Qadam-baqadam barqaror kelajakni bunyod etish

24-April, 2022

Surat: BMTTD O'zbekiston

«Chiroyli narsalar chokma-chok bir qaviqda bitadi» degan gap yuradi. Bu ibora Muqaddas Nafasovada qaysidir jihatdan o‘z tasdig‘ini topgan. U O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyatida, ulug‘vor Hisor cho‘qqisining g‘arbiy yonbag‘ridagi Hisor davlat tabiat qo‘riqxonasi yaqinida joylashgan 10 ta qishloqdan iborat «tatar» fuqarolar yig‘inida yashovchi 3150 nafar ayolning biridir.

Qashqadaryo o‘zining archali o‘rmonlari va Hazrati Sulton tog‘i, Amir Temur g‘ori, dinozavrlarning toshga aylangan izlari va ajoyib sharsharalari kabi ziyorat va turizm maskanlari bilan mashhur. Shuningdek, qo‘riqxonada kamyob hayvonlarning noyob turlarini ko‘plab uchratish mumkin. «Ammo shu ham tahdid ostida»,- qayd etadi O‘zbekistondagi BMTTD doimiy vakilining o‘rinbosari Doyna Muntyanu: «Aholining aksariyat qismi uchun asosiy daromad chorvachilikdan, u esa tabiat resurslarini qisqartiradi, bunga ayniqsa tabiiy yaylovlarda chorvani haddan ziyod o‘tlatish sabab bo‘ladi».

Muntyanu xonim chorvani haddan ortiq o‘tlatish yaylovlarning o‘simlik qoplami kamayishiga, yashash muhiti bioxilma-xilligining fragmentatsiyasiga, tuproq unumdorligining kamayishiga, eroziyaga, jadal sahrolashuvga va tog‘ oldi hamda tog‘li hududlarda yer ko‘chishlariga olib kelganligini qayd etadi. «Bunday ekologik o‘zgarishlar ham bioxilma-xillikni saqlab qolishga, ham aholi turmush darajasiga jiddiy tahdid soladi»,- deydi u.

Hikoyamiz qahramoni Muqaddas keyingi besh yil davomida kiyim-kechak tikish bilan shug‘ullanadi va uning xizmatlariga talab katta, chunki boshqa tikuvchi bu qishloqdan naq 37 kilometr narida turadi. Muqaddas va uning eri Hikmatilla BMTTD/GEF va Davekoqo‘mning “Global ahamiyatga ega bioxilma-xillik uchun muhim asosiy tog‘li hududlarda tabiiy resurslardan barqaror foydalanish va o‘rmonlarni boshqarish” qo‘shma loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan Texnik ko‘mak dasturiga murojaat qildilar, yutib chiqqan grant arizasi asosida kerakli tikuv va sartaroshlik jihozlari sotib olindi va yetkazib berildi. Hozirda tikuvchilik ustaxonasida ikki ayol ishlamoqda, yana o‘n qiz o‘qitilyati. Muqaddasning rejalaridan ham mahalliy, ham mintaqa bozori uchun noyob liboslar ishlab chiqarish o‘rin olgan. 

«Biz asosan ayollar va bolalar uchun keng assortimentda kiyim-kechak ishlab chiqaramiz,- so‘zlaydi Muqaddas.- Oilaviy biznesga ega bo‘lish, qishloqdoshlar ehtiyojlarini qondirish va shuning barobarida barqaror daromadga ega bo‘lish bizga juda manzur. Ayniqsa, atrof-muhitga zarar yetkazmayotganimizni aniq bilishimiz juda muhim. Hayotda nimadir o‘ta mustahkam narsani qurish uchun vaqt kerak va siz jiddu-jahd bilan qursangiz, xuddi tikuvchilikda chokma-chok tikilganidek, natija sizga uzoq yillar xizmat qiladi».

Muqaddasning eri Hikmatilla uning qarashlariga qo‘shiladi: «Mahalliy sartaroshxonamiz ham juda mashhur. Biz juda baxtlimiz va u qishloq hayotiga keltirgan o‘zgarishlarni his qilmoqdamiz. Orzuimiz amalga oshdi, deb dadil ayta olaman: biz bundan ham moddiy, ham ma'naviy foyda olamiz. Hozir biz biznesni kengaytirish va yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini, masalan, katta talabga ega g‘isht ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish niyatidamiz».

Sartaroshxona va tikuv ustaxonasi – bu yerlar degradatsiyasidek jiddiy muammoga qiyoslaganda arzimas yechim ko‘rinishi mumkin, ammo mana shunday kichik korxonalar mahalliy aholiga chorvachilikdan boshqa daromad keltiruvchi faoliyat turlari ham borligini ko‘rsatadi. Agar bu tendensiya saqlanib qolsa, u mahalliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalashga, mahalliy iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirishga va keng tarqalgan chorvachilikning mahalliy ekotizimga salbiy ta'sirini kamaytirishga yordam berishi mumkin.

Umumiy axborot:

O‘zbekistonda BMTTD yordami ikkita o‘zaro bog‘liq umumiy maqsadlarga qaratilgan: iqtisodiy va demokratik islohotlarda  hukumatni qo‘llab-quvvatlash; milliy va mahalliy miqyosda taraqqiyot jarayonlarida fuqarolik jamiyatining ishtirokini mustahkamlash va rag‘batlantirish.

BMTTD Texnik ko‘mak dasturi o‘rmon xo‘jaligi, chorvachilik, yaylovlarni tiklash va tabiiy o‘rmonlar va yaylovlarga yuklamani kamaytirish yo‘lida muqobil faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yish borasidagi amaliy choralar orqali mahalliy hamjamiyatlar salohiyatni yanada rivojlantirishga qaratilgan.