Samarali Demokratik Boshqaruv

Samarali boshqaruv

BMT Taraqqiyot Dasturi (UNDP) O‘zbekistonda inklyuziv va samarali demokratik boshqaruvni hamda barcha fuqarolar uchun teng huquqli davlat xizmatlarini taqdim etishni ilgari suruvchi hukumat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratadi. Bizning maqsadimiz — qonun ustuvorligiga asoslangan inklyuziv, tinch, xavfsiz va hamjihat jamiyatni ta’minlashdir. Bu maqsadlarga erishish uchun UNDP inklyuziv muloqot, kelishuvga erishish va har bir insonning o‘sishiga hamda milliy taraqqiyotga hissa qo‘shishiga ko‘maklashuvchi, javobgarlik hissi yuqori bo‘lgan institutlarni mustahkamlash bo‘yicha maslahatlar beradi va targ‘ibot olib boradi.

Ushbu yo‘nalishdagi faoliyatimiz O‘zbekiston Hukumatining “Yangi O‘zbekiston” taraqqiyot strategiyasi hamda milliy ustuvor yo‘nalishlari bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, islohotlar markazida inson manfaatlarini qo‘yishni ustuvor qiladi. UNDP bu harakatlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hamkorlar bilan birgalikda institutsional salohiyatni mustahkamlash, ma’muriy va davlat xizmati islohotlarini amalga oshirish, hamda fuqarolarga yo‘naltirilgan davlat xizmatlarini ilgari surish ustida ishlaydi. Shuningdek, biz keng qamrovli, gender tengligini hisobga olgan holda, qaror qabul qilish jarayonlarida jamoatchilik ishtirokini rivojlantirish, elektron boshqaruvni joriy etish, adliya tizimini zamonaviylashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, shuningdek parlament islohoti va taraqqiyotini targ‘ib qilishga ko‘maklashamiz.

Faoliyat koʻlami

BMT Taraqqiyot Dasturining “Samarali Demokratik Boshqaruv” klasteri O‘zbekistonning quyidagi ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib bormoqda:

  • Davlat xizmatlaridan foydalanish qulayligi, samaradorligi va hisobdorligini oshiradigan samarali boshqaruv tizimlarini rivojlantirish.
  • Korrupsiyaga qarshi kurashish organlarining normativ-huquqiy va institutsional salohiyatini mustahkamlash hamda fuqarolik makonini kengaytirish va adolatli raqamli transformatsiya vositasida shaffoflikni oshirish orqali hukumatning korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish.
  • Surxondaryo viloyati, Fargʻona vodiysi va chegaraoldi hududlarning himoyaga muhtoj hududlarida ijtimoiy birdamlik tashabbuslariga ustuvor ahamiyat berish.