Tanishing: Madina Muhammedova - muvaffaqiyatli ayol ixtirochi, tadbirkor va olima

Xotin-qizlar uchun ilm-fan sohasidagi namuna.

10-February, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Mualliflar: Bexzod Umarov, Adam Rodjers

 

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish taʼkidlaganidek, insoniyat toʼqnash kelayotgan koʼplab muammolarni hal qilishning eng yaxshi yoʼli – “sinflar, laboratoriya va muzokara xonalarini olima ayollar bilan toʼldirish" orqali foydalanilmayotgan ulkan isteʼdodlarni yuzaga chiqarish.

Oʼzbekistonning Buxoro shahrida tugʼilib oʼsgan Madina Muhammedova Bosh kotib daʼvatiga javob bergan ayollardan biri. U 2021 yilda BMTTD tomonidan “Yoshlar kelajagimiz” jamgʼarmasi bilan hamkorlikda oʼtkazilgan “Startap tashabbuslari” milliy tanlovining 40 nafar gʼolibidan biri boʼldi. Madinaning tanlovdagi ishtiroki shu qadar muvaffaqiyatli boʼldiki, u, pirovardida, Intellektual mulk agentligiga ariza topshirib, oʼz ixtirosi uchun patent olishga muvaffaq boʼldi. Hozirgi kunda esa u nafaqat Oʼzbekiston, balki dunyodagi minglab odamlarning salomatligini taʼminlashda jiddiy muammo boʼlib kelgan oʼta muhim masalaning yechimini topish bilan bir qatorda, muvaffaqiyatli biznesni ham boshqarib kelmoqda.

Fotosurat: Madinaning shaxsiy arxividan

Madinaning ixtirosi - Airy Insole pataklari boʼlib, qandli diabetga chalinganlarda oyoq kasalliklarining oldini olish uchun moʼljallangan. Xususan, Airy Insole pataklari surunkali ogʼriqlar, gangrena, amputatsiya va / yoki oyoq nogironligining oldini olishga yordam beradigan maxsus ortopedik vosita hisoblanadi. Muallifning tadqiqotiga koʼra, ayni paytda Oʼzbekistonda 140 794 nafar odam shu kabi kasalliklardan aziyat chekayotgan boʼlib, ularning 50 foizi ortopedik pataklarga muhtoj. Madina va uning jamoasi loyihaning qiymati, aholi uchun foydasi va potensial daromadni hisobga olgan holda xarajat-foyda tahlilini aniq hisoblab chiqqan.

“Loyihaning maqsadi – ortopedik pataklar yordamida oyoq kaftining yuzaga keladigan nuqtalariga bir xil bosim tushishini taʼminlash - deydi u. - Muammo qandli diabetga chalingan bemorlarda oyoq barmoqlarining ogʼriq yuzaga keladigan qismlariga kerakli yuklama tushishini taʼminlash orqali patak tuzilishini takomillashtirish orqali hal qilinadi".

Madinaning aytishicha, patak yuzasi turli qattiqlik xususiyatlariga ega boʼlgan romb shaklidagi elementlar oʼzaro bogʼlangan asosdan iborat. Romb shaklidagi elementlar patakning yuqori qismni tashkil qiladi. Bundan tashqari, bemor oyoq barmoqlarining ogʼriq paydo boʼladigan qismlariga qarab, tegishli joylarda qattiqlik darajasi pastroq elementlar tanlanadi. Ular shakli oʼzgaruvchan etilenvinilatsetat (EVА) polimer-kauchuk materialidan tayyorlanadi. Qandli diabetga chalingan odamning oyogʼi patak bilan oʼzaro taʼsirga kirishganda, rombsimon elementlar tushadigan bosimga qarab shaklini oʼzgartiradi.

Fotosurat: Madinaning shaxsiy arxividan

Madinaning ixtirosi yuqori samaradorlikka ega ekanini eʼtirof etgan holda, Oʼzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi loyiha uchun mukofot sifatida 1 milliard soʼm (88 000 AQSh dollari) va boshlangʼich xarajatlarga investitsiya sifatida 302 million soʼm (26 633 AQSh dollari) ajratdi. BMTTD tomonidan ham innovatsion startap uchun 50 million soʼm (4 800 AQSh dollari) miqdorida mukofot ajratilgan boʼlib, muallif ushbu mablagʼni oʼzining yangi biznesiga investitsiya sifatida kiritdi.

Qahramonimiz bu gʼoya bilan yona boshlaganda endigina yigirma yoshdan oshib, Toshkent toʼqimachilik va yengil sanoat institutida texnika fanlari nomzodi (PhD) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy izlanishlar bilan band edi.

"Oʼsha paytda bu gʼoyaga kasallikdan aziyat chekayotgan odamlarning ogʼirini yengil qilish umidida qilingan ilmiy izlanishlar turtki berdi, - deydi u. - Startaplar dasturi esa uni bozorga olib chiqishga yordam berdi”.

Fotosurat: Madinaning shaxsiy arxividan

Madinaning aytishicha, BMTTDning startaplar dasturida ishtirok etish davomida u tadbirkorlik, muammolarni hal qilish va potensial investorlarga oʼz ixtirosini toʼgʼri taqdim etish kabi biznes va menejment sir-asrorlari toʼgʼrisida koʼp narsalarni oʼrgandi. “Dastur orqali boshqa hech qayerda uchratmagan koʼplab maʼlumotlarni olishga muvaffaq boʼldim va bu menga oʼz ixtirom bilan muvaffaqiyat qozonishim uchun kuch berdi, - deydi u. - Moliyaviy prognozlar bilan ishlash, turli vositalar yordamida startaplar bozorini baholash va yangi biznesni boshlash usullarini oʼrgandim. Eng muhimi, dastur tashkilotchilari, yoʼriqchi va murabbiylar menga turtki berib, oʼzimga boʼlgan ishonchimni yanada mustahkamlashdi”.

Olimaning soʼzlariga koʼra, startaplar dasturida oʼrgangan muhim narsalaridan biri - bu maqsadli auditoriya yoki guruhlarga mavjud imkoniyatlar toʼgʼrisidagi axborotni yetkazish muhimligi.

"Shu bois moliyaviy koʼmak olib, uni, avvalo, reklamaga, jumladan kompaniya veb-sayti, telegram kanali, Facebook and Instagram tarmogʼidagi sahifalarini yaratish va yuritishga sarmoya sifatida kiritdim", - deydi u.

Toʼrt yillik ilmiy tadqiqotlari davomida Madina koʼp qiyinchiliklarga duch keldi. Dastlab u oʼz gʼoyalari toʼgʼrisida soʼzlab berganda, koʼpchilik kulib, muvaffaqiyatga erishishiga shubha bildirgan. Ammo uni qoʼllab-quvvatlaganlar ham boʼlgan. Misol uchun, uning endokrinolog ustozi masalani diqqat bilan oʼrganib chiqish kerakligini maslahat bergan. Аynan u Madinaga nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilishga yordam bergan. Texnik soha vakili boʼlishiga qaramay, Madina bugungi kunda tibbiyot sohasida ham katta bilimga ega. Аynan shu sababli loyiha ilmiy jihatdan puxta asoslangan. Doktorlik ilmiy unvonini olishni maqsad qilgan holda, qahramonimiz ilmiy izlanishlar ustida ishlashda davom etmoqda.

Madina uning muvaffaqiyatlari orzulari bir dunyo boʼlgan yosh xotin-qizlar uchun ilhom va gʼayrat manbai boʼlib xizmat qilishi mumkinligiga umid bildiradi. “Jamiyatimizdagi barcha yoshlar men kabi foydali bilimlarga ega boʼlib, hech qachon oʼrganishdan, oʼz ustida ishlashdan toʼxtamaydi deb umid qilaman” - deydi u. Bularning bari amalga oshsa, mamlakatimiz kelajagi ishonchli qoʼllarda boʼladi, negaki ulkan salohiyatga ega yoshlarimiz koʼp. Ularga oʼzi va Ona Vatanning porloq kelajagini yaratish uchun imkoniyatlar darchasi ochib berilsa boʼlgani”.

Madina Muxammedova va Airy Insole pataklari toʼgʼrisida koʼproq maʼlumot olish uchun ushbu videoni tomosha qiling.

“Jamiyatimizdagi barcha yoshlar men kabi foydali bilimlarga ega boʼlib, hech qachon oʼrganishdan, oʼz ustida ishlashdan toʼxtamaydi deb umid qilaman”
Madina Muhammedova