Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish
Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish
Oʻzbekistonda aholi sonining oʻsishi va urbanizatsiya jarayoni tabiiy resurslardan yanada oqilona foydalanishni hamda isteʼmol va ishlab chiqarishning barqaror boʻlmagan modellaridan voz kechishni talab qiladi. Mamlakat iqlim oʻzgarishi oqibatlari oldida ayniqsa himoyasizligi bois yangi voqelikka moslashgan holda sanoat, qishloq xoʻjaligi va transport sohalarini karbonsizlantirish zarur. Oʻzbekiston energiya isteʼmoli intensivligi boʻyicha dunyoda birinchi oʻrinda turadi, yaʼni energiyani YAIMga aylantirish xarajatlari nisbatan yuqori. Energiyadan samarasiz foydalanish har yili YAIMning 4,5 foizi miqdoridagi xarajatlarni keltirib chiqarmoqda. Suvning 80 foizi mamlakat tashqarisidan kelishi sababli, Oʻzbekiston iqlim oʻzgarishi tufayli yanada chuqurlashayotgan suv tanqisligi oldida himoyasiz. Ekologik muammolar qatoriga yer degradatsiyasi, tuproq shoʻrlanishi, suv sifatining pasayishi, shamol va suv eroziyasi hamda ekin maydonlari hosildorligining pasayishi kiradi. Qurgʻoqchil hududlarda natural xoʻjalik bilan shugʻullanuvchi aholining eng kambagʻal qatlamlari iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlgan ekstremal ob-havo hodisalari va uzoq davom etadigan qurgʻoqchilik oldida ayniqsa himoyasizdir. Orol dengizining qurishi suv resurslarini oqilona tarzda boshqarish va foydalanish muhimligini eslatib turadi.
Oʻzbekiston hukumati joriy ehtiyojlarni kelajakdagi imkoniyatlarga zarar yetkazmasdan qondirish zarurligini anglagan holda, iqtisodiy oʻsish bilan atrof-muhitni muhofaza qilish oʻrtasidagi muvozanatni taʼminlashga harakat qilmoqda. Oʻzbekiston soʻnggi yillarda oʻzining jadal iqtisodiy rivojlanishi orqali kelajak avlodlar manfaati yoʻlida atrof-muhitni samarali himoya qilish va oqilona boshqarishni maqsad qilgan.
Faoliyat koʻlami
Oʻzbekiston hukumatining ekologik barqarorlikni taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlash maqsadida, BMTTDning Atrof-muhit va iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish klasterining faoliyati quyidagilarga yoʻnaltirilgan:
- BMT, rivojlanish sohasidagi ko‘p tomonlama banklar va xususiy sektordan bo‘lgan hamkorlarni safarbar qilish orqali O‘zbekistonni Milliy miqyosda belgilanadigan hissani (MMBH) kengaytirishda qo‘llab-quvvatlash. Bundan maqsad - MMBHning ustuvor yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash va belgilangan sanaga qadar mamlakat uglerod neytralligiga erishishi uchun moliyaviy oqimlarni yo‘naltirishga ko‘maklashish;
- Yashil iqlim jamg‘armasi ko‘magida sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, suv, favqulodda vaziyatlar va uy-joy sektorlari hamda atrof-muhit eng yomonlashgan hududlarda iqlim o‘zgarishiga moslashishning gender jihatlar hisobga olingan rejalarini ishlab chiqishga ko‘maklashish, iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish choralarini ta’minlash;
- 2030-yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash, shu jumladan qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish, resurslardan foydalanish samaradorligini hamda ekinlar hosildorligini oshirish va yerlar degradatsiyasiga yo‘l qo‘ymaslik;
- Energiyadan foydalanish samaradorligi sohasidagi yangi yechimlarni ishlab chiqishni qo‘llab-quvvatlash, jumladan, Islom va Osiyo taraqqiyot banklari bilan birgalikda aralash moliyalashtirish imkoniyatlari orqali arzon energiya tejamkor qishloq uy-joylariga investitsiya kiritish hamda toza va arzon energiyadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish;
- 2019 — 2028-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida biologik xilma-xillikni saqlash strategiyasiga muvofiq, tabiiy resurslarni samarali va barqaror boshqarish uchun tabiatni muhofaza qilish siyosatini ilgari surish;
- Ekotizimlarni oqilona boshqarish hamda Orolbo‘yi mintaqasidagi tog‘ ekotizimlari, suv-botqoq va cho‘l ekotizimlarini saqlash va qayta tiklashni targ‘ib qilish.
- Orolbo‘yi mintaqasida qishloq aholisining daromad manbalari barqarorligiga jiddiy tahdid soladigan qishloq xo‘jaligini yuritishning samarasiz usullariga qarshi kurashish (Yevropa Ittifoqi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda), milliy siyosatda suvning iqtisodiy qiymatini hisobga olish, bozorga asoslangan rag‘batlarni o‘rganish va “yashil” iqtisodiyotga o‘tishga hissa qo‘shish;
- Iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan xavf-xatarlar to‘g‘risida gender jihatlar hisobga olingan erta ogohlantirish tizimlarini yaratish orqali Tabiiy ofatlar xavfini kamaytirish bo‘yicha Senday hadli dasturini amalga oshirishda milliy hamkorlarni (Favqulodda vaziyatlar vazirligi, O‘zgidromet va viloyat hokimliklari) qo‘llab-quvvatlash;
- Orolbo‘yi mintaqasida uzoq vaqtdan beri yechilmayotgan muammolarni hal qilish uchun ko‘p qirrali yondashuvni joriy etish, jumladan, tizimlarni loyihalash, ma’lumotlar va tahlillar, muqobil moliyalashtirish hamda kompleks dastur va strategiyalarni ishlab chiqish orqali innovatsion kompleks yechimlarni yaratish; va
- Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, Investitsiyalar va savdo, Innovatsiyalar, Atrof-muhitni muhofaza qilish vazirliklari va boshqa tashkilotlarning Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash.