BMTTD Qoraqalpog'iston yoshlarini startap tashabbuslarini ishga tushirishga o'rgatmoqda

14-January, 2022

Image: UNDP Uzbekistan, 2022

2022 yil 13 yanvar, Nukus shahri, Qoraqalpog'iston. Bugun BMT taraqqiyot dasturi Qo'ng'irot, Mo'ynoq, Bo'zatau tumanlari va Nukus shahridan 18-30 yoshgacha bo'lgan yoshlar uchun tadbirkorlik asoslari va startap tashabbuslarini boshlash bosqichlari bo'yicha ikki kunlik trening o'tkazmoqda. Trening BMT shafeligida O‘zbekistonning Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘psheriklik trast fondi (IXKTF) moliyalashtirayotgan BMTTD, YuNFPA, FAOning “Orolboʻyi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarni hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish” Qo‘shma dasturi doirasida Qoraqalpog'iston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirligi hududiy boshqarmasi hamda Qoraqalpog'istonda yoshlar ishlari bo'yicha Agentlik bilan hamkorlikda tashkil etilgan.

Qoraqalpog‘istonda yosh tadbirkorlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llaydigan mahalliy startap inkubatorlar va akseleratorlarni mazkur dastur doirasida yaratish nazarda tutilgan. Yoshlar ishlari bo‘yicha agentlik huzurida yoshlar platformasini joriy qilish rejalashtirilgan, unda bo‘lajak tadbirkorlarni o‘z niyatlarini amalga oshirish, startap loyihalar sohasida ko‘nikmalarini rivojlantirishda ular uchun barcha zarur sharoitlar yaratiladi.

“Startap bu biz uchun yangilik, ya’ni biznesda ilgari qo'llanilmagan usulni ta’minlashni joriy etish. Startapning asosi - g'oya, uning dolzarbligi va o'ziga xosligi. Startap loyihalar odamlarning turli muammolariga yechim topadi va hayotimizni biroz osonlashtiradi. O'ylaymanki, mintaqamiz boshqa hududlarga qaraganda startaplarga ko'proq talabga ega, bizda buning uchun barcha sharoitlar ham mavjud”, - deydi Islom Dauletyarov, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi, 2021 yil dekabr oyida o'tkazilgan startaplar bo'yicha onlayn trening ishtirokchisi.

Trening kursining ishtirokchilariga Rossiya Federatsiyasidan jalb qilingan ushbu sohadagi taniqli bo‘lgan ekspertlar axborot ko'magini ko'rsatmoqdalar. Yevropa Kengashining sertifikatlangan murabbiysi va Moskvadagi "Skolkovo" boshqaruv maktabining yetakchi murabbiyisi Natalya Nikitina ta’kidlaganidek, trening yakunlangach ham biznes-g‘oya tug‘ilgandan boshlab to startap loyihalari ishga tushirilgunga qadar ekspertlar yoshlar bilan ish olib borishadi. Tanlov asosida tanlab olingan startap loyihalari BMTTD tomonidan amalga oshirilishi uchun moliyalashtiriladi. Startap tashabbuslarning asosiy yo'nalishlari: iqtisodiyot, ijtimoiy soha, axborot texnologiyalari, turizm, mintaqadagi iqlim o'zgarishi (qishloq xo'jaligi bilan bog'liq).

“O'z startapim ustida ish boshlaganimga ancha bo'ldi va trening yordamida loyihamda qanday xatolarga yo'l qo'yganimni tushunib yetdim. Men birinchi navbatda auditoriyamni aniqlash, muammoni belgilab yechimni topishim kerak edi. Bundan tashqari, loyihalar bilan shoshilmaslik kerakligini angladim. Xom ashyoni iste’molchiga yetkazishdan oldin hamma narsani diqqat bilan o'rganish kerak”, - deydi Gulnara Joldasbaeva, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika instituti talabasi

BMTTD Qoraqalpog‘istonning qishloq xo‘jaligi samaradorligini oshirish va innovatsiyalarni joriy qilish, yoshlar, xotin-qizlar, hamda nogironligi bo‘lgan insonlar, ayollar boshqarayotgan oilalar, mehnat migrantlari va boshqa shu kabilardan iborat ehtiyojmand odamlar guruhining huquq va imkoniyatlarini kengaytirish uchun intellektual va qulay infratuzilmali hamjamiyatlar rivojiga ko‘mak berib kelmoqda.