BMTTD hisoboti: 10 davlatdan 9 tasi inson taraqqiyotida ortda qolayotgani barobarida turfa xil inqirozlar taraqqiyotga toʼsqinlik qilmoqda

Insoniyat va sayyoramiz kelajagini taʼminlash uchun dunyo oʼz taraqqiyot yoʼliga qayta tushib, global falaj holatidan chiqib ketishi kerak

8-September, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2022 yil 8 sentabr, Nyu-York: Bir inqirozdan boshqasining girdobiga tushayotgan dunyo, xuddiki yonayotgan xonada qolib ketgan oʼt oʼchiruvchi kabi, birin-ketin bosh koʼtarayotgan muammolarning asl sabablarini bartaraf eta olmayapti. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) ogohlantirishicha, dunyo ketayotgan yoʼlida keskin oʼzgarish yasalmasa, biz yanada kattaroq yoʼqotish, muhtojlik va adolatsizliklarga yuz tutaveramiz.

BMTTD tomonidan bugun eʼlon qilinadigan “Beqaror zamon, behalovat hayot: oʼzgaruvchan dunyoda oʼz kelajagimizni shakllantirish”, deb nomlangan Inson taraqqiyoti toʼgʼrisidagi hisobotda noaniqlikni yuzaga keltiruvchi omillar toʼplanib, insoniyat hayotini misli koʼrilmagan tarzda izdan chiqaradigan darajada oʼzaro taʼsir oʼtkazayotgani taʼkidlanadi. Soʼnggi ikki yil ichidagi voqealar dunyodagi milliardlab odamlarning hayotiga halokatli taʼsir koʼrsatdi. Jumladan, COVID-19 pandemiyasi va Ukrainadagi urush kabi inqirozlar ketma-ket kelib, keng qamrovli ijtimoiy va iqtisodiy siljishlar, sayyoramiz uchun xavf tugʼdiradigan oʼzgarishlar va keskin kuchaygan qutblanish bilan oʼzaro aloqaga kirishdi.

Dunyo mamlakatlaridagi sogʼliqni saqlash, taʼlim va turmush darajasi oʼlchanadigan Inson taraqqiyoti indeksi BMTTD tomonidan oxirgi 32 yil davomida eʼlon qilib kelinadi. Bu yilgi hisobotning avvalgilaridan farqi shundaki, ilk marotaba Inson taraqqiyoti indeksi dunyo miqyosida ketma-ket ikki yil davomida pasaygan, yaʼni koʼrsatkich 2016 yilgi darajaga tushib ketib, Barqaror rivojlanish maqsadlari sohasida erishilgan yutuqlarning katta qismini yoʼqqa chiqardi.

Pasayish deyarli butun dunyo miqyosida kuzatilmoqda, negaki 2020 yoki 2021 yillarda inson taraqqiyoti indeksi koʼrsatkichi mamlakatlarning 90 foizdan ortigʼida pasaygan. Bundan tashqari, 40 foizdan ziyod mamlakatda pasayish ketma-ket ikki yil davomida kuzatilib, bu – koʼpchilikda inqiroz hali ham chuqurlashib borayotganidan dalolat beradi.

Аyrim mamlakatlar oyoqqa turishni boshlagan boʼlsa-da, tiklanish notekis va qisman kechayotgan boʼlib, inson taraqqiyotidagi tengsizliklarni yanada kuchaytirmoqda. Аyniqsa, Lotin Amerikasi, Karib havzasi, Sahroi Kabirdan janubdagi Afrika va Janubiy Osiyo mamlakatlari katta zarar koʼrdi.

“Dunyo mamlakatlari ketma-ket yuzaga kelayotgan inqirozlarga qarshi javob choralarini koʼrish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solmoqda. Turmush darajasining pasayishi davom etayotgan va energiya inqirozining sharpasi koʼrinib turgan bir paytda qazib olinadigan yoqilgʼi turlarini subsidiyalash kabi tezkor qarorlarni qabul qilish samarali koʼrinsa-da, shoshilinch yordam koʼrsatish taktikasi amalga oshirishilishi kerak boʼlgan uzoq muddatli tizimli oʼzgarishlar yoʼlida toʼsiq boʼlmoqda”, - deydi BMTTD Administratori Axim Shtayner. “Oʼzgarishlarni amalga oshirish borasida barchamiz umumiy falaj holatidamiz. Noaniqlik girdobidagi dunyoda biz oʼzaro bogʼlangan umumiy muammolarimizni yengib oʼtish uchun yangilangan global birdamlikka muhtojmiz”.

Hisobotda zarur boʼlgan oʼzgarishlar nega amalga oshmayotgani oʼrganilib, buning koʼplab sabablari borligi, jumladan, ishonchsizlik va qutblanish bugungi kunda bir-birini oziqlantirib, barcha darajalardagi inqirozlarni yengib oʼtish uchun zarur boʼlgan birdamlik va jamoaviy harakatlarga toʼsiq boʼlayotgani taʼkidlanadi. Yangi hisob-kitoblar shuni koʼrsatmoqdaki, oʼzini himoyasiz deb his qiladiganlar ham oʼtkir siyosiy qarashlarga ega boʼlishi mumkin.

“COVID-19 pandemiyasidan avval ham biz taraqqiyotning ishonchsizlik va qutblanish bilan egizak paradoks holatini kuzatgan edik. Hozir dunyo aholisining uchdan biri stress holatida boʼlgan, uchdan ikki qismidan ortig’i esa boshqalarga ishonmaydigan bir paytda, biz odamlar va sayyoramiz kelajagi uchun foydali boʼlgan dastur va strategiyalarni qabul qilish yoʼlida katta toʼsiqlarga duch kelyapmiz, - deydi Axim Shtayner. – Fikrlashga undaydigan mazkur yangi tahlil bizga boshi berk koʼchadan chiqib, global noaniqlikni yengib oʼtish yoʼllarini belgilab olishga yordam beradi. Tizimlarimizga yangi nazar solib va qayta ishga tushirib, iqlim oʼzgarishiga qarshi kurashish borasida qatʼiy choralarni amalga oshirish va barcha uchun yangi imkoniyatlarni taʼminlay oladigan kelajakni qurish yoʼlida amalga oshirishimiz mumkin boʼlgan harakatlar koʼlami juda cheklangan”.

Yangi yoʼnalishni belgilab olish uchun hisobotda tiklanadigan energiyadan tortib, pandemiyalarga tayyorlik sohalariga investitsiya kiritishga, jamiyatlarimizni beqaror dunyo sharoitidagi oʼsish va inqirozlarga tayyorlash uchun esa sugʼurtalash, shu jumladan, ijtimoiy himoya sohalariga urgʼu berilgan dastur va strategiyalarni amalga oshirish tavsiya qilinadi. Shu bilan birga, koʼplab - texnologik, iqtisodiy va madaniy shakllardagi innovatsiyalar kelajakda yuz berishi mumkin boʼlgan har qanday muammolarga qarshi javob choralarini koʼrish uchun zarur boʼlgan salohiyatni yuksaltirish imkoniyatlarini yaratishi mumkin.

“Noaniqliklarni yengib oʼtish uchun biz inson taraqqiyoti darajasini yuksaltirishga qaratilgan saʼy-harakatlarimizni ikki barobarga oshirishimiz kerak boʼlib, odamlar farovonligi yoki salomatligini yaxshilash bilangina cheklanib qolishimiz mumkin emas, - deydi hisobotning yetakchi muallifi BMTTD xodimi Pedro Konseykao. – Аlbatta, bu vazifalar ham oʼz dolzarbligini saqlab qoladi. Shu bilan birga, biz sayyoramizni himoya qilishimiz va odamlar oʼzini xavfsizroq his qilishi, oʼz hayoti ustidan nazorat tuygʼusini tiklashi va kelajakka umid bilan qarashi uchun ularni zarur vositalar bilan taʼminlashimiz kerak”.

O’zbekiston

Oʼzbekistonga keladigan boʼlsak, mamlakatda Inson taraqqiyoti indeksining pasayishi kuzatilmagan, aksincha koʼrsatkichning barqaror oʼsish tendentsiyasi davom etmoqda. Oʼzbekistonda Inson taraqqiyoti indeksi ishga tushirilgandan beri mamlakat juda yaxshi natijalarga erishmoqda. 2021 yildagi Inson taraqqiyoti indeksi koʼrsatkichi Oʼzbekistonda 0,727 ni tashkil etib, mamlakat Inson taraqqiyoti darajasi yuqori mamlakatlar toifasiga kirishi va 191 davlat va hudud orasida 101-oʼrinni egallashini taʼminladi. 2000-2021-yillarda Oʼzbekistondagi Inson taraqqiyoti indeksi koʼrsatkichi 19,8 foizga - 0,607 dan 0,727 ga koʼtarilgan. Shuningdek, 2000-2021 yillarda Oʼzbekistonda aholi jon boshiga toʼgʼri keladigan YaMDning 188,8 foizga o’sishi kuzatildi.

Mahalliy miqyosdagi ijobiy tendentsiyalarga qaramay, Oʼzbekistonda hisobotda qayd etilgan iqlim oʼzgarishi, biologik xilma-xillikning yoʼqolishi, tengsizliklarning chuqurlashishi, noaniqliklarning kuchayishi va siyosiy qutblanish kabi yuzaga kelayotgan global muammolarni hal qilishga qaratilgan dastur va strategiyalar joriy etilishi zarur.

2022 yilgi Inson taraqqiyoti toʼgʼrisidagi hisobot va BMTTDning yuzaga kelayotgan yangi noaniqliklarni yengib oʼtish boʼyicha tahlili toʼgʼrisida koʼproq maʼlumot olish uchun quyidagi manzilga murojaat qilishingiz mumkin: https://hdr.undp.org/human-development-report-2021-22