Markaziy Osiyo mamlakatlari uran merosi hududida loyihani amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar

27-November, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Toshkentda “Markaziy Osiyoda uran merosi bilan bog‘liq muammolarni hal qilishga manfaatdor tomonlarni jalb qilish. II faza” mintaqaviy loyihasining yakuniy seminari bo‘lib o‘tdi. Loyiha BMTTD tomonidan YeXHT bilan hamkorlikda hamda Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magi ostida Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistonda amalga oshirildi.

Markaziy Osiyo qariyb 40 yil davomida Sovet Ittifoqining atom sanoati uchun asosiy uran yetkazib beruvchi mintaqa bo‘lib kelgan. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin yangi mustaqil davlatlar radiofaol chiqindilar muammosiga to‘qnash keldi. Baholashlarga ko‘ra, hozirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Tojikistonning tog‘oldi hududlarida radiofaol uran konlaridan qazib olish va qayta ishlashdan qolgan 1 milliard tonna chiqindi mavjud bo‘lib, bu mintaqadagi odamlarning hayoti va salomatligiga, shuningdek atrof-muhitga jiddiy tahdid soladi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Vaziyatni yaxshilash uchun BMTTD va YXHT tomonidan Yevropa Ittifoqi ko‘magi ostida Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonda xabardorlikni oshirish va ijtimoiy-yo‘naltirilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash orqali uran merosining aholi va atrof-muhitga salbiy ta’siri xavfini kamaytirish maqsadida loyiha ishlab chiqildi.

BMTTD Doimiy vakilining o‘rinbosari Anas Qarman ko‘p tomonlama hamkorlik ahamiyatini qayd etgan holda, quyidagilarni ta’kidladi:

“Sentabr oyi boshida men Yevropa mamlakatlari elchilari, BMTTD, YXHT, YI va YRRB institutlari missiyasi tarkibida Yangiobod shahriga tashrif buyurib, olib borilayotgan ishlarning natijasi bilan tanishdim. Bunda har bir tomonning harakatlaridagi uyg‘unlikni alohida qayd etish zarur. Bir tomondan, biz qaytadan kultivatsiyalash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning guvohiga aylandik, ammo bunga parallel tarzda mahalliy aholining xabardorligini oshirish va ijtimoiy-iqtisodiy shartlarni yaxshilash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Darhaqiqat, murakkab ishni faqat kompleks yondashuv orqali hal qilish mumkin, bunga shaxsan guvoh bo‘ldim”.
Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Seminar doirasida manfaatdor mamlakatlarning vakillari erishilgan natijalarni taqdim etib, loyihani amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdilar. O‘z navbatida, uran merosi hududlarida yashovchi faol aholi vakillari loyiha tashabbuslari ularning va jamiyat hayotida qanday aks etgani haqida so‘zlab berdilar.

O‘zbekistonda loyihaning ikkinchi fazasi 2019-yildan buyon Yangiobod va Chorkesar hududida amalga oshirilmoqda. Bu davr ichida 16ta biznes-loyiha biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirish oldi. Ularning qatorida trekking uchun oromgoh, asalari xo‘jaligi, tikuv sexi, bolalar bog‘chasi, o‘quv markazi va boshqalarni sanab o‘tish mumkin.

Bundan tashqari, aholining tadbirkorlik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan treninglar o‘tkazildi. Chorkesar va Yangiobodda 100dan ortiq odam biznesni tashkil qilish va yuritish, chekka tumanlarda yashil tadbirkorlikni rivojlantirish imkoniyatlari haqida bilib oldilar.

Fotosurat: BMTTD O'zbekistonda

Loyiha tashabbuslari Yangiobod va Chorkesar aholisining turmush sharoitlarini yaxshilashga ham xizmat qildi. Yangiobodda 450ta va Chorkesarda 550ta uy xo‘jaligi o‘rnatilgan yettita transformator stansiyasi hisobiga uzluksiz elektr tarmog‘iga ulandi. Shu bilan birga, mahalliy aholini xavf ehtimoli mavjud hududlar haqida ogohlantirish uchun 120ta “Radiofaol” yangi xavfsizlik belgisi o‘rnatildi.

Loyiha doirasida xarid qilingan dozimetr qurilmasi mahalliy aholiga radiatsiya darajasi o‘lchovlarini o‘tkazish imkoniyatini yaratish hamda uran merosi ob’ektlari yaqinida xavfsiz yashashini ta’minlash uchun Favqulodda vaziyatlar vazirligiga topshirildi. Uran merosi ob’ektlari yaqinida yashovchi har bir odam radiatsiya ta’sirini nazorat qilish uchun dozimetrni so‘rab olib, mustaqil ravishda o‘lchovlar o‘tkazishi mumkin.