O'zbekiston uchun Kompleks Milliy Moliyalashtirish Strategiyasi muhim sheriklar muhokamasida

31-October, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2022-yil 31-oktabr, Toshkent. BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan Moliya vazirligi bilan hamkorlikda O'zbekiston uchun Kompleks Milliy Moliyalashtirish Strategiyasi loyihasini muhokama qilish hamda uni amalga oshirish jarayonidagi ustuvorliklarni aniqlashga yo'naltirilgan uchrashuvlar o'tkazilmoqda. Muhim sheriklar bilan mavzuga doir muhokamalardan tashkil topgan mazkur ikki kunlik tadbir Strategiyaning yakuniy shaklini tayyorlashga yordam beradi.

O'zbekiston hukumati BMTTD bilan hamkorlikda 2021-yildan boshlab Kompleks Milliy Moliyalashtirish Strategiyasini (Strategiya) ishlab chiqish ustida ish olib bormoqda. Mazkur Strategiyaning asosiy maqsadi – 2022-2026-yillarda Yangi O'zbekistonni rivojlantirish strategiyasini moliyalashtirish uchun davlat va xususiy manbalarni muvofiqlashtirish hamda istiqbolda Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishishga ko'maklashish imkonini beradigan innovatsion kompleks yondashuvni ta'minlashdan iborat.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Strategiyani ishlab chiqish jarayonida muhokamalarni o'tkazish – Strategiyada taklif etilgan islohot va chora-tadbirlar O'zbekiston sharoitlarida yuqori darajada samarador bo'lishi uchun zarur qadamdir. Moliyaviy muhokamalar Strategiyaning asosiy yo'nalishlarini muhokama qilish, to'siqlarni bartaraf etish va tutash nuqtalarni izlash uchun hukumat, xususiy sektor, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari vakillari hamda rivojlantirish bo'yicha sheriklarni birlashtirish imkonini beradi.

BMTTD Doimiy vakili Matilda Dimovska o'z nutqida qayd etganidek, “Ushbu Strategiyaning yangiligi uning kompleks yondashuvidadir. Moliyalashtirish strategiyasi ham ichki, ham tashqi manbalardan xususiy va davlat oqimlari safarbar etilishini rag'batlantirish hamda ularni moliyaviy siyosat samaradorligini oshirish uchun integratsiyalashga yo'naltirilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Moliya vazirining o'rinbosari Axadbek Xaydarov ta'kidlaganidek, “Mazkur Strategiya moliyalashtirish siyosatini 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ko‘rsatilgan milliy rivojlanishning o‘rta va uzoq muddatli ustuvor yo‘nalishlari bilan muvofiqlashtirishga xizmat qilishi lozim. Bu o‘z navbatida, resurslarni safarbar qilish uchun kamchilik va imkoniyatlarni aniqlashga yordam beradi”.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Ushbu tadbir sessiyalari Strategiyaning asosiy mavzuga doir yo'nalishlari bo'yicha tashkil etilgan: davlat xarajatlari samaradorligini oshirish, ichki resurslar va davlat daromadlarini safarbar etish bo'yicha choralarni amalga oshirish, davlat qarzini boshqarish, xususiy sektor va xorijiy to'g'ridan-to'g'ri investitsiyalar uchun qulay muhit yaratish, aralash moliyalashtirish mexanizmlaridan foydalanishni joriy etish va kengaytirish va boshqalar.

Mavzuga doir sessiyalar doirasida so'zga chiqishi rejalashtirilgan ekspertlar Strategiyada nazarda tutilgan asosiy islohotlar va harakatlar bo'yicha o'z baholarini taqdim etib, ushbu hujjatni takomillashtirish bo'yicha tavsiyalarini o'rtoqlashadilar. Ekspertlarning takliflari O'zbekiston uchun Moliyalashtirish strategiyasining yakuniy shaklida aks ettiriladi.

Mazkur tadbir O'zbekiston uchun Kompleks Milliy Moliyalashtirish Strategiyasini yaratish bo'yicha keng ko'lamli ishlarning bir qismi hisoblanadi. Keyingi bosqich Strategiyaning hukumat tomonidan tasdiqlanishi hamda kambag'allikni yo'qotish, atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror rivojlantirish sohasida jami 16ta milliy maqsadga erishishni tezlashtirish uchun uni amalga oshirishda davom etishdan iborat.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

O'zbekiston Hukumati Barqaror rivojlantirish maqsadlari (BRM)ga erishish masalasiga qat'iy yondashgan. 2018 yilda 16ta milliy BRM va ularga tegishli 125ta vazifa qabul qilingan. Ushbu tashabbus BMTTD tomonidan Xalqaro favqulodda bolalar jamg'armasi (UNIСEF), Butunjahon sog'liqni saqlash tashkiloti (BSST) va BMT Narkotiklar va jinoyat bo'yicha boshqarmasi (BMT NJB) bilan hamkorlikda boshqariladigan «O'zbekistonda Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratish» BMT Qo'shma loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Loyiha amaldagi islohotlarning taraqqiyotga ta'sirini imkon qadar oshirish uchun Kompleks milliy moliyalashtirish strategiyasini yaratishda ko'mak ko'rsatishga qaratilgan. Dastur BRM qo'shma jamg'armasi hamda Yevropa Ittifoqi va quyidagi donor-mamlakatlar hisobiga moliyalashtiriladi: Daniya, Germaniya, Irlandiya, Lyuksemburg, Monako, Niderlandiya, Norvegiya, Portugaliya, Ispaniya, Shvetsiya va Shveysariya.