Qonundan amaliyotga: O‘zbekiston aholisining huquqiy ehtiyojlarini qondirish

13-May, 2025
Conference participants attentively engage, with flags representing various countries displayed.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi

Toshkent, 2025-yil 13-may – Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot Dasturi (BMT Taraqqiyot Dasturi) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston aholisining huquq tizimidan qanday foydalanishi va tajribasini o‘rganuvchi “Huquqiy ehtiyojlarni baholash” deb nomlangan milliy tadqiqot natijalarini taqdim etishga bag‘ishlangan davra suhbatini o‘tkazdi.

Tadbirda hukumat vakillari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari va xalqaro hamkorlar tadqiqot natijalarini muhokama qilish va ijtimoiy himoyaga muhtoj jamoalar uchun odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilash uchun yig‘ildi.

2023-yildan beri BMT Taraqqiyot Dasturi O‘zbekistonda qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlab keladi. 2024-yilda o‘tkazilgan baholash kuyidagi asosiy kamchiliklarni aniqladi:

  • Aholining 83 foizi yordam olish uchun rasmiy huquqiy tizimlarga emas, mahalla yoki oilaviy tarmoqlarga tayanadi.

  • Ko‘pincha yuqori xarajatlar va huquqiy savodxonligi pastligi tufayli aholining faqat 8,6% advokatlar yordamidan foydalanadi.

  • Yer, uy-joy, ijtimoiy ta’minot va moliyaviy muammolar eng keng tarqalgan huquqiy muammolarga kiradi.

Tadqiqot shuni ko'rsatdiki, respondentlarning uchdan biri qonunlarni tushunmagani uchun huquqiy muammolarga duch keladi.

Ushbu bo‘shliqlarni to‘ldirish uchun hisobotda raqamli yuridik xizmatlarni kengaytirish, bepul yuridik yordam tizimini moliyalashtirish va davlat xizmatchilari salohiyatini oshirish tavsiya etiladi.

Three women participate in a conference, seated at a table with flags and microphones.
Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
“Siyosat islohotlari aholining qonuniy ehtiyojlarini to‘liq qondirish uchun rasmiy va norasmiy tizimlarni bog‘lashi kerak”, deb izoh berdi BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakilasi Akiko Fujii. “Biz aholining huquqiy savodxonligini oshirish va huquqiy xizmatlarni yanada arzon va qulayroq qilishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz”.

Bu sohada rivojlanish allaqachon boshlangan. O‘zbekistonda 2022-yildan boshlab “Bepul yuridik yordam to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi va yaqinda Prezident qarori bilan uni kengaytirib, yuridik yordam “ijtimoiy karta”ga ega bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmat sifatida tasniflandi.

Foto: O‘zbekistondagi BMT Taraqqiyot Dasturi
“Aholining huquqiy ehtiyojlarini qondirish uchun muhim qadamlar qo‘yilgan, ammo yanada maqsadli sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarur, ayniqsa qishloq joylarda va kam ta’minlangan guruhlar orasida”,
deya ta’kidladi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili Feruza Eshmatova.

Davra suhbati O‘zbekistonda barcha uchun huquqiy yordamdan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va odil sudlovni ta’minlashda yana bir muhim bosqich bo‘ldi.

Ushbu tadbir Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi tomonidan moliyalashtirilgan va Adliya vazirligi bilan birgalikda amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda qonun ustuvorligi va inson huquqlarini himoya qilishni mustahkamlash” loyihasining doirasida o’tkazildi.