BMT Taraqqiyot Dasturi Italiya qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va qishloq xo‘jaligi iqtisodiyot tahlillari bo‘yicha kengashi tashrifini tashkillashtirdi

6-February, 2023
Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Shu haftada Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturi (BMTTD) koʻmagida Italiyaning qishloq xoʻjaligi tadqiqotlari va iqtisodiyoti boʻyicha kengashi (CREA) - qishloq xo‘jaligi, agrosanoat, baliqchilik, o‘rmon xo‘jaligi va iqtisodiyot bo‘yicha umumiy ilmiy vakolatlarga ega bo‘lgan Italiya milliy tadqiqot instituti vakillarining Oʻzbekistonga tashrifi boʻlib oʻtdi.

Eslatib oʻtamiz, CREA Italiyada qishloq xoʻjaligida faoliyat yurituvchi (innovatsion) guruhlarni yaratish va rivojlantirishga har tomonlama yordam koʻrsatuvchi yetakchi tashkilot hisoblanadi. Bugungi kunga qadar ular Italiyada qishloq xo'jaligini rivojlantirishga qaratilgan 600 dan ortiq muvaffaqiyatli innovatsion guruh faoliyatini yo‘lga qo‘yganlar.

Tashrif Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sektorining “yashil iqtisodiyot”ga inklyuziv o‘tishini qo‘llab quvvatlash va iqlimga yo‘naltirilgan qishloq xo‘jaligi bilimlari va innovatsion tizimini rivojlantirish (EU-AGRIN)” loyihasi doirasida amalga oshirildi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Tashrif davomida CREA delegatsiyasi vakillari ishtirokida “Operatsion/innovatsion guruhlar: Yevropa Ittifoqi tajribasiga umumiy nuqtai nazar” mavzusida trening tashkil etildi. Unda Operatsion guruhlarni yaratish va boshqarish bo‘yicha amaliy maslahatlar bilan o‘rtoqlashildi. Aytish joizki, bunday guruhlar qishloq xo‘jaligida iqlim o‘zgarishiga moslashib, uning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan ilmiy-amaliy yechimga ega innovatsion loyihalarni ishlab chiqib, amalga oshiradi va oziq-ovqat sektorini yashil iqtisodiyotga inklyuziv o`tishni ta’minlaydi. Seminarda viloyatlardagi qishloq xo‘jaligiga oid ilmiy-tadqiqot institutlari va ularning ilmiy-tajriba stansiyalari, Farg‘ona, Qashqadaryo va Toshkent viloyat agroxizmatlar markazlari, o‘rta maxsus ta’lim muassasalari vakillari, shuningdek fermer xo‘jaliklari, klasterlar, biznes va NNT vakillari ishtirok etdi.

Italiya Kengashi aʼzolari tashrif doirasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi, yetakchi ilmiy-tadqiqot institutlari, Zangiota qishloq xoʻjaligi texnologiyalari kolleji va Agrar soha ayollari assotsiatsiyasi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuvda yuqorida nomlari keltirilgan idora, tashkilot va muassasalarning faoliyati yaqindan tanishtirildi va sohaga doir muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Unda tashkil etiladigan yangi innovatsion guruhlarda amalga oshiriladigan innovatsion g‘oyalar muhokama qilindi.

Fotosurat: BMTTD O'zbekiston

Xususan, Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti vakillari g‘o‘zaning yangi, serhosil va qurg‘oqchilikka chidamli navlarini navdorlik talablariga mos urug‘larini yetishtirishda zamonaviy resurs tejamkor agrotexnologiyalarni joriy qilish haqida ma’lumot bilan o‘rtoqlashdilar.

Akademik Mahmud Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot instituti olimlari turli tuproq sharoitlariga chidamli mevali daraxtlar va uzumzorlar yetishtirishning innovatsion usullarini joriy etish hamda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy tadqiqot instituti xodimlari resurs tejamkor texnologiyalar yordamida noan’anaviy sabzavot ekinlaridan bamiya va artishok turlarini istiqbolli navlarining birlamchi urug‘chiligini yaratish bo’yicha rejalari bilan o‘rtoqlashishdi.

Uchrashuvda shuningdek Zangiota agrotexnologiya kolleji o‘qituvchilari Toshkent viloyatining qishloq aholisi xonadonlaridagi qoramollar uchun uchun muhim bo‘lgan shoshilinch veterinariya yordamini ko‘rsatish imkonini beruvchi maxsus ko‘chma laboratoriyalar tashkil etishga qaratilgan loyiha haqida so‘z yuritishdi.

O‘simliklarni himoya qilish ilmiy-tadqiqot institutining ilmiy xodimlari esa paxtachilik va meva-sabzavotchilik bo‘yicha bir qator innovatsion guruhlarda ishtirok etishlari haqida ma’lumot berishdi. Agrar soha ayollari uyushmasi vakillari tomonidan qoramolchilikni innovatsion usulda rivojlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va qo‘shimcha qiymat zanjirini yaratish orqali qishloq aholisini turmush farovonligini ta’minlash g‘oyasiga tayangan loyihasiga bag‘ishlangan muhokamalar bo‘lib o‘tdi.

CREA Kengashi a’zolarining so‘nggi uchrashuvi Samarqand viloyat agroxizmatlar markazida (AKIS) bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat agroxizmatlar faoliyati o’rganilib, markaz xodimlari va mahalliy fermerlar bilan CREA va AKIS o‘rtasidagi istiqboldagi hamkorlik ko‘lami muhokama qilindi.