BMT Taraqqiyot dasturi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʼyicha maxsus vakiliga Orolboʼyi mintaqasi uchun qoʼshma dastur natijalarini taqdim etdi

26-October, 2022
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

2022 yil 21 oktabr kuni Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʼyicha maxsus vakili Teri Xakalaning tashrifi boʼlib oʼtdi. Safardan koʼzlangan maqsad - Orolboʼyi mintaqasidagi qoʼshma tashabbuslarning amalga oshirilish jarayoni bilan tanishish, Orolboʼyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʼyicha koʼp tomonlama sheriklik trast jamgʼarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan BMTTD, BMTning Аholishunoslik jamgʼarmasi (YuNFPA) va FAOning “Orolboʼyi hududining yaxshi himoyalanmagan hamjamiyatlaridagi iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi muammolarni hal qilish uchun yoshlar va zaif aholining moslashuv salohiyatini mustahkamlash orqali ijodiy va innovatsion imkoniyatlarini rivojlantirish” qoʼshma dasturining benefitsiarlari bilan uchrashish.

Dastlabki uchrashuv Moʼynoq tumanidagi 4-umumtaʼlim maktabida boʼlib, Teri Xakala oʼquvchilarning raqamlashtirishdan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash dasturi natijalari bilan tanishdi, oʼquvchi va oʼqituvchilar bilan suhbatlashdi. Shuningdek, u koʼplab mamlakatlarda raqamlashtirish, axborot texnologiyalari va xorijiy tillar sohasidagi bilimlarga boʼlgan talab yuqori ekanini taʼkidladi. Eslatib oʼtish joiz, 2021 yilda Qoʼshma dastur doirasida ushbu maktabga internetga ulangan zamonaviy AKT uskunalari, shuningdek, mebel va zarur buyumlar taqdim etilgan. Natijada, 414 nafar talaba hamda 71 nafar oʼqituvchi zamonaviy texnologiyalardan foydalanishini taʼminlash orqali o’zlarining raqamlashtirish borasidagi imkoniyatlarini oshirishga muvaffaq boʼlishdi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Soʼngra Yevropa Ittifoqining maxsus vakili Moʼynoq tumanida Qoʼshma dastur koʼmagida tashkil etilgan Kasb-hunar taʼlimi markazi faoliyati bilan tanishdi. Xakala xonim tikuvchilar, goʼzallik saloni mutaxassislari va chilangarlarni tayyorlash boʼyicha oʼquv kurslarini oʼtkazish jarayoni bilan tanishdi. Maxsus vakil xotin-qizlar bilan yaqindan suhbatlashib, ularning oʼquv kurslarini tugatgandan keyingi rejalari bilan qiziqdi. Yoshlar, xotin-qizlar va mehnat migrantlarining kasbiy koʼnikmalarini oshirish, talabgir va istiqbolli kasblar boʼyicha malakaga ega boʼlishi uchun imkoniyat yaratish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish orqali ularning bandligini qoʼllab-quvvatlash maqsadida turli yoʼnalishlar boʼyicha qisqa muddatli kurslarni oʼtkazadigan Kasb-hunar taʼlimi markazini tashkil etish uchun Qoʼshma dastur doirasida zarur uskuna va jihozlar olishda koʼmak berildi. Mazkur tashabbus ishsiz yoshlar va xotin-qizlarni turli talabgir mutaxassisliklar boʼyicha oʼqitish hamda oʼz biznesini boshlashi uchun zarur vositalar bilan taʼminlash orqali bandlikni taʼminlashga xizmat qiladi. 2021-2022-yillarda Qoʼshma dastur doirasida Moʼynoq tumanida 30 nafar yosh yigit va qizlar oʼquv kurslarini tamomlab, bugungi kunda turli xizmat koʼrsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Maxsus vakil “Jayhun” mahalla fuqarolar yigʼinida istiqomat qiladigan Jumanazar Begdullayev xonadonida ham boʼlib, shaxsiy tomorqada 50 kvadrat metr maydonga ega boʼlgan issiqxonada qilshloq xoʼjaligi ekinlarining yetishtirilishi bilan tanishdi. Xakala xonim Jumanazar qancha hosil olishni kutayotgani va kelajakdagi rejalari bilan qiziqdi. Benefitsiar hosilning bir qismini oilasining ehtiyojlari uchun oʼzida qoldirishini, bir qismini sotishini, olingan foyda evaziga yana bitta issiqxona qurib, faoliyatini kengaytirishni rejalashtirayotganini maʼlum qildi. Bogʼdorchilik sohasida innovatsion texnologiyalarni qoʼllab-quvvatlash orqali aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlari (yoshlar va xotin-qizlarga alohida eʼtibor qaratgan holda) oʼzini-oʼzi band qilishini qoʼllab-quvvatlash doirasida Qoʼshma dastur tomonidan Jumanazarga issiqxona taqdim etilib, shaxsiy tomorqasiga oʼrnatilgan boʼlib, bogʼdorchilik boʼyicha trening tashkil etilgan.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston