BMT volontyorning hikoyasi: taraqqiyot sohasida martaba yo'limni boshlashimga yordam bergan yetti qadam va saboqlar

11-April, 2024
Surat: BMTTD O'zbekiston

Barcha sayohatlar birinchi (va odatda kichik) qadamdan boshlanadi va menda ham shunday bo'lgan, hali ham yodimda, men to'qqiz yoshimda asfaltda chizilgan suratlar tanlovida qatnashgan edim, biz tasavvurimizdagi yashil Sayyorani bo'r yordamida tasvirlashimiz kerak edi. Ushbu tanlovda mening ishim birinchi o'ringa musharraf bo'lgan va menga bolalar uchun mo'ljallangan sayyoramizni saqlab qolish haqidagi BMTning kitobchasi sovg'a qilingan. Bu lahzani men hayotimda burilish nuqtasi deb bilaman, chunki  ekologiya haqidagi ushbu kichik kitobni o'qish men kabi kichkina qiz uchun ajoyib tajriba bo'lgan edi va bu mening ekologik muammolar haqida chuqur xabardorligimning asosini yaratishda va barqarorlikka intilishimni shakllanishida birinchi qadam bo'ldi.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Mening birinchi olgan saboqim: hayotimdagi ushbu epizod shuni ko'rsatdiki, kichik o'zgarishlar ham global miqyosdagi narsalarga ta'sir qilishi mumkin (masalan, sayyoramizni toza va barqaror qilish). Xuddi shunday, kichkina bolalar va yoshlar global maqsadlarga erishishda muhim o'rin egallaydi va o'z faoliyati orqali global maqsadlarga erishishda muhim rol o'ynaydi.

O'shandan beri men ekologik barqarorlik muammolari, gender tenglik, teng ta'lim olish va turmush darajasini oshirish kabi boshqa global muammolar haqida ko'proq o'ylay boshladim. Bakalavriat davrida men o'zimni turli sohalarda sinab ko'rdim, volontyorlik tajribasiga ega bo'ldim, lekin men bundanda keng miqyosda  jamiyat va sayyoraga foyda keltirishni istar edim. Shunda men maqsadlarimni amalga oshirishning eng afzal yo'li Birlashgan Millatlar Tashkilotida ishlash ekanligini angladim.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Ikkinchi saboq: vaqtingizni behuda sarflamang! Maqsadingiz sari olgʻa intiling, imkoniyatlaringizni kengaytiring  va orzuingizdagi kasb haqida iloji boricha ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lishga harakat qiling. Har doim o'zingizga savol bering: "maqsadlarimga tezroq erishish uchun hozir nimani o'rganishim va nima qilishim kerak?” Kelajakdagi ishingiz sizga zavq bag'ishlashi kerakligini doimo yodda tuting.

Men BMTga olib boradigan yo'llarini izlay boshladim;  xalqaro tashkilotga ishga kirish, faqatgina volontyorlik  tajribasiga ega bakalavr talabasi uchun katta bir sinov edi. Men e'lon qilingan deyarli har bir amaliyot dasturiga topshira boshladim. Meni ishlashga shunchalik katta ishtiyoqim bor ediki, hatto  viloyatlarda  uydan uzoqda e'lon qilingan amaliyot dasturiga topshirganman. Birinchi suhbatimni juda katta hayajon bilan o'tkazganman - fikrlarimni to'play ololmaganman. Shunga qaramay, men taslim bo'lmadim va harakat qilishda davom etdim. Ko'p urinishlardan so'ng, BMTga qo'shilish orzusi amalga oshdi; men BMT Taraqqiyot Dasturining Strategik Rejalashtirish va Integratsiya bo'limida amaliyotchi sifatida ishga qabul qilindim. 

Surat: BMTTD O'zbekiston

Uchinchi saboq: hech qachon taslim bo'lmang! Qayta-qayta urinib ko'ring; birgina mag'lubiyat sizni  bunga loyiq emasligingizni anglatmaydi, aksincha, ko'proq harakat, tajriba va bilimingizni oshirishingiz kerak ekanligini anglatadi. Agar maqsadingiz bo'lsa, u sari intiling va natija o'zi keladi, albatta keladi!

BMTTDga yangi xodim sifatida kelganimda men qanday ajoyib jamoa va rahbarlar meni kutayotganini tasavvur ham qila olmas edim. Amaliyot davomida men ko'p narsalarni o'rgandim, ma'lumotlarni qidirish va matnlarni tarjima qilish kabi kichik vazifalardan tortib, dasturiy ta'minot va moliyaviy hisobotlarni tahlil qilish bilan bog'liq murakkablargacha. Shuningdek, men rahbarimga KoboToolbox kabi raqamli vositalardan foydalangan holda onlayn so'rovnomalar yaratishda yordam berishdan ko'p narsalarni o'rgandim.

Surat: BMTTD O'zbekiston

BMTTDda ikki yil ishlaganimdan keyin olgan to'rtinchi saboqim: bir qarashda qiyin tuyulishi mumkin bo'lgan vazifalar va topshiriqlardan qo'rqmang. Rahbar hech qachon sizga imkonsiz vazifalarni qo'ymaydi. Amaliyot - bu o'rganish imkoniyati, shuning uchun undan samarali foydalaning va hech qachon savol berishdan tortinmang.

Men o'zimni juda omadli deb bilaman, chunki BMT TDning turli bo'limlarida ishlash va har xil odamlardan o'rganish imkoniyatiga ega bo'ldim. Har bir bo'lim o'zini  funksiya va vazifalarga ega, ammo barchasi birgalikda hamjihatlikda ishlaydi. Strategik rejalashtirish va integratsiya bo'limida biz loyihalarni amalga oshirishni nazorat qilamiz va baholaymiz, Akselerator laboratoriyasida esa yangi vosita va yondashuvlarni birlashtirgan holda tajribalar o'tkazganmiz.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Beshinchi saboq: agar qiyinchilik bo'lsa, uni o'sish imkoniyati sifatida ko'rib chiqing. Men turli bo'limlarda ishlash orqali bilim va imkoniyatlarimni kengaytirish uchun har bir imkoniyatdan foydalandim. Ish jarayonida ijtimoiy ko'nikmalar muhim rol o'ynashini va yangi martaba imkoniyatlariga eshiklarni ochadigan kuchli vosita ekanligini angladim.

BMTTDda men tashkilot Forsayt vositalari va portfel yondashuvini loyihalarga integratsiya qilish imkoniyatini qanday o'rganayotganini ko'rish imkoniyatga ega bo'ldim va bu meni ilhomlantirdi!   

Shunday qilib, mashaqqatli mehnatim orqali men o'z qobiliyatim va ko'nikmalarimni namoyish etdim va amaliyot oxirida meni rivojlanish va tadqiqot xodimi lavozimiga ishga qabul qilishdi, shunday qilib men BMT volontyori kontraktiga ega bo'ldim, bu yosh mutaxassislar BMT tizimida birinchi karyera qadamni qo'yish uchun ajoyib imkoniyatdir.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Oltinchi saboq: siz har doim o'z mahoratingiz va bilimingizni oshirish ustida ishlashingiz kerak. Agar da siz yetuk mutaxassis bo'lishni va martaba zinapoyasidan ko’tarilishni istasangiz, o'qishda davom eting. Ish har doim yangi bilim va ko'nikmalarga intilish bilan yonma-yon bo'lishi kerak. 

BMT TDdagi faoliyatim davomida shaxsiy hayotimda ham ko'plab muhim o'zgarishlar yuz berdi, kasbiy intilishlarimni shaxsiy hayotim bilan birlashtirishni o'rganish zarurati yana bir qiyinchilikka aylandi. Mening rahbarlarim har doim hamma narsada meni qo'llab-quvvatlaydilar, shuning uchun ish ko‘pligiga qaramay, men magistraturaga topshirdim. Men ham o'z navbatimda, har doim ish va shaxsiy hayot orasida muvozanatini ushlab turishda oila va yaqinlar bilan munosabatlarni birinchi o'ringa qo'yish kerak deb o'ylayman.

Surat: BMTTD O'zbekiston

Yettinchi saboq: men karyeraga intilayotgan qizlarga maslahat berish darajasiga erishdim deb o'ylamayman, lekin mening so‘ngi va ehtimol eng muhim sabog’im bu ish va shaxsiy hayot orasida muvozanatini to'g'ri saqlash, vaqtingizni rejalashtirish va stressni boshqarishni o'rganish bo'ladi. 

Ishdagi tajribam menga global miqyosda barqaror o'zgarishlarni boshlash imkoniyatlarini ko'rsatdi. Men o'zimni va bu dunyodagi rolimni tushunishga ancha yaqinlashdim. Men to'liq ish tartibida ishlayman, shuningdek, kechqurun universitetga darslarimga boraman, chunki men hali ham magistrlik darajasini olyapman, shuningdek ish kuni boshlanishidan oldin ertalab sport zaliga muntazam ravishda boraman. Dam olish kunlari esa oilam bilan vaqt o'tkazaman, bularning barchasi stressni yengishda yordam beradi.

Oldinga qarab yurar ekanman , men martaba yo'limda odamlarni yashash darajasini yaxshilash maqsadida ishlashni davom ettirishga qaror qildim. Umid qilamanki, mening hikoyam tengdoshlarimga, ayniqsa meniki kabi qiziqishlari, qo'rquvlari va... orzulari bo'lgan qizlarga ozgina Ilhom beradi.

Har doim o'zingizga savol bering: "maqsadlarimga tezroq erishish uchun hozir nimani o'rganishim va nima qilishim kerak?” Kelajakdagi ishingiz sizga zavq bag'ishlashi kerakligini doimo yodda tuting.
Mubina, BMT ko'ngillisi