ITda qizlar: bo'lish yoki bo'lmaslik

Muallif: Bexzod Umarov

5-March, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

BMT Bosh kotibining oʼrinbosari Fumzile Mlambo-Ngkuka xonim bugun va har kuni biz raqamli kuch qizlar qoʼlida boʼlishi kerakligini eʼtirof etishimizni aytgan: “Bugun bizda dunyo uchun zarur boʼlgan yanada porloq kelajakni yaratish maqsadida, qizlar oʼrtasidagi aloqalarni va ularning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirishni taʼminlovchi dadil majburiyatlarni oʼz zimmamizga olishimiz uchun noyob imkoniyat va turtki bor”.

Qahramonimiz bilan tanishing: Navoiy viloyatidan Dilsoʼz Jonizoqova. Dilsoʼz Navoiy davlat pedagogika institutining uchinchi kursida, “Matematika va informatika” ixtisosligi boʼyicha tahsil oladi. U oiladagi uch farzandning toʼngʼichi. Unda axborot texnologiyalarni oʼrganishga boʼlgan qiziqish barvaqt namoyon boʼldi, u informatika boʼyicha hududiy maktab olimpiadalarida sovrinli oʼrinlarni egalladi va ota-onasi uning bu qiziqishlarini qoʼllab-quvvatladi. U frontend-dasturchilikni yoki veb-saytlar interfeysi ishlab chiqishni oʼzining asosiy yoʼnalishi sifatida tanladi hamda oʼqish jarayonidagi qiyinchiliklar koʼp boʼlishiga qaramay, barchasini yengib oʼtdi. Biroq, yaxshi ishga joylashishda asosiy mezon sanaluvchi tajriba yetishmasligi sababli, yuzlab tengdoshlari kabi, unda ham kerakli tajribani toʼplash uchun ishga joylashish imkoniyati boʼlmadi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

"Digital Internship (raqamli amaliyot) dasturi haqida men ijtimoiy tarmoqlar orqali xabar topdim. Eʼlonda yosh qizlar va ayollar uchun axborot texnologiyalari (АT) sohasida qisqa muddatli intensiv amaliyot toʼgʼrisida yozilgandi va shu sababli, men qiziqib qoldim. Roʼyxatdan oʼtib, ariza topshirdim", - deydi Dilsoʼz.

Dasturga jami 250 nafardan ortiq qiz ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ulardan 136 ta ishtirokchi birinchi bosqich – test sinovlaridan o‘tgan. Ikkinchi bosqich texnik intervyu bo‘ldi, undan 53 nafar qiz o‘tib, EPAM, TechCells, Scientech Solution, PlusSoft, Nextin studio, SIROCA TECH, MarssTeam, GoodOne, Velvet, Broject, Devops, Ongila, R2 TECHNOLOGY, Advantour, PayWay, Automation source, BePro Norm, Newtec, IT Academy Navoi kabi IT-kompaniyalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

"Аmaliyot jarayoni ajoyib boʼldi. Men АT-kasblar oʼquv markazida oʼz hududimda amaliyoydan oʼtish imkoniyatidan mamnun edim. Аmaliyotga tushgan kompaniyam xodimlari meni juda yaxshi qabul qildilar. Bu yerda koʼplab yoshlar, koʼpgina ayol-qizlar ishlaydi. Doʼstona muhit menga juda yoqdi", - qahramonimiz oʼz taassurotlarini biz bilan oʼrtoqlashadi.

Amaliyot dasturi ikki bosqichdan iborat edi: ishtirokchilarni tanlash va oylik amaliyot.  Amaliyotning natijasida ishtirokchilarga ijobiy baho berilgan holda, ular amaliyot oʻtagan kompaniyalarda yoki IT Park tomonidan tavsiya etilgan boshqa kompaniyalarda keyingi ishga joylashish imkoniga ega bo‘lishlari mumkin edi. Amaliyot davomida O‘zbekistonning turli viloyatlaridan kelgan 53 nafar qiz o‘z raqamli ko‘nikmalarini oshirdi. Amaliyot dasturi natijalariga koʻra, 23 nafar qiz ishga joylashdi, qolganlari esa kompaniyalarda amaliyotni uzaytirishga muvaffaq boʻlishdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Digital Internship dasturining kuratori Muyassar Shermatova qayd etganidek: "Koʼpchilik АT qizlar uchun emas, deydi. Аmmo bu xato fikr. Men oʼzim bunga misol boʼla olaman. Bugungi kunda raqamli tarmoq kasblari eng obroʼli va talabgir sanaladi – texnik mutaxassislarga talab tinimsiz oʼsib bormoqda. Shu bilan birga, Oʼzbekistonda АT sohasida erkaklar sezilarli darajada koʼp. Bizning ongimizda qizlar va texnologiyalar borasida koʼplab toʼsiqlar va stereotiplar bor: “bu qiyin, o’zgacha aql talab qiladi”dan tortib “ayol kishining ishimas”gacha. Loyihamiz oʼzini АT sektorida koʼradigan qizlarni qoʼllab-quvvatlaydi va koʼplab qizlarning АTda karyera boshlashlariga toʼsqinlik qiladigan bu stereotiplarni sindirishga, shuningdek oʼz yoʼlini qurish uchun aynan qaysi tomonga qarab harakatlanishni koʼrsatishga qaratilgan".

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Oʼz amaliyoti davomida Dilsoʼz veb-saytlarni ishlab chiqish boʼyicha amaliy topshiriq orqali tajribaga ega boʼldi va oʼzini namoyon qila oldi. Shu sababli, kompaniya rahbari unga oʼquv markazida frontend-ishlanmalar kursida oʼqituvchilik qilishni taklif etdi.

"Hozirda men АT-oʼquv markazida dars berish bilan shugʼullanyapman. АT bilan bogʼliq orzularim bisyor. Masalan, oʼzimning o’quvchilarimdan sherik topib yetishtirmoqchiman. Ular bilan veb-saytlar ishlab chiquvchi kompaniya ochgan boʼlardim, birgalikda xalqaro darajaga koʼtarilib, murakkab, muvaffaqiyatli loyihalarni amalga oshirardik. Bu axir juda qulay va mobil boʼlish, dunyoning istalgan nuqtasidan ishlash imkoniyatini beradi – kompyuter va Internet boʼlsa, bas. АT sohasini tanlagan boshqa qizlarga oʼz yoʼnalishlarida yaxshi mutaxassis boʼlib, go’mon qilganlarni fikrini o’zgartirishlarini tilayman. Buning uchun oʼqish va, to maqsadga erishmaguncha, tinimsiz harakatda boʼlish zarur. Eng asosiysi – oʼz maqsadlariga, orzulariga ishonish va ularga erishish ustida ishlash. Digital Internship kabi dasturlar koʼproq boʼlishini istardim, chunki ular tufayli orzularimizga ishona olamiz va ularni roʼyobga chiqara olamiz".

Digital Internship Programme - bu qizlar uchun intensiv qisqa muddatli amaliyot dasturi. Amaliyot Inha, Amity, TUIT, Yeoju, Turin va boshqalar kabi oliy taʼlim muassasalarining IT yoki tegishli texnik sohalarni bitirgan qizlari yoki boshlangʻich bosqichdagi yosh ayol mutaxassislarga moʻljallangan edi. Dastur ikki bosqichga bo'lingan: ishtirokchilarni tanlash va oylik amaliyot. Amaliyotda ijobiy natijalar ko'rsatgan ishtirokchilar oʻzlari taʼlim olgan korxonalarda yoki IT Park tomonidan tavsiya etilgan boshqa kompaniyalarda ishga joylashish huquqiga ega boʻldilar. Digital Internship dasturi AKT vazirligi, IT Park, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi va Iqtisodiy rivojlanish va qashshoqlikni qisqartirish vazirligi hamkorligida “Youth Digital Skills” qoʻshma tashabbusi doirasida amalga oshirildi.