Markaziy Osiyo qizlari yetakchilik va gender tengligi sohasida salohiyatlarini oshirmoqdalar

10-November, 2021

Image: UNDP Uzbekistan

10 noyabr 2021 yil, Bo‘stonliq tumani. Gender tengligiga erishish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish Markaziy Osiyo mamlakatlarida davlat siyosatining muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy, siyosiy va ishbilarmonlik hayotida yosh ayollarning rolini oshirish uchun kelajakdagi yetakchi ayollarni tayyorlash muhim ahamiyatga ega.

2021-yilning 10-12-noyabr kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti shafeligida Markaziy Osiyoda qizlar uchun yetakchilik, murabbiylik va gender tengligi bo‘yicha mintaqaviy o‘quv lageri o‘tkazilmoqda. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan BMT Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi va “BMT-Ayollar” tashkiloti ko‘magida tashkil etildi.

Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistondan 30 nafardan ortiq qizlar ishtirok etmoqda. O‘quv lageri Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan qizlar va istiqbolli kadrlar salohiyatini oshirish, ularda davlat va jamiyat hayotida yanada faol ishtirok etish uchun yetakchilik fazilatlarini rivojlantirishga qaratilgan. O‘quv mashg‘ulotlarining o‘tkazilishi mintaqada ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, qizlarning kasbiy mahorati va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska tadbirni qutlov so‘zlari bilan ochib berdilar.

Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti Raisi Tanzila Narbayeva o‘z nutqida yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning imkoniyatlarini kengaytirish, mintaqa davlatlari qizlari o‘rtasida mintaqaviy va ikki tomonlama format miqyosida aloqalarni o‘rnatish va rivojlantirishga ko‘maklashish O‘zbekiston tomonining Muloqotda raisligi doirasida ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida hisoblanishini ta’kidladi.

-       Biz sizlarga ishonamiz va mintaqadagi barqaror rivojlanish jarayonlariga hissangizni qo‘shish, siyosat, iqtisodiyot, ta’lim, fan sohalarida o‘z salohiyatingizni ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashamiz, dolzarb ekologik muammolar yechimini topish, tinchlik va barqarorlikni saqlash, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik rishtalarini mustahkamlash borasidagi sa’y-harakatlaringiz va intilishlaringizni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi Tanzila Narbayeva.

BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi Doimiy vakili Matilda Dimovska tadbir ochilishida so‘zga chiqib, bo‘lajak yetakchi ayollarni tayyorlash, ularning yetakchilik mahoratini oshirish, jahon bilimlari va amaliyotidan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. Bu esa o’z navbatida Markaziy Osiyo mamlakatlarining ijtimoiy, siyosiy, ilmiy va ishbilarmonlik hayotida xotin-qizlar rolini oshirishga xizmat qiladi.

-       Mintaqa mamlakatlari iqlim oʻzgarishidan tortib, iqtisodiyot va jamiyatni tiklashgacha boʻlgan barcha sohalardagi hayotiy muammolarni yengish uchun ayollar yetakchiligi, xotin-qizlarning koʻnikma va isteʼdodiga muhtojdirlar, – dedi Matilda Dimovska.

O‘quv lagerida Markaziy Osiyo mamlakatlari jamiyat va davlat hayotida ayollar rolining rivoji muhokama qilindi, gender tengligini ta’minlashga qaratilgan xalqaro normalar, shuningdek, “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibining dolzarbligi haqida ma’lumotlar tinglandi.

Ishtirokchilarga gender tengligi, qizlar yetakchiligi va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, ayollar va qizlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirish, tadbirkorlik asoslari va qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish kabi mavzularda treninglar o‘tkazildi.


Tadbir yakunlari boʻyicha mintaqaviy oʻquv lageri ishtirokchilarining Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti aʼzolariga Murojaatnomasi qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjatga Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan qizlarni qoʻllab-quvvatlash, xususan, kasbiy mahorat va yetakchilik fazilatlarini rivojlantirish, ularning turli sohalarda imkoniyatlarini kengaytirish boʻyicha takliflar kiritiladi.