BMTTD va Biznesni Rivojlantirish Banki O‘zbekiston tadbirkorlarini qo‘llab-quvvatlash uchun hamkorlik o‘rnatdi
28-July, 2025
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyoti Dasturi
2025-yil 25-iyul, Toshkent — Shu hafta Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) va O‘zbekistonning Biznesni Rivojlantirish Banki (BRB) o‘rtasida yangi hamkorlik rasman yo‘lga qo‘yildi. Bu hamkorlik mamlakat bo‘ylab kichik va o‘rta bizneslar uchun istiqbolli qadam bo‘ldi.
BRB va BMTTD o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv O‘zbekistonning milliy maqsadlarini global tajriba bilan uyg‘unlashtirib, ayniqsa ayollar va yoshlar boshchiligidagi kichik biznesni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ushbu hamkorlik natijasida BRB o‘z ta’sir doirasini treninglar, murabbiylik va “yashil” moliyalashtirish orqali kengaytiradi, BMTTD esa inklyuziv rivojlanish vositalari bilan mintaqaviy qamrovni kuchaytiradi.
Tomonlar Toshkentdagi BRB bosh ofisida o‘zaro Anglashuv Memorandumini imzoladilar. Ushbu hujjat O‘zbekistonning barcha hududlarida, ayniqsa ayollar va yoshlarga, tadbirkorlikni rivojlantirishda kengroq yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan. Tadbirda BRB birinchi rais o‘rinbosari Shohzod Yusupov va BMTTDning O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii ishtirok etdi.
“BRB faqat moliyaviy muassasa emas — biz taraqqiyot hamkorimiz,” dedi Yusupov. “Biz 14 ta mintaqaviy markaz orqali 1,3 milliondan ortiq mijozga xizmat ko‘rsatamiz, treninglar, murabbiylik va bozorga kirish imkoniyatlarini taqdim etamiz. BMTTD bilan hamkorlik bizga moliyaviy savodxonlik, raqamli inklyuziya va yashil moliyalashtirish imkoniyatlarini kengaytirishga yordam beradi.”
BMTTD o‘zining global tajribasi va maqsadli tashabbuslari, jumladan, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash dasturi orqali hamkorlikka hissa qo‘shadi. BMTTD, shuningdek, “O‘zbekistonda rasmiy bandlikka o‘tish uchun munosib ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani jadallashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu tashabbus doirasida BRB xodimlarini o‘qitish va kichik biznesga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash rejalashtirilgan.
“Bu hamkorlik faqat moliya haqida emas,” dedi Fujii xonim. “Bu — kuchliroq va inklyuziv iqtisodiyotni barpo etish haqida. Biz BRB bilan birgalikda hech kim e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlamoqchimiz.”
Ushbu hamkorlik doirasidagi trening va salohiyatni oshirish faoliyatlari BMTning “Ish o‘rinlari va ijtimoiy himoya bo‘yicha global akselerator” qo‘shma dasturi doirasida amalga oshiriladi. Dastur kichik biznesni rivojlantirish, ularga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va rasmiy hamda yashil ish o‘rinlarini targ‘ib qilish orqali inklyuziv bandlik va ijtimoiy himoya tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan. Ushbu dasturga Yevropa Ittifoqi va Belgiya, Daniya, Germaniya, Irlandiya, Italiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Polsha, Portugaliya, Koreya Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Ispaniya, Shvetsiya va Shveytsariya hukumatlari tomonidan ko‘rsatilgan yordamlari uchun chuqur minnatdorchilik bildiramiz.