning hozirgi holati, Orol dengizi mintaqasida olib borilayotgan faoliyat natijalari bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif Nukusdagi BMT Taraqqiyot Dasturi xodimlari ila uchrashuv bilan boshlandi. So‘ngra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev bilan Orolbo‘yi mintaqasining ehtiyojlari va iqlimga mos va suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi usullari, aholining salomatligini oshirish va xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish bo‘yicha kompleks yechimlarni topishga qaratilgan hamkorligimiz istiqbollarini muhokama qilishdi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Nukusda Yaponiya hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan BMTTDning yangi iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi orqali Orolbo‘yi mintaqasida barqarorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan loyihasining taqdimoti ham bo’lib o‘tdi. Ushbu loyiha iqlimga chidamli qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy infratuzilma amaliyotlarini joriy etish orqali maqsadli jamoalarda 376,000dan ortiq kishining hayot barqarorligini oshirishi kutilmoqda.

"Suv Orolbo’yi mintaqasi uchun eng katta muammoligi barchamizga ma’lum. Aynan qishloq xo‘jaligida ham iqlimga chidamli, suvni tejaydigan texnologiyalarni tatbiq qilish orqali mintaqaning barqarorligini oshirish juda muhim hisoblanadi"

dedi Janob Ram Ayer marosim ishtirokchilariga qilgan nutqida.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Tashrif doirasida Janob Ram Ayer uchta mahalliy fermer kooperativiga qishloq xo‘jaligi texnikalarini topshirdi. Ushbu texnikalar orqali yangi ish o‘rinlari yaratiladi, kooperativlarning ishlab chiqarish hajmi oshadi, hamda suvdan oqilona foydalanilib, qishloqlarda oziq-ovqat xavfsizligini yaxshilanishiga yordam beradi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Tashrifning navbatdagi manzilida Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash sohasidagi volontyorlar bilan birgalikda Xalqaro volontyorlar kunini nishonlovchi tadbirda qatnashildi. Unda 240 dan ortiq volontyorlar ishtirok etishdi va 22 ta faol ko'ngillilar yanada samarali ishlashlari uchun elektron qurilma mukofotlariga sazovor bo‘lishdi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi 2019-2023-yillarda volontyorlar ko‘magida o‘pka kasalliklari tarqalish darajasi tendensiyasining sezilarli darajada pasayganini ma’lum qilishdi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Tashrif dasturi doirasida Kegeyli tumanida BMTning O‘zbekistondagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p sheriklik trast fondi tomonidan moliyalashtirilayotgan qo‘shma dasturi doirasida rekonstruksiya qilingan "Suv tozalash stansiyasi" ochilish marosimi bo’lib o‘tdi. Endi tumanninig uch ovuli: Shuyt, Aranshi va To‘qmang‘itning 1,500 ga yaqin aholisi toza ichimlik suvi bilan ta’minlanadi.

Fotosurat: BMTTD O‘zbekistonda

Bundan tashqari ushbu tumanda Yoshlar markazi qoshida Axborot texnologiyalari o‘quv markazi ham tantanali ravishda ochildi. Markaz yoshlarning, ishsiz aholining imkoniyatlarini oshiradi, raqamli ko‘nikmalarni o‘rgatib, ularning bandligini ta’minlaydi va yangi daromad manbalarini yaratish imkonini beradi.

BMT Taraqqiyot Dasturi Qoraqolpog‘iston aholisi uchun yashil, adolatli va barqaror rivojlanish sari O‘zbekiston hukumatining harakatlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.