Farg‘onalik fermerlarga suvni iqtisod qiluvchi, ertapishar va serhosil paxta navini yetishtirishning innovatsion usullari o‘rgatildi

12-September, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Markaziy Osiyo davlatlarida suv tanqisligi muammosi yildan-yilga jiddiy tus olmoqda. Ma’lumki, O‘zbekistonda eng ko‘p suv sarflanadigan tarmoqlaridan biri qishloq xo‘jaligi hisoblanadi. Mamlakat hududidagi sug‘oriladigan ekin maydonlari 4 million 300 ming gektarni tashkil etib, paxta eng ko‘p suv talab qiladigan ekinlardan biri hisoblanadi. Bu esa, kelgusida agrar tarmoqda suv tanqisligi bilan bog’liq muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilayotgan “EU-AGRIN” loyihamiz doirasida tashkil etilgan “Paxtachilik” Innovatsion guruhi olimlari tomonidan Farg‘ona viloyatining Quva, Oltiariq va Toshloq tumanidagi paxtachilikka ixtisoslashgan fermer va klaster xodimlari uchun erta pishar, suv va resurs tejamkor, iqlim o‘zgarishiga moslashtirilgan paxtaning yangi navlarini ekish bo‘yicha amaliy seminar o’tkazildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Seminarda “Yangi S-6580 va S-8296 g‘o‘za navlarining tavsifi va afzalliklari”, “G‘o‘zaning tomchilatib va egatlab sug‘orish boʼyicha yangi innovatsion texnologiyalari” bo‘yicha maʼlumotlar berildi. Shuningdek, joriy yilda kuzatilgan bahor faslidagi noqulay ob-havo sharoiti, sovuq havo oqimining kirib kelishi natijasida yuzaga kelgan o‘simlikdagi stress holati va uni bartaraf etish choralari yuzasidan “Paxtachilik” Innovatsion guruhi olimlarining sa'y-harakati bilan g‘o‘zani parvarishlashda yangi turdagi stimulyator va mikroelementlar taqdimoti o‘tkazildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Shuningdek, innovatsion guruhning tajriba dalasida ekilgan 2 xil yangi ertapishar S-6580 va S-8296 g‘o‘za navlari hamda fermer tajribasi sifatida parvarishlangan nazorat nav Namangan-77 haqida tafsilotlar berilib, yig’ilganlarga g‘o‘za hosildorligining yangi innovatsion texnologiyalarini joriy qilish hisobiga 8 s/ga oshishiga, paxta hosili 10-15 kunga erta pishib yetilishiga, zararkunandalarga qarshi uyg‘unlashgan kurash choralari hisobiga mehnat sarfi va iqtisodiy samaradorlik 20-25% ga oshishiga, tomchilatib sug‘orish hisobiga sug‘orish suvlari 35-40% ga, mineral o‘g‘itlar 25% tejalishiga, anomal issiq ob-havoda hosil elementlari to‘kilishi kamida 20-25% kamayishiga erishilganligi ma’lum qilindi. 

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Fermer va agronomlarning taʼkidlashicha, uzoq yillardan buyon ekib kelinayotgan navlarning ko‘saklari kichiklashib, bir dona ko‘sakdagi paxta vazni kamayib ketganligi, o‘ta yuqori harorat va suv taqchilligida ko‘plab hosil elementlari to‘kilishi kuzatilayotganini ta‘kidlab, loyiha doirasida fermer dalasiga ekilgan g‘o‘za navlari ertapishar ekanligi, qo‘llanilgan suv tejovchi texnologiyalar va suvda eruvchan o‘g‘itlarni qo‘llash orqali hosil elementlari to‘kilishi kamayishi, hosil erta pishib yetilishi, o‘simlikning yuqori qismida ham ko‘saklar bo‘liq bo‘lishi qayd etildi. Shuningdek S-6580 g‘o‘za navi ixcham o‘sishi, shoxlamasligi tufayli mashina terimiga mosligi taʼkidlandi.

Seminar fermer va agronomlar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar olishlari uchun zamin yaratdi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligida suv tanqisligi bilan bog‘liq dolzarb muammolarga javoban barqaror va samarali paxta yetishtirish amaliyotiga o‘tishdan dalolat berdi.