Qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi uchun mahalliy aholi vakillarining faol ishtiroki muhim ahamiyatga ega

15-September, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Qishloq hududlarining barqaror rivojlanishi uchun nima kerak?

Bu savolga javob, xuddi rivojlanish jarayoni kabi, qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga bogʼliq muammo va ehtiyojlarni aniqlashda mahalliy aholi vakillarining faol ishtirokini talab etadi.

Аynan shu maqsadda 2022-yil 7-9-sentabr kunlari Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligining hamkorligiva Islom taraqqiyot banki hamda OPEK Xalqaro taraqqiyot jamgʼarmasining (OPEC Fund) moliyaviy koʼmagida tajriba hududlarida aholi vakillarini safarbar qilish boʼyicha trening oʼtkazildi. Tadbirda tajriba hududlaridagi Hamjamiyatlarni rivojlantirish rejalarini ishlab chiqish jarayoniga jalb qilinuvchi aholi vakillari bilan yaqindan ishlash uchun maxsus jalb qilingan mahalliy muvofiqlashtiruvchilar, shuningdek, oʼz mehnat faoliyati doirasida jarayonga jalb etiladigan Qoraqalpogʼiston Respublikasi, Xorazm, Buxoro va Navoiy viloyatlari mahalliy hokimliklari, mahallalar, muhandislik-texnik va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Trening yakuniga koʼra 12 nafar maxsus jalb etilgan muvofiqlashtiruvchi toʼrtta tajriba hududidagi 66 ta hamjamiyat bilan yaqindan ishlab, 66 ta Hamjamiyatlarni rivojlantirish rejasini ishlab chiqishda koʼmaklashadi. Mazkur metodologiya BMTTD tomonidan ishlab chiqilgan boʼlib, boshqa loyihalar doirasida bir necha bor sinovdan oʼtkazilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Qoraqalpogʼistonlik tajribali muvofiqlashtiruvchi Klara Utepbergenova trening haqida oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashib, jumladan, shunday dedi: «Trening bizning oldimizda turgan ishlar uchun juda zarur boʼlib, oʼz vaqtida oʼtkazildi. Tadbirda endi ish boshlayotgan va tajribali muvofiqlashtiruvchilar uchun foydali maʼlumotlar taqdim etildi. Ishini endi boshlayotgan muvofiqlashtiruvchilar oʼz faoliyati uchun zarur bilim va malakalarni egallagan boʼlsa, tajribali muvofiqlashtiruvchilar mavjud bilimlarini mustahkamlab, yangi yondashuvlar bilan tanishdi. Treningda ishchanlik muhiti hukm surib, vaqtdan imkon qadar unumli foydalanildi. Qishloq fuqarolar yigʼinlari muammolariga doir hayotiy misollar asosida koʼplab amaliy mashgʼulotlar oʼtkazildi».

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Аholi vakillarini safarbar qilishning asosiy vosita va metodologiyasini oʼzlashtirgan muvofiqlashtiruvchilar qamrab olingan hududlardagi vaziyatni baholash boʼyicha ishlarni muvofiqlashtirib, mahalliy qishloq aholisining ehtiyojlari aniq koʼrsatilgan Hamjamiyatlarni rivojlantirishning samarali rejalarini ishlab chiqishda yordam berish imkoniyatiga ega boʼladi. Shuningdek, keyinchalik turli kasb-hunar egalari boʼlgan mahalla faollari orasidan tashabbuskor guruhlarni tashkil etish uchun ular qamrab olingan aholi vakillari bilan fokus-guruhlarda suhbatlar oʼtkazadi. Bunday tashabbuskor guruhlar tarkibiga qishloq fuqarolar yigʼini mutasaddilari, yoshlar vakillari, nogiron shaxslar, ayollar va nafaqaxoʼrlar hamda mahalliy hamjamiyat rivojiga oʼz hissasini qoʼshish istagida boʼlgan har qanday aholi vakillari kirishi mumkin.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Mazkur tashabbuskor guruhlar Hamjamiyatni rivojlantirish rejalarini amalga oshirish jarayonida hamjamiyat manfaatlarini ilgari suradi, monitoring yuritadi hamda turli maʼrifiy treninglar va xabardorlikni oshirish tadbirlarida ishtirok etadi.

Navoiy viloyatidagi Hamjamiyatlarni safarbar etish boʼyicha milliy maslahatchi Natalya Narbekova trening toʼgʼrisida oʼz fikrlari bilan oʼrtoqlashib shunday dedi: “Trening aʼlo darajada oʼtdi, negaki NNT va davlat idoralari vakillari ishtirok etdi. Murabbiylar hamjamiyatlarning ehtiyojlarini aniqlash uchun ularni safarbar qilishning yangi usullarini taqdim etib, mazkur usullar asosida biz aholi oʼrtasida seminarlar oʼtkazamiz. Tarqatma material va metodologiya ulashildi – samarali ish uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi».

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Mazkur trening joriy yil iyun oyida ITB va OPEK moliyaviy koʼmagida, hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʼallikni qisqartirish vazirligi bilan hamkorlikda boshlangan Qishloq hududlarini barqaror rivojlantirish boʼyicha yangi loyiha doirasida oʼtkazilmoqda. Loyiha qamrab olingan mahalliy hamjamiyatlarning ehtiyojlarni aniqlash va harakatlar rejalarini ishlab chiqish salohiyatini mustahkamlash,  qishloq infratuzilmasini rivojlantirish va qishloq taraqqiyotida barqarorlikni taʼminlashga qaratilgan yangi energiya tejaydigan innovatsion hamdaraqamli texnologiyalarni joriy etish orqali turli tashkilotlar, jumladan, arxitektura va loyiha institutlari, shuningdek, hokimliklar vakillarining takomillashtirilgan muhandislik loyihalari va bosh rejalarni ishlab chiqish salohiyatini oshirishga qaratilgan.