O‘zbekiston yoshlari uchun xavfsizroq raqamli kelajak sari
31-July, 2026
Toshkent, 2026-yil 30 iyul – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) hamda BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP) Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda «O‘zbekistonda yoshlarning kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikka qarshi barqarorligini mustahkamlash» qo‘shma dasturini yakunladi. 2025-yil fevralidan 2026-yil iyuligacha BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ishonch jamg‘armasi (UNTFHS) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilgan dastur yoshlarni kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha milliy salohiyatni mustahkamlashga, institutlar faoliyatini rivojlantirishga, raqamli savodxonlikni oshirishga hamda mahalliy hamjamiyatlar bilan hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qildi.
Dastur O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar va onlayn xizmatlarning jadal rivojlanishi natijasida yuzaga kelayotgan yangi imkoniyatlar bilan bir qatorda, yoshlarning kiberjinoyatchilik, onlayn firibgarlik, kiberbulling hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonligiga duch kelish xavfi ortib borayotganiga javoban ishlab chiqildi. Inson xavfsizligi yondashuvi asosida amalga oshirilgan dastur davlat idoralari, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ko‘ngillilar va yoshlarni birlashtirib, profilaktika hamda javob choralarini kuchaytirishga xizmat qildi.
Dastur davomida 100 mingdan ortiq kishi bevosita qamrab olindi. Ular orasida yoshlar, pedagoglar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, mahalla vakillari va fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari bor. Dastur doirasida faoliyatini davom ettiradigan ikkita milliy mexanizm yaratildi: Toshkent shahridagi Yoshlar kiberjinoyatchiligining oldini olish markazi hamda virtual Resurs va metodik markaz. Shuningdek, 29 mavzuni qamrab olgan oltita interaktiv o‘quv moduli va kiberxavflar hamda raqamli zo‘ravonlikka bag‘ishlangan yettita videodarsni o‘z ichiga olgan yangi onlayn ta’lim platformasi ishga tushirildi. Bu esa mamlakat bo‘ylab yoshlar va mutaxassislar uchun amaliy o‘quv resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirdi.
Dastur milliy salohiyatni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratdi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, o‘qituvchilar va mahalla vakillarini o‘z ichiga olgan 150 nafardan ortiq mutaxassis kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikning oldini olish, aniqlash va unga javob berish bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tdi. Xalqaro metodik qo‘llanmalar o‘zbek va rus tillariga moslashtirildi hamda texnologiyalar orqali sodir etiladigan gender zo‘ravonligi bo‘yicha yangi tadqiqot qonunchilikni takomillashtirish, jabrlanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash va idoralararo hamkorlikni kuchaytirish uchun tavsiyalar ishlab chiqishga asos bo‘ldi.
Dastur yoshlar yetakchiligi va mahalliy hamjamiyatlar ishtirokini ham qo‘llab-quvvatladi. 470 nafardan ortiq yosh kiberxavfsizlik va yangi raqamli tahdidlarga bag‘ishlangan Model BMT konferensiyalarida ishtirok etdi. 50 nafar BMT Ko‘ngillisi esa hududlarda raqamli savodxonlik bo‘yicha tadbirlarni o‘tkazib, ehtiyojmand yoshlar bilan ishladi. Tengdoshlar orqali xabardorlikni oshirish maqsadida o‘tkazilgan milliy tanlov yakunida yoshlar tomonidan yaratilgan 16 ta ijtimoiy rolik milliy telekanallar, maktablardagi raqamli ekranlar va ijtimoiy tarmoqlarda namoyish etildi.
Dasturning muhim natijalaridan biri kiberjinoyatchilikning oldini olish sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘ldi. Idoralararo ishchi guruhi orqali davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va rivojlanish bo‘yicha hamkorlar tajriba almashish, hamkorlikni kuchaytirish hamda yoshlarga ta’sir ko‘rsatayotgan yangi raqamli tahdidlarga muvofiqlashtirilgan javob choralarini ishlab chiqish yo‘lida birgalikda ishladi.
Dastur yakunlangan bo‘lsa-da, uning ko‘plab natijalari milliy hamkorlar faoliyatida davom ettiriladi. Onlayn ta’lim platformasi, o‘quv materiallari, tayyorlangan mutaxassislar, tadqiqotlar va yo‘lga qo‘yilgan hamkorliklar O‘zbekistonda raqamli savodxonlikni oshirish, internetdan xavfsiz foydalanish madaniyatini rivojlantirish hamda yoshlarni kiberjinoyatchilik va raqamli zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha ishlarni davom ettirish uchun mustahkam asos yaratadi.
Qo‘shma dastur yetakchi agentlik sifatida UNODC hamda UNDP tomonidan Ichki ishlar vazirligining Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, UZINFOCOM, Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston Volontyorlar milliy assotsiatsiyasi, Mahallalar uyushmasi, Toshkentdagi Westminster xalqaro universiteti, «Barqaror Hayot» NNT va boshqa milliy hamkorlar bilan birgalikda amalga oshirildi. Dastur BMTning Inson xavfsizligi bo‘yicha ishonch jamg‘armasi (UNTFHS) tomonidan moliyalashtirildi.